Оna tilmizni sof holda avlodlarga qoldiraylik!

Har qaysi xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati uning tilida o‘z ifodasini topadi. “Til – millat ko‘zgusi”, deb bejiz aytilmagan. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi, ko‘hna va serqirra madaniyati o‘zbek tili ta'sirida shakllangan. Ulug‘ shoirimiz Alisher Navoiy shu tilda bebaho asarlar yaratib, dunyoni lol qoldirgan. 


Dunyo xalqlarining ko‘pchiligi o‘z milliy mustaqilligi uchun kurashni o‘z ona tiliga davlat tili maqomini berish uchun kurashishdan boshlagan. Shuningdek, bizning ona tilimizga ham davlat tili maqomi mamlakatimiz mustaqillikni qo‘lga kiritmasidan avval, 1989 yil 21 oktyabrda berilgan edi. O‘tgan 30 yil mobaynida yurtimizda davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Lug‘atlarimiz boyitildi – tilimizga yangi so‘zlar kirib keldi, eskilari tiklandi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlar va qarorlar o‘zbek tilida yozildi. Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi joriy etildi. Ana shunday islohotlar natijasida o‘zbek tili davlat tili milliy madaniyat va ma'naviyatni ifodalovchi hamda ularni kelajak avlodga yetkazuvchi muhim muloqot vositasiga ko‘tarildi. O'zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzi oshib, faol muloqot vositasiga aylandi. 

Turli darajadagi rasmiy uchrashuvlar, muzokaralarda tilimiz keng qo‘llanildi, xorijdagi ko‘plab universitetlar, ilmiy muassasalarda o‘zbek tili markazlari tashkil etilib, ularda ona tilimizni o‘rganishga qiziquvchilar safi ortdi. Ammo ona tilimizning maqomini tiklash, o‘zbek tilini keng iste'molga kiritish bo‘yicha kamchilik va muammolar ham bor. Davlat tili qoidalariga to‘laqonli amal qilmaslik, davlat tilida ish yuritilmaslik barcha sohada mavjud kamchilik bo‘lsa, ko‘chalarda, tashkilot va inshootlar peshtoqidagi yozuvlarning boshqa tilda, imloviy xatolarda yozilishi, televidenieda, kino va turli ko‘rsatuvlarda shevalarda gapirilishi, eng muhimi, yoshlarning o‘z ona tilini bilmaslik kabi jiddiy muammolar borgan sari jamiyatimizda ildiz ota boshladi.

Millatimiz madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish har doimgidan ko‘ra jiddiy masala bo‘lib yuzaga chiqa boshlagan bir paytda davlat tili borasida muhim islohotlar sari dadil qadam tashlandi. Yangilanayotgan O‘zbekiston islohotlar maydonida ona tilimizni rivojlantirish borasidagi ezgu ishlar 2019 yil 21 oktyabr kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni qabul qilinishi bilan boshlandi. 2020 yil 20 yanvarda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, keyinchalik uning huzurida Atamalar komissiyasi faoliyati tashkil qilindi. 

Shu yilning 9 mart kuni “Geografik ob'yektlarning nomlarini, shuningdek, jamoat joylari, ko‘chalar, binolar peshtoqidagi turli lavha va reklamalarning qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirish masalalari hamda joylarda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 yanvardagi 34-sonli qarorining ijrosi haqida” bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat tilini rivojlantirish chora-tadbirlarining ijrosiga oid qat'iy talablar belgilandi.
Joriy yil 10 aprel kuni esa yana bir muhim tarixiy hujjat – “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunin imzolandi. Bu xabarni xalqimiz katta ko‘tarinki ruhda qarshi oldi. Ushbu hayotbaxsh islohotlarni amalga oshirilishidan, muhim hujjatlar qabul qilinishidan maqsad o‘zbek tilining xalq ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e'tiborini tubdan oshirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta'minlash hisoblanadi.

Ayni kunlarda respublikamizdagi barcha vazirlik va idoralarda mazkur Farmon va qarorda belgilan vazifalar ijrosini ta'minlash yuzasidan amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Hujjat almashinuvi to‘liq davlat tilida olib borilishi, hujjatlarning davlat tilida tayyorlanishi belgilanib, bu ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida bu borada amaliy ishlar ko‘lami kengayib bormoqda. Mutaxassislarning ma'lumotlariga qaraganda, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo‘lib, ulardan bor-yo‘g‘i 100 ga yaqini davlat tili maqomiga ega, 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi.


Tarixdan bilamizki, Imom Buxoriy, Amur Temur, Alisher Navoiy kabi buyuk bobokalonlarimiz o‘z tilini sevgan, e'zozlagan va dunyoga mashhur bo‘lgan. “Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oynasi til va adabiyotidir”, deydi ma'rifatparvar alloma Abdulla Avloniy. Shu ma'noda, millatimizning ma'naviy boyligi va xazinasini saqlab qolish, dolzarb vazifaga aylangan. Prezidentimiz 2019 yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida: “Ona tilimiz – milliy ma'naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir”, degan edi. Ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi ta'siri va mavqeyini yanada oshirish bo‘yicha oldimizda o‘ta muhim va dolzarb vazifalar turganini his etaylik. O‘zbek tilining sofligini saqlab qolish va uni boyitish, nufuzini oshirish har birimizga bog‘liqligini unutmaylik!

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI