“O'zbekiston temir yo'llari” AJning quyuv ishlari jurnalistlar nigohida

“O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan OAV xodimlari uchun media-tur tashkil etish yaxshi an'anaga aylangan. Joriy yil boshidanoq bunday say'i-harakatlar boshlab yuborildi. Bu safar jurnalistlar sohaning eng ko'zga ko'ringan ishlab chiqarish maskani “Quyuv mexanika zavodi” sho'ba korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Unda 20 ga yaqin tele- va radio, bosma hamda elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Bular “O‘zbekiston-24”, “Yoshlar”, “UzReport”, “Sevimli”, “Dunyo bo‘ylab” teleradikanali, “Daryo.uz”, “Xabar.uz”, “XS.uz”, “PV.uz”, “Podrobno.uz”, “Turon24” elektron ommaviy axborot vositalari, “ORIAT-dono”, “Mahalla” radikanali hamda “Xalq so'zi”, “Narodonoe slovo”, “Pravda Vostoka” gazetasi vakillari.  


Media-tur belgilangan reja asosida olib borildi. Dastlab jurnalistlar korxonaning quyuv sexiga safar uyushtirishdi. U yerda soha mutaxassislari yig'ilganlarga sexning hozirgi imkoniyatlari, bajarilgan ishlar, texnika va texnologiyalar, galdagi rejalar haqida ma'lumot berdilar. Shundan so'ng media-tur ishtirokchilari quyuv jarayoni va maxsus laboratoriya bilan yaqindan tanishdi.

Ma'lumki, quyuv sexida hozirgi kunda 200 turdan ortiq zarur butlovchi qismlar tayyorlanmoqda. Shu kungacha sohaga kerakli 20 ga yaqin turdagi mahsulotlar maxalliylashtirilgan. Ayniqsa, telejkaning turli extiyot qismlarini ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi va buning uchun halqaro sertifikat qo'lga kiritildi. Yana bir yangilik, korxona tomonidan o'tgan 2018 yilda O'zbekistonda ilk bor telejkalarning tormoz qismlarini  quyuv ishlari ham amalga oshirildi. Shuningdek, temir yo'llarni elektrlashtirish ishlarida foydalanladigan 10 ga yaqin turdagi kerakli ehtiyot qismlar, irrigatsiya va suv xo'jaligida foydalaniladigan 3 tonnalik katta hajmli extiyot qismlari suv ochish va yopish moslamasi ham shu yerda tayyorlanmoqda. Quyuv sexi to'liq avtomatlashtirilgan bo'lib, xorijning “KUNKEL WAGNER”, “OTTO JUNKER”, “NEDERMAN” nomli nufuzli kompaniyalari tomonidan yuqori sifatli va so'nggi rusumdagi uskunalar bilan jihozlangan.

Raqamlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, cho'yan quyish bo'yicha 2018 yilda belgilangan reja 128,1 foizga amalga oshirildi, bu esa 2710,9 tonna deganidir. Po'lat quyish ishlari esa 125 foizga bajarildi.

Tadbir davomida OAV xodimlari yuk vagonlarini ishlab chiqarish sexini ko'zdan kechirishdi. Bu yerda yangi vagonlarni qurish jarayoni, ularni ta'mirlash ishlari, mutaxassislar tomonidan olib borilayotgan izlanishlarning bevosita guvohi bo'lishdi. Ta'kidlanishicha yuk vagonlari ishlab chiqarish belgilangan reja asosida jadal sur'atlarda

amalga oshirilmoqda. 2018 yilda jami 295 ta vagon ishlab chiqarilgan bo'lib, uning aksariyatini yarim usti ochiq vagonlar tashkil etadi. Shuningdek korxonada 581 ta yuk vagoni ta'mirlandi. Joriy yildan boshlab zavodda 24 metr o'lchamga ega fiting platformalarini keng ko'lamda ishlab chiqarish ko'zda tutilgan. E'tiborlisi, o'tgan yil davomida zavod tomonidan 950 ming AQSH dollari miqdorida mahsulotlar eksport qilindi.

Zavodda jami 16 ta sex faoliyat olib borayotgan bo'lib, ularda Germaniya, Belarus va Rossiya davlatidan keltirilgan so'nggi rusumdagi uskunalar o'rnatilgan. Media-tur davomida jurnalistlar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollariga javob olishdi. 

“O'zbekiston temir yo'llari” AJ

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI