Bayram tabrigi

Hurmatli hamkasblar!

Sizlarni va Sizlar orqali jamoa a'zolaringizni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tashkil topganligining 26 yil to‘lishi munosabati bilan jamiyat rahbariyati va o‘z nomimdan samimiy tabriklab, barchangizga chuqur hurmat va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

1994 yil 7 noyabrda O‘zbekiston hududida joylashgan O‘rta Osiyo temir yo‘llari bo‘linmalari negizida “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasi tashkil etilgan edi.

Tashkil etilgandan buyon o‘tgan davrda erishgan eng katta tarixiy yutug‘imiz bu mamlakatimizning barcha hududlarini ishonchli va samarali bog‘laydigan, xalqaro transport tarmoqlariga chiqishni ta'minlaydigan, mustaqil, yagona va yaxlit temir yo‘l transporti tizimi barpo etilganidir.

Dunyo boshiga tushgan koronavirus pandemiyasi sharoitida ham Temiryo‘lchilar o‘zining zimmasiga yuklatilgan vazifalar va rejalangan loyihalarni mashaqqat bilan amalga oshirishni davom ettirishmoqda.

Toshkent metropoliteni rivojini yanada yuqori darajaga ko‘tarish maqsadida qabul qilingan qator muhim qaror va farmoyishlar asosida Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishi ikkinchi bosqichi foydalanishga topshirildi, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan yer usti halqa metro liniyasi qurilishinining birinchi bosqichi nihoyasiga yetkazildi, Sergeli yo‘nalishining qurilishi jadallik bilan olib borilmoqda.

O‘zbekiston temiryo‘lchilari Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati Spitamen tumani hududida 630 o‘quvchi o‘ringa mo'ljallangan umumta'lim maktabining bino va inshootlari kompleksini qurib, jihozlab berdi.

G‘oyat mas'uliyatli va sharafli kasbimiz bilan fidokorona mehnat qilib, shinam uy-joylar, uzog‘imizni yaqin qiladigan ravon yo'l va ko‘priklar, madaniyat va sport maskanlari, obod shahar va qishloqlar yaratishdagi hissamiz Davlatimiz rahbari tomonidan e'tirof etilayotganligini faxr bilan ta'kidlamoqchiman.

Bugun bizlarning oldimizda xalqimizning yuk va yo‘lovchi tashishga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish bilan bir qatorda, hududlarning iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, boy mineral-xom ashyo resurslarini kompleks o‘zlashtirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va fuqarolarimizning bandligini ta'minlash, tarmoq korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlash, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining ko‘mir mahsulotlariga tobora o‘sib borayotgan ehtiyojini to‘liq qondirishga yo‘naltirilgan investitsiyaviy loyihalarni amaliyotga tatbiq etish kabi muhim ustivor vazifalar turibdi.

Ishonchimiz komilki, 86 mingdan ortiq yuqori malakali muhandis-texnik xodimlarni, mutaxassislarni, temiryo‘lchilarni, mashinistlarni, ishlab chiqarish, loyihalash va qurilish korxonalari, ijtimoiy infratuzilma ob'ektlarining ishchi va xizmatchilarini birlashtirgan mehnat jamoasi, hech shubhasiz, bu vazifalarning mohiyatini chuqur his etadi va bu yo‘lda bilim, malaka va kuch-g‘ayratini ayamaydi.

Hurmatli temiryo'lchilar!

Sizlarni bayram bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda va shaxsiy hayotingizda yutuq va omadlar, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilab, sizlarni yana bir bor jamiyatimiz tashkil topilganligining 26 yilligi bilan tabriklayman! 

“O‘zbekiston temir yo‘llari”
aksiyadorlik jamiyati
boshqaruvi raisi v.b.
X.N.Xasilov

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI