Zamonaviy vagonlar yo'lovchilar xizmatida

   29-Sentyabr kuni Toshkent-Buxoro-Toshkent yo'nalishida harakatlanadigan “Sharq” tezyurar elektropoyezdida zamonaviy vagonlarda yo'lovchilarga xizmat ko'rsatish boshlandi.


      Shu munosabat bilan “O'zbekiston temir yo'llari” AJ tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun mediatur tashkil qilindi. Unda jurnalistlarga vagonda yo'lovchilarga yaratilgan qulayliklar haqida keng ma'lumotlar berildi. E'tiborli jihati shundaki, ushbu vagonlar Toshkent yo'lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodida modernizatsiya qilingan. Vagonning ichki ko'rinishi, qulayligi xorijnikidan aslo qolishmaydi. Ana shunday vagonlardan iborat bo'lgan “Sharq” tezyurar elektropoyezdida yo'lovchilar Toshkent – Buxoro – Toshkent yo'nalishida 616 km masofani 5 soat 56 daqiqada bosib o'tishadi.


       Mazkur poyezd har kuni Toshkent Janubiy vokzalidan soat 09:13 daqiqa o'tganda jo'naydi va Buxoro temir yo’l vokzaliga 15:09 daqiqa o'tganda etib boradi. E'tirof qilish kerakki, bu poyezd O'zbekistonning 3ta qadimiy shahrini bog'lab turadi. Buxorodan soat 16:03 daqiqa o'tganda jo'nab, soat 22:06 daqiqa o'tganda Toshkentga etib keladi.


      Tadbir davomida ta'kidlanganidek, har bir vagon 48 ta yo'lovchiga mo'ljalangan, soatiga 160 km tezlikgacha harakatlanadi. Sovutish va isitish tizimlariga ega, tashqi shovqindan himoyalangan, ya'ni tashqaridan vagon ichiga shovqin eshitilmaydi. Qo'l yuvish xonasi hozirgacha foydalanib kelinayotgan vagonlarga nisbatan keng. Qulay va xavfsiz vagonlarda sayyohlar uchun barcha qulayliklar mavjud. Hatto, bort kuzatuvchilari bir necha tillarda mukammal so'zlashib, yuqori darajada xizmat ko'rsata oladi.


     Mutaxassislarning so'zlariga qaraganda, bosqichma-bosqich ana shunday vagonlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi. Asosiy maqsad yo'lovchilarning talab va istaklarini to'la qondirish, ularga yo'l davomida sifatli servis xizmatlarini ko'rsatib o'z manziliga etkazib qo'yish.


Axborot xizmati

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI