“O'zbekiston temir yo'llari” AJ oromgohlari haqida

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Andijon viloyati Xonobod shahriga qilgan tashrifi doirasida bergan topshirig'iga hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 iyuldagi qaroriga asosan “2017-2019 yillarda Andijon viloyatining Xonobod shahrini ompleks rivojlantirish chora-tadbirlari” dasturi ishlab chiqilgan edi. 

Unga ko'ra “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati rahbariyatining buyrug'iga ko'ra, “Qo'qon mintaqaviy temir yo'l uzeli” unitar korxonasi hamda “Andijon mexanika zavodi” sho''ba korxonasi tomonidan 2017-2019 yillar davomida oromgohni to'liq rekonstruktsiya qilish ishlari bajarildi. O'tgan vaqt davomida temiryo'lchilar tomonidan bu yerda keng ko'lamli ta'mirlash ishlari olib borildi, oromgoh to'liq qaytadan bunyod etildi. Unga ko'ra bir qavatli beshta bino, 40 o'rinlik yotoqxona, oshxona, ma'muriy bino xamda tibbiy ko'rik xonasi qayta qurildi. Shuningdek, ota-onalar uchun alohida xona, kir yuvish binosi, amfiteatr, ikkita ochik suv xavzasi, yuvinish uchun maxsus xonalar, kirish-chiqish nazorat punkti, turli xildagi o'yin maydonlari, dam olish besedkalari, fontan, suv tozalash inshooti, oltita ma'naviyat va marifat xonasi, kutubxonalar bilan ta'minlanib, oromgoh zamonaviy ko'rinishga keltirildi. Mazkur oromgoh faqat birinchi mavsumida o'z bag'riga 200 nafar bolajonlarni qabul qildi. 


Shu o'rinda ta'kidlash joiz, “O'zbekiston temir yo'llari” AJ tasarrufidagi “Qibray”, “Yangi Avlod”, “Burchimulla”, “Do'stlik”, “Temiryo'lchi”, “Koinot”, “Olovuddin” bolalar sog'lomlashtirish oromgohlarida hamda Qo'ng'irot sanatoriy-profilaktoriysida yoz mavsumida temiryo'lchi farzandlarini sifatli sog'lomlashtirish va maroqli dam oldirishini ta'minlash maqsadida keng ko'lamdagi ishlar olib borildi. Jumladan, bolalarning dam olishini tashkil etish va sog'lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni ta'minlash bo'yicha Respublika Muvofiqlashtiruvchi guruhi tomonidan oromgohlarda eng avvalo bolalar xavfsizligini ta'minlash, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni uzluksiz ravishda yetkazib berish, ularning sanitariya-gigiena talablariga javob berishi ham qat'iy nazoratga olingan, malakali kadrlarni jalb etish va oromgohlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.

Bolalar dam olish maskanlarida maxsus ishlab chiqilgan tavsiyalar, uslubiy-qo'llanmalar, bolalar uchun mo'ljallangan fil`mlar, qo'shiqlar va she'rlar to'plamidan iborat kompakt-disklar, madaniy-ma'rifiy va sport tadbirlari uchun stsenariylar to'plamidan iborat kitoblar bilan ta'minlandi. Tizim tasarrufidagi barcha bolalar sog'lomlashtirish oromgohlarida yoz mavsumida 8 ming nafar, 7 yoshdan 14 yoshgacha bo'lgan temiryo'lchi farzandlarini sog'lomlashtirilishini  tashkil etilishi belgilangan bo'lib,  hozirdanoq,  uni samarali o'tkazish yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilayotir.

Mavsumning birinchi navbatida qariyib 1,950 nafar, ikkinchi navbatida 2,190 nafar, uchinchisida esa 2,170 nafar bolalar  hordiq chiqarishlari uchun sharoit yaratildi. So'nggi to'rtinchi navbatida 1,190  bolalarning  dam olishlari rejalashtirilmoqda. 

Joriy yilda ham odatdagidek, yoz mavsumi davomida mehribonlik uylari, maxsus maktab-internat tarbiyalanuvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarini bepul sog'lomlashtirish rejalashtirilgan bo'lib, “Qibray” bolalar sog'lomlashtirish oromgohlarining 1-mavsumida 23-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining va 3-mavsumga esa ijtimoiy muhofazaga muhtoj oila farzandlariga bepul yo'llanmalar ajratildi.

Shu kunlarda orol bo'yi mintaqasidan 500 nafardan ziyod o'g'il-qizlar ham bolalar sog'lomlashtirish oromgohida hordiq chiqarib, sog'liklarini tiklash maqsadida Toshkent janubiy temir yo'l vokzalida kutib olingan. Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan kelgan bolajonlar vokzalning o'zida "O'zbekiston temir yo'llari"AJ ga qarashli Yo'l bolalar shifoxonasi shifokorlari tomonidan tibbiy tekshiruvdan o'tkazildi. Shundan so'ng zamonaviy avtobuslarda "Qibray" bolalar sog'lomlashtirish oromgohiga olib borildi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI