“Temiryo'lobod”: El dasturxoni but bo'lishida xizmat qilmoqda

“O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan Xorazm viloyatining Shovot tumanida joylashgan “Temiryo'lobod” chorvachilik va parrandachilik majmuasiga media-tur tashkil qilindi. Jamoa faoliyati, chorvachilik va parrandachilik sohasida erishilayotgan yutuqlarni keng ommaga yetkazish maqsadida majmuaga 20 dan ziyod ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurishdi.


Shuni alohida ta'kidlash joizki, “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati tasarrufidagi chorvachilik va parrandachilikka ixtisoslashgan 5 ta yordamchi xo'jaliklarda bugungi kunda 5 ming 500 dan ortiq qoramol, 60 ming bosh parranda, 500 bosh qo'y va echki, 18 bosh ot hamda tuyalar boqilmoqda. “Temiryo'lobod” chorvachilik va parrandachilik majmuasi, “Gulobod-meva” sabzavot, polizchilik va chorvachilik xo'jaligi, “Sardoba” agrosanoat majmuasi unitar korxonasi, “Navro'z-naslchilik” chorvachilik majmuasi, hamda “Qo'ng'irot-Ustyurt” parrandachilik xo'jaliklarida yetishtirilayotgan go'sht va sut mahsulotlari, tuxum, polizchilik, meva va sabzavotlar temiryo'lchilar bilan bir qatorda mahaliy aholiga ham yetkazib berilmoqda.


Tasarrufdagi eng yirik xo'jalik bu “Temiryo'lobod” chorvachilik va parrandachilik majmuasi hisoblanadi. Majmua 1 ming 119 gektar yer maydoniga ega bo'lib, shundan 950 gektarini ekin maydoni tashkil qiladi.

Xo'jalikda 2018 yilda bug'doy, yangi beda, javdari, makkajo'xori, lavlagi, qovoq hamda boshqa qishloq xo'jalik ekinlari ekilib, yuqori hosil olindi. Shuningdek, 10 gektar maydonda yangi bog' tashkil etildi. Ushbu chorvachilik majmuasida bugungi kunda jami 2 ming 300 boshdan ortiq qoramol mavjud. Bundan tashqari, majmuada 30 ming boshdan ortiq parranda, 170 bosh qo'y va echki hamda 6 bosh ot parvarishlanmoqda. Shuningdek, podada yiliga 5 ming kilogrammgacha sut beradigan sigirlar 80 boshni, 8 ming kilogramdan ortiq sut beradigan sigirlar esa 35 boshni tashkil qiladi. 2018 yil mobaynida majmuadagi sog'in sigirlardan jami 1700 tonnaga yaqin sut sog'ib olindi.

Xo'jalikda o'tgan yili 60 tonnadan ortiq go'sht, 8 million dona tuxum olindi. Ushbu mahsulotlar “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxona va tashkilotlarga, shuningdek, mahalliy aholiga yetkazib berildi. Majmuada 2018 yilda 450 bosh buzoq olindi. Bu 2017 yildagiga qaraganda 110 boshga ko'pdir. Yaqinda chorva majmuasiga Germaniya davlatidan Simmental zotiga mansub 300 bosh qoramol olib kelindi. Hozirda nasldor mollarni iqlim sharoitiga moslashtirish jarayoni ketmoqda.

Ayni kunlarda “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan “Buxoro” mintaqaviy temir yo'l uzeli unitar korxonasi negizida ham ming bosh qoramolga mo'ljallangan yangi chorvachilik majmuasini qurish ishlari olib borilmoqda. Ushbu yangi majmuaga ham xorijdan 300 bosh qoramol olib kelishi rejalashtirilgan.

Albatta, olib borilayotgan bu ezgu ishlar mamlakatimizda qishloq xo'jaligi taraqqiyotiga xizmat qilish barobarida, el dasturxonining to'kis bo'lishini ta'minlashga zamin yaratadi.

Axborot xizmati

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI