Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma’lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

02:45:37 (GMT +5), shanba, 18 avgust 2018

Poytaxt obodligi yo'lidagi bunyodkorlik

Shaharning avtomobil eng ko'p harakatlanuvchi Bunyodkor va Cho'ponota ko'chalari kesishmasida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu yerda “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko'prikqurilish” tresti unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan qisqa fursatda zamonaviy, har tomonlama jahon andozalariga to'la javob beruvchi yirik yo'l o'tkazgich qad rostladi. 

Ma'lumki, Bunyodkor ko'chasi Toshkent shahridagi eng uzun, janubiy va shimoliy qismlarini bog'lovchi, muhim ko'chalaridan biri sanaladi. Shu bois mazkur yo'nalishda muntazam, kunu tun avtomobillar qatnovi amalga oshiriladi. Magistralda yo'l o'tkazgich soni endilikda 10 taga yetdi.

Zamonaviy yo'l o'tkazgichning umumiy uzunligi 667,5 metrni tashkil etadi. Estakada qismining uzunligi 488,5 metr bo'lib, balandligi 8, kengligi esa 24,5 metr. Ulkan inshoot 21 ta ustun oralig'ida barpo etildi. E'tiborlisi, bu yerda piyodalar uchun ham qator qulayliklar ham yaratildi. Xususan, umumiy uzunligi 124 metr bo'lgan ikkita piyodalar o'tish ko'prigi qurildi, shuningdek, yoshi keksa va nogironlar uchun maxsus lift hamda eskalator o'rnatildi. Yangi bunyod etilgan yo'l o'tkazgichning yoritish tizimiga ham alohida e'tibor qaratilgan. Shu bilan birga xuddudda obodonlashtirish ishlari ham olib borildi. Atrof ko'kalamzorlashtirildi, manzarali daraxtlar o'tqazildi. Yo'l o'tkazgichning bosh rejasi “Boshtransloyiha” aktsiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Bunyod etilayotgan inshoot 6 ta yo'lakdan iborat.

 

Yo'l o'tkazgichni bunyod etishda 35707,6 kub metr tuproq, 42602,8 kub metr beton ishlari bajarildi. Qurilish ishlarida 67-, 14- hamda 1-ko'prik qurilish otryadi ishchi-xodimlari mehnat qilishdi. Inshootni bunyod etishda foydalanilayotgan temir-beton konstruktsiyalari trestga qarashli ishlab chiqarish maydonlarida tayyorlandi. Shuningdek, bir qator butlovchi qismlar ham temir yo'l tasarrufidagi sanoat korxonalarida ishlab chiqarildi. Shu bois yo'l o'tkazgich qisqa fursatda sifatli, zamonaviy tarzda bunyod etildi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 29 mart kuni qabul qilgan qaroriga ko'ra Bunyodkor va Kichik xalqa yo'li ko'chalari kesishmasida yo'l o'tkazgich ham rekonstruktsiya qilinmoqda.


Bu yerda ko'priksozlar tomonidan yo'l o'tkazgichning tayanch qismlari va oraliq to'sinlari ta'mirlanib, yoritish tizimlari, xizmat ko'rsatish yo'lakchalari va tashqi ko'rinishi modernizatsiya qilinmoqda. Inshootning texnik holati muntazam muhandislar, mutaxassislar nazoratida. Shu bois bu yerda avtomobillar harakati cheklangan. Zamonaviy qiyofa kasb etishi kutilayotgan har ikkala yo'l o'tkazgichni yaqin kunlarda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

2018 yilda “Ko'prikqurilish” tresti unitar korxonasi tomonidan jami 5 ta ko'prik va yo'l o'tkazgich qurish rejalashtirilgan. Buning uchun esa texnika va texnologiya, yillar davomida orttirilgan tajriba, ko'nikma va malaka ham yetarli. Demak, poytaxtimiz axolisi va mexmonlar yana ko'plab ana shunday muhtasham, bir-biridan ko'rkam inshootlar qulayliklaridan xizmatidan bahramand bo'ladi.

Axborot xizmati

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko’rinish