Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma’lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

21:35:14 (GMT +5), payshanba, 16 avgust 2018

Toshkent havo darvozasi yana bittaga ko'payadi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi “Toshkent-Sharqiy aerodrom bazasi asosida zamonaviy fuqarolik  aviatsiyasi aeroport kompleksini qurish to'g'risidagi” qaroriga ko'ra poytaxtimiz va Toshkent viloyati xududida yana bir xalqaro aeroport qurish ishlari boshlandi. Mazkur inshootni qurish, yirik loyihalarni hayotga tadbiq etishda o'ziga xos tajribaga ega “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati zimmasiga yuklatildi.  

Toshkent xalqaro aeroportini qurish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Kompleksning bosh rejasi “Boshtransloyiha” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, bu yo'nalishdagi qator institutlari mutaxassislari o'z ishlanmalari bilan ishtirok etishmoqda. Loyixaga ko'ra,  2 ta terminal bunyod etiladi. Dastlabki, terminal davlat  rahbarlari va rasmiy delegatsiyalarni kutib olish uchun mo'ljallangan.  Bir vaqtning o'zida 250 nafar yo'lovchini sig'dira oladigan navbatdagi terminal ishbilarmon va tadbirkorlarga xizmat ko'rsatadi. Shuningdek, kuniga 50 tonna  yuk tushirish imkoniyatiga ega zamonaviy kargo bo'limni ham qurish ko'zda tutilgan. Bu bunyodkorlik ishlariga “O'ztemiryo'lqurilishmontaj” unitar korxonasi  jalb etilgan.

Har qanday aeroportningeng ahamiyatli hududi uchish-qo'nish yo'laklaridir. Shu bois aeroportning bu qismi qurilishiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Yo'lovchilarning va 
harakat xavfsizligini ta'minlash, samolyot hamda vertolyotlarning erkin parvoz etishida muhim bo'lgan bu  ob'ektning bunyod etilishida jahon tajribasidan keng foydalanilmoqda. Ushbu jarayonga Navoiy erkin industrial-iqtisodiy zonasida joylashgan halqaro aeroportni bunyod etishda ishtirok etgan ishchi-muhandislar jalb etilgan.  

Uzunligi 4 kilometr, kengligi 75 metr bo'lgan zamonaviy uchish-qo'nish yo'laklari bunyod etiladi. Mazkur bunyodkorlik ishlariga “Transyo'lqurilishmaxsuspudrat” MCHJ jamoasi ham qatnashmoqda. Shu kunga qadar bu yerda 139 800 kub metr tuproq ishlari bajarildi. Qurilish-montaj ishlarida 100 dan ortiq maxsus texnikalar va  yana shuncha ortiq ishchi-xodimlar ishtirok etmoqda.     



Kompleks doirasida bir vaqtning o'zida 20 ta samolyotni kutib olish va jo'natishga mo'jallangan perron ham quriladi. Shuningdek, bir qancha qo'riqlash, aloqa va xavfsizlik punktlari ham bunyod etilishi ko'zda tutilgan. Loyiha doirasida  samolyotlarga texnik xizmat ko'rsatish markazi, “Boing-787”,“A-320” samolyotlari hamda 2 ta MI-8 vertolyotlarini saqlash uchun zamonaviy angar, Yong'in xavfsizligi deposi tiklanadi. Shu bilan birga, dispecherlik markazi va 100 nafar yo'lovchiga mo'ljallangan ovqatlanish binosi ham barpo etiladi. E'tiborga molik yana bir jihat mutaxassislar qurilish jarayonida yuk tashuvchi “Boing-787-8” samolyotlari uchun to'xtash maskani ustida ham ish olib bormoqda. Yoqilg'i quyish shaxobchasi, ma'muriyat binosi, yuqori quvvatga ega nim stantsiya va yoritish tizimi ham bir vaqtning o'zida qad rostlaydi.


“O'ztemiryo'lqurilishmontaj” unitar korxonasi quruvchilari vertolyotlar uchun saqlash angarning poydevorida 60 foiz qazish ishlarini yakunladi. 2-terminal binosida 1000 kub metr tuproq ishlari bajarildi. Maxsus mexanizatsiyalashtirilgan yo'l stantsiyasi va “Toshkent mexanika zavodi” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan xalqaro aeroporti hududini temir-beton devorlar bilan o'rab olish ishlari olib bormoqda. 

Qayd etish kerak, loyihaning birinchi bosqichi 2020 yilga yakunlanishi belgilab qo'yilgan. Shu muddatda samolyotlarni qabul qilish, yo'lovchilarga xizmat ko'rsatish ishlarini boshlab yuborish mo'ljallanmoqda

Axborot xizmati


“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko’rinish