Shinam, qulay va zamonaviy metro vagonlar xalq xizmatida

Temir yo'l transportida aholiga sifatli xizmat ko'rsatish eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Yo'lovchi tashish borasida yangi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, shinam va qulay poezdlar harakatini joriy etish, jahon standarlariga to'la javob beradigan vagonlarni ishlab chiqarish bugungi dunyo talablaridan biridir.

Chunki, transport kommunikatsiyasi rivojlangan davlatgina iqtisodiy barqarorlikka erishgan mamlakat hisoblanadi. Shu bois yurtimizda logistika, transport tizimini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, temir yo'l tarmog'ida bu yo'nalishda ulkan hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. 

Xususan, “Toshkent yo'lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yo'lovchi vagonlarini sifatli va zamonaviy tarzda ta'mirlash, har tomonlama jahon standartlariga javob beruvchi yangi vagonlarni ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan. Shuningdek, bu yerda yo'lovchi vagonlari tubdan qayta ta'mirlanadi. Ichki qismi zamonaviy dizayn asosida bezatiladi. Yo'lovchilarga qo'shimcha qulayliklar yaratiladi.



Ma'lumki, zavod 2014-yilda metro vagonlarini ta'mirlash bo'yicha xalqaro sertifikatga ega bo'lgan edi. Bu yo'nalishda korxona mutaxassislari tomonidan bir qator izlanishlar olib borildi. Jumladan, eski metro vagonlari tubdan ta'mirlanib, yangi dizayn asosida o'zgacha qiyofaga olib kelindi. Buning natijasida “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi zamonaviy, keng va yorug' metro vagonlariga ega bo'ldi. Raqamlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, birgina 2018 yilda, temiryo'lchilar tomonidan 6 ta metro poezdi (24 ta vagon) yangidan modernizatsiya qilindi va foydalanishga topshirildi. E'tiborlisi, joriy yilda 7 ta ana shunday poezdni (28 ta  vagon) tubdan ta'mirlash rejalashtirilgan bo'lib, ayni kunlarda 1 ta tarkib (4 vagon) shay holatda va mertopolitenda sinovdan o'tkazilmoqda. Eng muhimi yaroqlilik muddati tugagan vagonlar umri 15 yilga uzaytirilmoqda. 


Quvonarlisi, metro vagonlarini modernizatsiya qilish jarayonida ishlatiladigan butlovchi qismlarning (vagon telejkalari va ichki jihozlar) 30-40%  ushbu zavodning o'zida ishlab chiqarilmoqda. “Toshkent yo'lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2014 dan 2018 yilgacha bo'lgan davrda jami 14 ta metro poezdi ya'ni 56 ta vagon modernizatsiya qilindi.

Axborot xizmati

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI