“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning rasmiy bayonoti

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzurida tashkil etilgan shtabda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Bosh boshqarmasi boshlig'i U.N.Ibragimov ishtirok etib tadbirkorlardan kelib tushayotgan navbatdagi murojaat va dolzarb savollarga javob berdi.

Brifing doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan yuklarni eksport-import va tranzit tashish  ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu boradagi ishlar tadbirkorlar hamda eksportyorlarga sharoit yaratish uchun jadal rivojlantirib borilayotgani alohida ta'kidlandi. Ma'lumki bugungi kunda avto va havo qatnovlari deyarli amalga oshirilmayotgan bir vaqtda, dunyo temir yo‘llari zimmasiga katta ma'suliyat yuklatilmoqda. Shu bois, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan mamlakatning eksport mahsulotlarga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotini o‘z manzillariga yetkazib berishida ko‘maklashish uchun qilinayotgan say-harakatlar sarhisobi haqida ham ma’ruzada to‘xtab o‘tildi. Jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda meva-sabzavotlar, go‘sht kabi tez buziladigan mahsulotlning eksporti uchun mo‘ljallangan refrijeratorli vagonlar mavjud bo‘lib, bir vagon sig‘imi 45 tonnaga yetishi to‘g‘risida ma'lumot berildi. Shuningdek, mavjud  refrijerator vagonlarda bir vaqtning o‘zida 47.000  tonna yuklarni, ya'ni bir oyda o‘rtacha 140.000 tonnadan ortiq yuklarni tashish imkoniyati mavjud. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning refrijerator vagonlarda yuk tashish uchun amaldagi tariflarga 50 foizdan 70 foizgacha chegirmalar taqdim etganligi, mahsulotlarni refrijerator vagonlarga yuklash uchun imtiyozli muddat 1 sutkadan 4 sutgagacha belgilangani tadbirkorlar, dehqon va fermer xo‘jaliklarga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.

Bu borada “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan yurtimizning eksport yuklarini tashish 13 ta yo‘nalishlar (koridor) bo‘yicha amalga oshirilib, xorijiy mamlakatlarning 20 dan ortiq portlariga  yetkazib borilmoqda. Koronovirus pandemiyasi tufayli Turkmaniston - Eron yo‘nalishidagi temir yo‘l orqali harakatlanish vaqtincha cheklanganligi sababli, Qozog‘istonning Aktau va Eronning Amirobod portlari orqali boradigan yo‘nalishlarda eksport-import yuklarni yetkazib berish ishlari tashkillashtirilmoqda. Hozirgi vaqtgacha ”O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ g‘arbiy yo‘nalish bo‘yicha - Moskva, Riga, Minsk, Brest, Odessa va sharqiy yo‘nalish – Rossiyaning Vladivostok, Naxodka, Qozog‘istonning – Dostik, Hargos hududlari va portlarigacha eksport tashuvlarini jadal sur'atlarda, mijozlarga qulaylik yaratgan holda amalga oshirib kelmoqda. 


Shuningdek, Transkavkaz koridori bo‘ylab Qoraqalpog‘iston orqali Qozog‘istonning Aktau, Ozarbayjonning Boku portlari yo‘nalishi bo‘yicha Gruziyaning Poti va Turkiyaning Istanbul hamda Mersin portlariga multimodal yuk tashuvlari hamda Turkmaniston bo‘ylab Turkmanboshi porti – Alyat porti – Axalkalaki – Derindje (Sofiport) orqali Istanbulga yuklarni yetkazishni amalga oshirmoqdamiz.

Yuqoridagi yo‘nalishlar bizga qo‘shimcha Qoradengiz va O‘rta yer dengizi portlariga yuk tashish imkonini bermoqda. Bu yo‘nalishda mart oyining so‘ngi kunlari va aprel oyining boshida yuborilgan 3 ta  konteyner poyezdi  Turkiyaga yetib bordi. Bunda, Poti portiga qadar bo‘lgan masofa 2667 km, Istanbulgacha 3774 km bo‘lib, yuklarni yetkazib berish muddati o‘rtacha 14 sutkani tashkil qilib, yuk tashish narxi avtomobil transporti bilan raqobatlasha oladigan shafof ta'rif bo‘yicha belgilandi, ta'riflar va imtiyozlar bo‘yicha to‘liq ma'lumotni rasmiy veb-saytimiz – www.railway.uz dan olishingiz mumkin. Shu yo‘nalishda, konteynerlarda yuklarning eksporti tez va sifatli bo‘lib, ayniqsa to‘qimachilik mahsulotlari uchun so‘rovning keskin ortishi kutilmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiadorlik jamiyati natijalarini o‘rganib chiqib, 2020 yil uchun rejalar belgilandi. Bunda temir yo‘l orqali tashilayotgan eksport hajmi birinchi chorakda, hamda aprel oyining birinchi o‘n kunligida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12% dan oshgan. Yuk tashish tezligini oshirish uchun 1 apreldan mijozlar va bojxona bo‘linmariga “Qanday yuk kelayotgani haqida oldindan ogohlantiruvchi” tizimni mamlakatimiz hududida ham yo‘lga qo‘yilgani haqida ma'lumot bergan edik. Tashuvlar bilan bog‘liq masalalar va murojatlarni hal etish uchun  “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiadorlik jamiyati Logistikani rivojlantirish va raqamlashtirish bosh boshqarmasi tomonidan Telegram messenjerida +998 90 938-40-00 raqam orqali o‘z ishini boshlagan bo‘lib, kelib tushayotgan har bir murojaatni temir yo‘l mutaxassislari tomonidan ijobiy hal qilish uchun ish olib borilmoqda.

Brifingda yurtimizning tadbirkorlaridan kelib tushayotgan dolzarb savolar bo‘yicha quyidagicha javob berildi: 

1.  Vagonlarni shahobcha yo‘llariga olib kirish va olib chiqish, umuman vagonga buyurtma berish haligacha elektron tarzda yo‘lga qo‘yilmagan, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berishingizni so‘raymiz.

-  Bu boradagi qilinayotgan ishlarimizni hozirgi kunda davom ettirilmoqda, tasdiqlangan grafik bo‘yicha axborot-komunikatsiya texnologiyalari va temir yo‘l mutaxasislaridan iborat ishchi guruh xorijda rivojlangan elektron dasturlarni o‘rgangan holda milliy dastur asosida ish olib bormoqda, tez kunda ushbu dastur ishga tushiriladi. 

2.  Vagonlarni yetkazib berish, tozalash hamda stansiya xizmatlari uchun yig‘iladigan to‘lovlar bekor qilinishi, yuklarni poyezdga yuklash uchun imtiyozli muddat 1 sutkadan 4 sutgagacha qilib belgilangani barcha vagonlar uchunmi?

-  Yo‘q bu chegirma va imtiyozlar meva-sabzavot mahsulotlari kabi tez buziladigan yuklarning faqat refrijeratotorli vagonlarda eksporti uchun tadbiq etilgan.

3.  Eronga tashilishi kerak bo‘lgan yuklar oldin asosan avtotransportlarda yetkazilar edi hozirgi kunda koronovirus pandemiyasi sababli Turkmaniston – Eron yo‘nalishida harakatlanish vaqtincha cheklanganligi tufayli bu boradagi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati qanday ishlar olib borayotganligi haqida ma'lumot bersangiz.

-  Yuqorida aytib o‘tganimdek koronovirus pandemiyasi tufayli Turkmaniston – Eron yo‘nalishida harakatlanish vaqtincha cheklanganligi sababli, Qozog‘istonning Aktau va Eronning Amirobod portlari orqali boradigan yo‘nalishlarda eksport yuklarni yetkazib berish ishlari tashkillashtirilmoqda. Bundan tashqari Telegram messenjeri orqali tadbirkorlarimizdan Ozarbayjon Respublikasiga keramika plitalarini yetkazib berish va Iroq davlatiga no‘xat mahsulotini eksport qilish bo‘yicha buyurtmalar kelib tushgan, hozirgi vaqtda bu yangi yo‘nalishlarda ham avtotransport bilan raqobatlasha oladigan ta'rif bo‘yicha tashishlarni tashkil etish uchun muzokaralar olib bormoqdamiz va tez kunlarda bu yuklarni manziliga yetkazish bo‘yicha qilingan ishlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ommaga taqdim etamiz.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI