Sayyohlar uchun zamonaviy avtotransportlar

Toshkent-Janubiy temir yo'l vokzalida “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan yo'lovchilarga sifatli xizmat ko'rsatishni yanada rivojlantirish maqsadida xarid qilingan zamonaviy avtotransport vositalarining taqdimoti bo'lib o'tdi.
            
Unda ommaviy axborot vositalariga 51 o'rinlik 1 ta “Mercedes-benz Tourismo” va 30 o'rinlik 2 ta “Isuzu HD 50” rusumli avtobuslar hamda 11 o'rinlik 3 ta “Hyundai H-1” rusumli mikroavtobuslarning qulayliklari tanishtirildi.  


Ma'lumki, yurtimizda turizmni yanada rivojlantirish, diyorimizga kelayotgan sayyohlarga yetarlicha servis xizmatlarini ko'rsatish borasida bir qator ishlar amalga oshirilayapti. Bu borada “O'zbekiston temir yo'llari” AJ qarashli “O'ztemiryo'lyo'lovchi” AJ tomonidan ham samarali ishlar qilinmoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda yil davomida o'tkaziladigan bayramlar arafasida aholining maroqli hordiq chiqarishlari, yurtimizning tarixiy shaharlariga sayohatlar uyushtirishlariga imkoniyat yaratish maqsadida imtiyozli chiptalar joriy qilinib kelinmoqda. Sayyohlar va yo'lovchilar dam olishlari uchun Andijon, Buxoro, Samarqand, Urganch, Xiva, Nukus, Qarshi, Termiz, Toshkent janubiy temir yo'l vokzallarida zamonaviy mehmonxonalar, kutish va yuqori darajada xizmat ko'rsatish zallari hamda namozxona,  kutubxona, shuningdek, turli xil savdo shaxobchalari tashkil etilgan. 

Mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida yo'lovchilarga zamonaviy va sifatli xizmat ko'rsatish, qo'shimcha qulayliklarni yaratish uchun “O'ztemiryo'yo'lovchi” AJ tomonidan yangi rejalar ishlab chiqilgan bo'lib, unga ko'ra 2019 yilning yakuniga qadar bosqichma-bosqich o'ndan ziyod zamonaviy avtotransport sotib olish ko'zda tutilgan. Endilikda Toshkent shahriga sayohatga keladigan yo'lovchilar o'zlarining xududlaridagi vokzallarga borib oldindan buyurtma berishsa, ular Toshkentga yetib kelguniga qadar buyurtmalari asosida zamonaviy avtotransport vositalari tayyor qilib qo'yiladi. Ushbu transport vositalarida nafaqat Toshkent shahri, balki Toshkent viloyatining so'lim go'shalariga ham sayohat qilishlari mumkin. Keyingi bosqichda xarid qilinadigan ana shunday zamonaviy avtotransportlar, qadimiy shaharlarimizdagi vokzallarda ham sayyohlarga xizmat ko'rsatadi. 

Albatta, har qanday yo'lovchi zamonaviy vagonlarda yurishni xohlaydi. Shularni inobatga olib, joriy yil oxirigacha “Toshkent yo'lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi” AJ dan 50 ta barcha qulayliklarga ega vagon xarid qilinishi ko'zda tutilgan. Bu ham ko'rsatiladigan servis xizmatlar sifatini yanada oshirishga imkon yaratadi. Taqdimot marosimida “O'ztemiryo'lyo'lovchi” AJ tomonidan kelajakda poytaxt hamda viloyat markazlaridagi temir yo'l vokzallarida taksi xizmatlarini yo'lga qo'yish ko'zda tutilganligi haqida ham keng ma'lumotlar berildi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari Toshkent janubiy temir yo'l vokzalida yo'lga qo'yilgan servis xizmatlari, jumladan, zamonaviy chiptaxonalar, mehmonxona, ona bola xonasi, yuqori darajada kutish zali, namozxona, kutubxona, ovqatlanish va savdo shaxobchalari bilan yaqindan tanishdilar.  


Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI