Transport vazirligi: Brifing tafsilotlari

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan “Avia va avtomobil` transporti infratuzilmasini, shu jumladan, jamoat transportini yanada rivojlantirish strategiyasi» mavzusida brifing o'tkazildi. Unda “O'zbekiston temir yo'llari” AJ faoliyatiga ham alohida to'xtalib o'tildi.

Keyingi yillarda “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan transport sohasidagi xizmat ko'rsatish darajasi va sifatini oshirish maqsadida harakatlanadigan tarkibni zamonaviy, yuqori samarali lokomotiv va qulay vagonlar bilan ta'minlash va modernizatsiya qilish ishlariga alohida e'tibor berilmoqda. Xususan, yo'lovchi va yuk tashish yo'nalishlarini rivojlantirish uchun 2017-2018-yillar davomida 13 ta yuk elektrovozlari, yuqori tezlikda harakatlanuvchi 2 ta “Talgo-250” rusumli yo'lovchi elektropoezdlari sotib olindi. 1870 dan ortiq yuk vagonlari va 33 ta yangi yo'lovchi vagonlari ishlab chiqarildi, 83 ta lokomotiv sektsiyalari kapital ta'mirlandi, 6 177 ta yuk vagonlari modernizatsiya qilindi va 476 km. uzunlikdagi temir yo'llar rekonstruktsiya qilindi.

Ta'kidlanishicha, 2019-yilgi investitsiya dasturiga muvofiq “O'zbekiston temir yo'llari” AJ tomonidan qiymati 512,19 mln.dollar bo'lgan 23 ta investitsiya loyihalari doirasida 1200 ta yuk va 50 ta yo'lovchi vagonlarini ishlab chiqarish, 26 ta lokomotiv sektsiyalarini kapital 
ta'mirlash, 2 500 ta yuk vagonlarini modernizatsiya qilish va 180 km. uzunlikdagi temir yo'llarni ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi.

2025-yilga qadar “O'zbekiston temir yo'llari” AJ ga qarashli zavodlarda 7 300 ta yuk va 200 ta yo'lovchi vagonlarini ishlab chiqarish, 6349 ta yuk vagonlarini modernizatsiya qilish, 4 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoezd, 12 ta shaharlararo qatnovchi elektropoezd, 47 
ta elektrovoz va 42 ta manyovr lokomotivlarini sotib olish, 1 360 km temir yo'lda kapital ta'mir, magistral aloqa liniyalarini modernizatsiya qilish hamda uzunligi 1079 km bo'lgan temir yo'llarni elektrlashtirish ko'zda tutilgan. Shuningdek, temir yo'llarida tashilayotgan yo'lovchilar oqimini ko'paytirish maqsadida yangi yo'nalishlarda qatnovlarni joriy etish belgilangan. Jumladan, Salar – Xo'jakent temir yo'l uchastkasini modernizatsiya qilib tezyurar yo'lovchi poezdlari qatnovini tashkil etish, qolaversa,  shaharlararo yo'lovchi poezdlarining qatnovini yo'lga qo'yish, jumladan 65 km uzunlikdagi Andijon – Savay – Xonobod temir yo'l uchastkasini modernizatsiya qilish ko'zda tutilgan. Xavfsizlikni ta'minlash va yuqori ish samarradorligiga erishish maqsadida yo'lovchi va yuk poezdlari qatnovi amalga oshiriladigan yo'llarni bir-biridan ajratish maqsadida Toshkent va Samarqand (300 km), Navoiy hamda Buxoro (96 km) shaharlarini bog'lovchi yangi yuqori tezlikdagi poezdlarning harakatlanishiga mo'ljallangan ikki yo'lli temir yo'l liniyasini qurish rejalashtirilgan. 

Brifingda Transport vazirining birinchi o'rinbosari Ilhom Mahkamov ishtirok etdi. 

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI