Bayram tantanalari munosib nishonlandi

To'liq qayta ta'mirlanib, ko'rkam holatga keltirilgan Markaziy temiryo'lchilar madaniyat saroyida temiryo'lchilar kasb bayramining asosiy tantanalari bo'lib o'tdi. Bayram nafasi ufurib turgan saroy hududida o'zbek milliy cholg'ulari karnay-surnay sadolari ostida tantanavor kutib olingan mehmonlar bilan shahrimizning eng chiroyli maskaniga aylangan Markaziy temiryo'lchilar madaniyat saroyi soha xodimlari bilan to'ldi.

Bayram tadbirida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari – Transport vaziri A.Ramatov, “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati boshqaruvi rasi X.Xasilov hamda Toshkent shahar hokimi J.Ortiqho'jaev ishtirok etdi. 

Bayramda shuningdek, hukumat a'zolari, tarmoq rahbarlari, soha xodimlari, nafaqadagi temiryo'lchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari mehmon bo'lishdi. Tadbirda A.Ramatov so'zga chiqib, bayram munosabati bilan ko'p ming kishilik temiryo'lchilarni muborakbod etib, ularga sihat-salomatlik, soha taraqqiyoti yo'lida katta muvaffaqiyat tiladi. Erishilgan yutuqlar haqida gapirar ekan, oldimizda turgan asosiy vazifalarni bajarishda yanada mas'uliyat bilan, fidoyilik bilan harakat qilish lozimligini bugun davrning o'zi taqozo etayotganini alohida aytib o'tdi. 

–Temir yo'l transporti mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun eng muhim sohalardan biri, uni yanada rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni hayotga tadbiq etish uchun malakali mutaxassislar ham, eng zamonaviy va qudratli texnikalar ham mavjud va ulardan unumli foydalanish zarur, – dedi A.Ramatov. – Temiryo'lchilarimiz tomonidan poytaxtimizda bunyod etilayotgan yangi metro liniyalari va Sharqiy aeroport kabi yirik loyihalarni qurib bitkazishda katta muvaffaqiyat tilayman. Soha xodimlari oldida temir yo'l uchastkalarini elektrlashtirib, yuqori tezlikda harakatlanadigan poezdlar qatnovini yanada ko'paytirish va uzoq masofalarga olti, olti yarim soatda yetkazib qo'yish imkoniga ega poezdlar va uchastka yo'llarini tashkil etish vazifasi turibdi. Undan tashqari kelgusida Afg'oniston Islom Respublikasida yangi temir yo'l liniyalarini qurish, “Andijon – O'sh – Qashg'ar” yangi temir yo'l uchastkasi kabi yirik loyihada ishtirok etib,  mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti uchun o'ta muhim bo'lgan ob'ektlarni bunyod etish kabi o'ta mas'uliyatli bunyodkorlik ishlarini sifatli bajara olishlariga ishonaman. Kelajakda mamlakatimiz temir yo'l sohasini yanada rivojlantirish, jahon talablariga moslashtirish uchun bugun sohada faoliyat ko'rsatayotgan yosh mutaxassislarimizni temir yo'l sohasining kuchli yo'nalishlarida Yevropa va Yaponiya kabi temir yo'l transporti rivojlangan davlatlarda o'qib, malaka oshirishlarini ta'minlashimiz zarur. Buning uchun qancha mablag' ketsa sarflash zarur. 

Bayram tadbirida Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo'jaev ham so'zga chiqib, temir yo'l sohasi xodimlarining matonatli mehnati har bir soha xodimlari uchun ibrat bo'lib kelayotgani, bu kasb egalari og'ir sharoitlarda ham, tog'li va  cho'l hududlarida ham mehnat qilib, yurtimiz transport sohasini rivojlantirishda katta hissa qo'shayotganini aytib o'tdi. 

– Toshkent shahrini iqtisodiy yuksalishida temiryo'lchilarning o'rni yuksak darajada. Chunki poytaxtimizda soha xodimlari tomonidan katta ishlar qilinmoqda, – dedi J.Ortiqxo'jaev. – Bunda yer usti va yer osti metro liniyalarini qurilishi, yangi yo'l o'tkazgich va ko'priklarni bunyod etish va zamonaviy dam olish bog'larini barpo etishda bu kasb egalari tom ma'noda ibrat va matonat ko'rsatishmoqda. 

Marosimda X.Xasilov kasb bayrami bilan 100 ming kishilik temiryo'lchilarni tabriklab, sohada amalga oshirilayotgan bunyodkorliklar, yangi rejalar haqida ham atroflicha ma'lumot berdi.

– Yo'lovchilarga sifatli va ishonchli xizmat ko'rsatishni yanada rivojlantirish maqsadida rejaga ko'ra Ispaniya davlatidan 2 ta yangi va eng zamonaviy hamda so'nggi rusumdagi “Talgo” elektropoezdlari xarid qilinadi, – dedi X.Xasilov. – Shuningdek, 2020 yilning so'nggiga qadar  4 ta 2 qavatlik poezd va 25 ta elektrovoz olib kelinishi rejalashtirilgan. Elektrovozlar Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasidan keltiriladi. Natijada 2020 yil oxiriga qadar mamlakatimiz temir yo'l uchastkalari to'liq elektrovozlar bilan ta'minlanadi. Soha xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida gapiradigan bo'lsak, rejaga ko'ra Sergeli va Qo'yliq yer usti metrosining bir qismi joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi ko'zda tutilgan.

Tadbirning rasmiy qismi yakunlangach, bayram dasturi boshlandi. El suygan san'atkorlar va Markaziy temiryo'lchilar madaniyat saroyi havaskorlik to'garaklari qatnashchilari ishtirokida katta kontsert dasturi bayramga o'zgacha fayz va shukuh bag'ishladi. Ayniqsa barcha kuy qo'shiqlar, musiqa-orkestr jo'rligi hamda taniqli san'atkorlar faqat jonli ijroda qo'shiqlar kuylashdi. 

Saroy tashqarisida ham soha xodimlari va ularning oila a'zolari, farzandlari uchun bayram sayli tashkil etilib, kuy qo'shiqlar yangradi. Temir yo'l qishloq ho'jaligi majmualarida yetishtirilgan meva-sabzavot va poliz mahsulotlari ko'rgazmasi tashkil etildi. O'zbek milliy taomlari ham tayyorlanib, arzon narxlarda mehmonlarga taklif etildi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI