OAV xodimlari uchun brifing

  • 28.03.2019
  • 6761

Bugun, 28 mart kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati majlislar zalida “Toshkent shahrida Sergeli va Yunusobod metro yo‘nalishlari, poytaxtimiz atrofidagi katta xalqa yo‘li bo‘ylab harakat qiladigan yer usti metrosi qurilish jarayoni, 2018 yil tahlili va 2019 yilda sohada amalga oshiriladigan ishlar” ga bag'ishlab OAV xodimlari uchun brifing o‘tkazildi. 

Unda 20 ga yaqin tele va radio, bosma hamda elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Bular “O‘zbekiston 24”, “MY5”, “Uzreport”, “Sevimli”, “Mahalla”, “Madaniyat va ma'rifat” teleradikanali, “repost.uz”, “xabar.uz”, “xs.uz”, “podrobno.uz”, “gazeta.uz” electron ommaviy axborot vositalari, “ORIAT-dono”, “Mahalla” radikanali hamda “Xalq so‘zi”, “Narodnoe slovo”, “Pravda vostoka” gazetasi vakillari.   

Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari, “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi boshlig'i O.Xudoyqulov yig'ilganlarga bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng ma'lumotlar berdi. 

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda poytaxtimizda metro qurilishi bo‘yicha 3 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ular Sergeli, Yashnobod yer usti xalqa metro yo‘llari hamda Yunusobod yer osti metro qurilishidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 noyabrdagi PQ-2664 sonli qaroriga muvofiq uzunligi 6,8 kilometr bo‘lgan Toshkent metropolitenining Sergeli liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bunyodkorlik ishlari qizg'in olib borilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati – 170,1 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. Mazkur qarorga ko‘ra yangi liniyani 2019 yil oxiriga qadar qurib foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. 

Sergeli metro liniyasi bugungi kungacha Markaziy Osiyoda qo‘llanilmagan butunlay yangicha estakada usulida bunyod etilmoqda. Ya'ni mazkur yo‘l ko‘priksimon tarzda quriladi, poezdlar yer ustida harakatlanadi. “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati tomonidan asosiy loyiha ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra ushbu yo‘nalishdan 6 ta bekat o‘rin olgan. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida “Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasining tajribali mutaxassislari tomonidan ulkan ishlar amalga oshirildi.

Bugungi kunda ushbu hududda 221 ta estakada tayanch ustunlarining loyiha-smeta hujjatlari olindi. 158 ta kotlovanda shag'al tashlash va beton qatlami bilan tayyorlash ishlari tugatildi. 21 ta kotlovanda poydevorning rostverkni betonlash jarayoni amalga oshirildi. Shuningdek, 119 dona rigel montaj qilindi. 296 dona oraliq qurilmalari (balkalar) o‘rnatildi. Poezdlar to‘xtash maskani, ya'ni bekatlar 5 ta vagondan iborat metro poezdiga mo‘ljallanib qurilmoqda. Bekatlar usti yengil metal konstruksiyalaridan ishlangan ark ko'rinishidagi karkasga o'rnatilgan kompozit materialli yopma (naves) bilan yopiladi. Yo‘lovchilarning stansiyaga kirishlari uchun bir tomondan 3 ta eskalator va ikkinchi tomondan imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun lift o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Shu tomonda yana avariya holatlarida foydalanish uchun zinalar o‘rnatiladi. 

“Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining ikkinchi bosqichi qurilishi” loyihasining esa umumiy qiymati – 124,8 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. Barpo etilayotgan yangi yo‘lning umumiy uzunligi 2,93 kilometrdan iborat. Loyiha “Toshkent Metroproekt” MChJ mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra qurilish ishlari joriy yilda to‘la nihoyasiga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu yo‘nalishda bekatlar soni 2 ta (Yunusobod va Turkiston) bo‘lib, ularning o‘rtacha oralig'i 1,43 km. Platformalarning uzunligi 102 metrni tashkil etib, elektropoezdlar ikki tomonlama harakatlanadi. 

Turkiston va Yunusobod bekatlari oralig'ida (peregon) tonnelning tanasini (telo) qurish va Turkiston stansiyasida qayta chiqish (oborotniy sezd) va tupiklarini qurish bo‘yicha ochiq usulda ishlar olib borilmoqda.

Ushbu liniyaning yopiq qismida qurilish ishlarini olib borish uchun Germaniyaning «HERRENKNECHT» kompaniyasidan keltirilgan gorizontal burg'ulash uskunasi yordamida 1012 metr burg'ulash ishlari amalga oshirilib, 675 ta xalqa (tyubing kolso) o‘rnatildi. Yopiq usulda qazish ishlarini olib borish uchun 25-shaxta kotlovani va unga tutash bo‘lgan yana 40 metr uzunlikdagi kotlovan devorlarini mustahkamlash uchun 56 ta temir-beton qoziqlari o‘rnatildi. Shuningdek, 24-shaxta kotlovani va unga tutash bo‘lgan yana 120 metr uzunlikdagi kotlovan qazish ishlari olib borilmoqda.

3-loyiha bu yer usti metro xalqa yo‘li qurilishi bo‘lib, uning umumiy uzunligi 54,8 kilometrni tashkil etadi. 2017-2021yillarga mo‘ljallangan loyiha olti bosqichda amalga oshiriladi. Rejaga ko‘ra ushbu metro liniyasida 35 ta bekat quriladi. 

Dastlabki bosqichda Toshkent metropolitenining “Do‘stlik” bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan (11 km.) 8 ta bekatdan iborat qismi quriladi. Keyinchalik, u “Olmazor”, “Beruniy”, “Bodomzor” hamda “Tuzel`” bekatlari orqali yana “Do‘stlik” bekatiga tutashtirilib, yaxlit metro xalqasini tashkil etadi. Bundan tashqari 2 ta vagon deposi qurish ham rejalashtirilgan. Loyihaga ko‘ra, mazkur metro yo‘li Yashnobod, Uchtepa, Olmazor, Yunusobod, Chilonzor va Sergeli tumanlari hududidan o‘tadi.

Ayni paytgacha bu yerda 396,5 ming kub metr tuproq, 44 200 kub metr beton ishlari bajarildi. Do‘stlik bekatidan metropolitenning “O'zbekiston” deposigacha 204 metr tonnel qazildi. Temiryo‘lchilar tomonidan Do‘stlik, Tuzel, G'alabaning 40 yilligi, Guzar bekatlarida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. 

Axborot xizmati

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI