Karantin sharoitida temir yo‘l sohasidagi yirik ishlab chiqarish korxonalar faoliyati xususida

Bugungi kunda dunyoni qamrab olgan COVID-19 koronavirus pandemiyasi davrida, ko‘plab zavod, sex va korxonalar faoliyati vaqtincha to‘xtab turgan bir paytda, yurtimizdagi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalarida ishchi-xodimlar xavfsizligi ta'minlangan holda ish qizg‘in davom etmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi qator ishlab chiqarish korxonalari ham shular jumlasidandir.

Shunday murakkab davrda yurtimizda eksport hajmini saqlab qolish bo‘yicha uzluksiz ish olib borilmoqda. Ma'lumki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan yuklarni eksport-import qilish ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu boradagi ishlar jadal rivojlanib bormoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli vagon depolari va zavodlarida nafaqat xalq xo‘jaligimizning yuk vagonlariga bo‘lgan talabi to‘liq qondirilib, ya'ni yuk tashish uchun mo‘ljallangan barcha turdagi vagonlarni ishlab chiqarish va ta'mirlash ishlarining turli shakllari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, xorijiy davlatlardan ushbu yo‘nalishda qator buyurtmalarni ham qabul qilinib, eksport xizmatlarini rivojlantirish uchun samarali hamkorlik amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “O‘zvagonta'mir” korxonasi 2020 yil uchun Qozog‘iston Respublikasi korxonalari bilan 372 ming 200 AQSh dollarli eksport shartnomasi imzolandi. Shuningdek, Toshkentdagi "Quyuv – mexanika zavodi" sho‘ba korxonasi 2020 yil uchun Qozog‘iston hamda Rossiya kabi xorijiy davlat kompaniyalari bilan 5,4 mln. AQSh dollardan ko‘proq qiymatga ega shartnomalar imzolangan.


Ma'lumki, bugungi kunda “Quyuv – mexanika zavodi” sho‘ba korxonasida yopiq vagon, yarim vagon, sement va mineral o‘g‘itlarni tashish uchun xopper-vagonlarni qurish o‘zlashtirilgan bo‘lsa, ayni vaqtda katta tonnali konteynerlar tashishga mo‘ljallangan maxsus platformalarni qurish jarayoni ham o‘zlashtirib olingan. Bundan tashqari mazkur korxonada barcha turdagi vagonlarni ta'mirlash ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.

"Andijon mexanika zavodi" sho‘ba korxonasining faoliyati ham jadal sur'atlar bilan rivojlanmoqda. Bu yerda 2018 yilda Qozog‘iston Respublikasi korxonasi bilan vagon sisternalarni kapital ta'mirlash uchun 559 ming 250 AQSh dollari qiymatida eksport shartnomasi imzolangan bo‘lib bugungi kunda ushbu yo‘nalishda hamkorlikni muvaffaqiyatli olib bormoqda. Qozog‘iston Respublikasining boshqa bir korxonasi bilan ham 1 044 320 AQSh dollarli eksport shartnomasi imzolanishi kutilmoqda. Bu borada so‘nggi kelishuvlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, Pokiston va Qirg‘iziston Respublikasi bilan yangi yarim vagon eksporti bo‘yicha muzokaralar ketmoqda. Turkmaniston temiryo‘l trasnport vazirligi bilan ham yuk vagonlarni kapital ta'mirlash borasida ham ikki tomonlama uchrashuv va muhokamalar amalga oshirilmoqda.

“Yo‘lRefTrans” aksiyadorlik jamiyati 2020 yilda eksport xizmatlarini rivojlantirish maqsadida Qozog‘iston Respublikasi bilan 400 ta vagonlarni ta'mirlash uchun shartnoma imzolangan. Bundan tashqari, o‘zining sovutgichli (refrijerator) vagonlari bilan mashhur bo‘lgan ushbu korxona Rossiya Federatsiyasi korxonalari bilan ham eksport shartnomalarini imzolashi kutilayapti.

Ta'kidlash lozim, bugungi kun sharoitidan kelib chiqib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi barcha vagon depolari va zavodlarda sanitar-epidemiologik talablarga qat'iy rioya etilmoqda. Barcha korxona hududlarida tegishli dezinfeksiya ishlari bajarilmoqda, ishchi-xodimlar tibbiy niqob, antiseptik vositalari bilan ta'minlanmoqda va muntazam ravishda tibbiyot xodimlari tomonidan tana harorati o‘lchanmoqda. Ish vaqti esa vaxta usulida (15 kunlik ish rejimida) tashkil etilgan bo‘lib, ishchi-xodimlar uchun maxsus turar joylar tashkil qilindi va ularning barchasi har kuni uch mahal issiq ovqat bilan ta'minlanmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI