Temiryo‘lchi urush faxriylari rag‘batlantirildi

O‘tganlarni xotirlash, safimizda yurganlarni esa tirikligida qadriga yetish zarur. Oramizda urush qatnashchilari, front ortida mehnat-mashaqqat chekkanlar borligi bilan faxrlanishimiz shubhasiz. 

Ikkinchi jahon urushida temir yo‘l transporti va shu sohada faoliyat ko‘rsatgan temiryo‘lchilarning mehnati, matonati va fidoyiligi ham katta ahamiyatga ega bo‘lgan albatta. Urushdan omon qaytgan temiryo‘lchilar hamda front ortida mehnat qilgan yurtdoshlarimiz keyinchalik uzoq yillar davomida shu sohaga xizmat qilib, nafaqaga chiqishdi. Ana shunday fidoyi va matonatli insonlarni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi rahbariyati tomonidan ijtimoiy himoyalash va salomatliklarini mustahkamlash yo‘lida har yili qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi, ularning holidan xabar olinadi. Biroq qanchalik og‘riqli bo‘lmasin, yillar o‘tgani sayin urush qatnashchilarining soni, safi tobora kamayib bormoqda. Bugungi kunda temir yo‘l tizimida uzoq yillar davomida ishlab, ayni damda keksalik gashtini surayotgan bor yo‘g‘i 20 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va 108 nafar front ortida mehnat qilgan vatandoshlarimiz qoldi.

9 may – Xotira va qadrlash kuni va fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatining “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga ko‘ra temir yo‘l sohasida uzoq yillar faoliyat ko‘rsatib, pensiyaga chiqqan urush qatnashchilarining har biri 4 million so‘mdan, front ortida mehnat qilgan faxriy temiryo‘lchilar esa 2 million so‘mdan moddiy rag‘batlantirildi. 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Personalni boshqarish va kadrlar tayyorlash boshqarmasi mutaxassislari va qator boshqarmalar vakillari hamda O‘zbekiston temiryo‘chilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi mutasaddilari faxriylarning xonadoniga borib, bayram munosabati bilan samimiy qutlashdi. Bugungidek tinch va osuda hayotimizga poydevor qo‘ygan keksalarimizga minnatdorchiliklarini izhor qilishdi. Shundan so‘ng ularga mukofot puli, oziq-ovqat to‘plamlari berildi. Keksalarimiz bu ko‘rsatilgan e'tibor va e'zozdan boshlari ko‘kka yetdi. 

– Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini e'zozlash, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, moddiy va ma'naviy ko‘mak berish har birimizning burchimizdir, – deydi Jamiyat boshqaruvi Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Shaxlo Umarova. – Shu bois “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi Kasaba uyushma qo‘mitasi hisobida turgan 1 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va 7 nafar mehnat fronti faxriylarining har biriga oziq-ovqat to‘plami, mukofot puli va samimiy qutlovlar bitilgan tabriknomalarni topshirdik. O‘z navbatida nuroniy temiryo‘lchilar ham ko‘rsatilgan bu g‘amxo‘rlikdan boshlari ko‘kka yetib, istiqlol in'om etgan dorilomon kunlarga yetishganiga shukur qilib, o‘tmishdagi qora kunlarni ko‘zda yosh bilan esga olishdi. Keksalarning xonodonlariga borilganida sanitariya va shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq amal qilishga katta ahamiyat qaratildi.

Ta'kidlash lozimki, Ikkinchi jahon urushida temir yo‘l transporti tizimi, shu sohada faoliyat ko‘rsatgan yuzlab, minglab kasb egalarining jasorati, mehnati g‘alabaga katta hissa qo‘shgan. Urush boshlanganida Belarus, Rossiya va Ukraina hududlaridan bir milliondan ortiq turli millatga mansub ota-onasini yo‘qotgan bolalar temir yo‘l orqali yurtimizga keltirilgan. Front ortida mehnat qilgan pensiyadagi temiryo‘lchi 92 yoshni qarshilagan Abdug‘ofur Jalilov urush yillarini xotirlab bizga quyidagilarni aytib berdi.

– Urush bo‘layotgan hududlardagi ko‘plab ishlab chiqarish zavodlari temir yo‘l orqali O‘zbekiston shaharlariga ko‘chirilib, front uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqarilgan, – deydi A.Jalilov. – Yurtimiz temir yo‘llari va soha mutaxassislari Ikkinchi jahon urushi yillarida juda katta fidoyilik bilan faoliyat ko‘rsatishdi. Xususan, Vatanimizdan millionlab ota-bobolarimizni frontga jo‘natishda asosan temir yo‘l transporti tizimidan foydalanildi. Mintaqamizdan front uchun zarur bo‘lgan qurol yarog‘lar, texnikalar, oziq-ovqat mahsulotlari ham temir yo‘l orqali tinimsiz jo‘natib turilgan. Bunda albatta, mamlakatimiz temir yo‘llari, sohada mehnat qilgan ko‘plab mutaxassislar munosib hissa qo‘shishgan. Og‘ir va murakkab yillarda temir yo‘llarning front uchun barqaror faoliyatini ishonchli ta'minlashni uddalashgan. Qolaversa, ularning aksar qismi shiddatli jang maydonlarida ham ishtirok etgan bo‘lib, qolganlari front ortida fidoyilik ko‘rsatishdi. 

Urushdan omon qaytgan temiryo‘lchilardan biri Valentin Lazerov bugun Toshkent shahrida keksalik gashtini surmoqda. 96 yoshni qarshilagan otaxon urushdan keyingi yillarda temir yo‘l sohasida uzoq yillar faoliyat ko‘rsatib, nafaqaga chiqqan. Xonadoniga tashrif buyurib, tarixiy xotiralarga boy suhbatidan bahramand bo‘ldik.

– Urush bu inson boshidan kechirishi mumkin bo‘lgan eng dahshatli jarayon ekan, – deydi V.Lazerov. – O‘sha ma'shum kunlar, jang maydonlari, tanklarni shitob bilan harakatlanishi, snaryad va o‘q ovozlari hali-xanuz yodimda. Yoshligim, ilm oladigan, kasb egallaydigan va hunar o‘rganadigan davrim urush yillariga to‘g‘ri keldi. Orzularim sarobga aylanib, eng kuchga to‘lgan paytim jangohlarda, xatarli hayot tarzida kechdi. Shularni eslar ekanman, istiqlol nuri bilan porlayotgan yurtimizning bugungi yoshlariga havasim keladi. Ular uchun ilm olish, kasb o‘rganish, nufuzli ta'lim muassasalarida tahsil olish kabi sharoitlar yaratilgan. Shu bois osmonimiz har doim musaffo, yurtimiz tinch bo‘lsin. Biz faxriylarga har doim g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelayotgan Prezidentimizga, hukumatimiz rahbarlariga hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbarlariga minnatdorchiligimizni bildiramiz. 

Inson bor ekan, xotira – muqaddas. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan va front ortida mehnat qilgan temiryo‘lchilar bilan suhbatlashar ekanmiz, ular aytgan dahshatli jang xotiralarini eshitib, bugungi tinch va osuda hayotimizga yana bir bor shukr qilamiz. Bu esa har birimizni, har doim faqat ezgu orzu va intilishlar bilan yashashga undaydi.

Axborot-tahliliy media markazi

1
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI