“G‘alaba bog‘i” qurilishiga temiryo‘lchilar ham munosib hissa qo‘shishdi

Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi general Sobir Rahimov haykali o‘rnatilgan hiyobonda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan bunyod etilgan “G‘alaba bog‘i”da qurilish ishlari to‘liq yakunlandi.


Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekiston aholisi olti milliondan iborat bo‘lgan. Buyuk g‘alabani qo‘lga kiritishda mamlakatimizning bir million besh yuz mingga yaqin vatandoshlarimiz urushning dahshatli janglarida ishtirok etishgan. Ularning to‘rt yuz ellik mingdan ortig‘i fashizmga qarshi janglarda qahramonlarcha halok bo‘lgan. Millionlab yurtdoshlarimiz esa front ortida matonatli mehnat qilishgan. 

Bugun yosh avlod va kelajak farzandlarimiz uchun urushning dahshatli oqibatlarini, unda vatandoshlarimiz ko‘rsatgan jasorat va qahramonliklarni ramziy ma'noda ko‘rsatib berish, urush ruhini, hayotini tasvirlab berish orqali ularning ongida va qalbida Ikkinchi jahon urushi voqealarini aks ettirish muhim ahamiyatga ega edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan qurilishi boshlangan ushbu bunyodkorlik esa o‘z vaqtida ayni zaruriy ehtiyoj bo‘ldi. Yurtboshimiz “Bu bog‘ xalqimizning g‘alabaga qo‘shgan hissasini namoyon etishi, ota-bobolarimizning qahramonligini abadiylashtirishi kerak. Bu yerda Ikkinchi jahon urushi muhiti, vatandoshlarimiz qatnashgan janglar haqida ma'lumotlar aks etishi zarur” degan edi. 

2019 yilning yoz oylaridayoq Mudofa vazirligi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari tarixchilar va jamoatchilik bilan maslahatlashib, “G‘alaba bog‘i”ning kontseptsiyasining loyihasi puxta ishlab chiqildi. Shundan so‘ng umumiy maydoni 14,6 gektar maydonda quruvchi va mutaxassislarimiz tomonidan mustaqil O‘zbekiston tarixida yagona bo‘lgan bunyodkorlik loyihasi boshlab yuborilgan edi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, “G‘alaba bog‘i” kontseptsiyasini yaratish vaqtida bir qator xorij davlatlarining shu turdagi bog‘lari, skver va komplekslarining loyihalari o‘rganib chiqildi.

Ma'lumki, urush yillarida transport tizimi, ayniqsa, temir yo‘llar faoliyati juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Harbiy askarlarni, qurol-yarog‘, og‘ir texnika hamda oziq-ovqat mahsulotlarini frontga yetkazishda poyezdlarning hissasi beqiyos bo‘lgan. Shu maqsadda bog‘ hududiga “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mutaxassislari tomonidan temir yo‘l pavilonini tashkil etishga ham katta ko‘mak berildi. Buning uchun dastlab, temir yo‘l quruvchilari tomonidan puxta ishlangan loyihaga ko‘ra dastlab urush yillaridagi ko‘rinishga ega Toshkent temir yo‘l vokzali qurildi. Unda ushbu vokzalda urush yillaridagi hayot aks ettirildi. Jumladan, vokzal binosi oldida umumiy uzunligi 103 metrlik ikkita temir yo‘llarda frontga ketayotgan uchta yopiq vagon hamda frontdan qaytayotgan 1904 yilda ishlab chiqarilgan parovoz, yopiq turdagi va sanitar vagonlar o‘rnatilgan.

   

   

Shuningdek, o‘sha davr urush ketayotgan xududlardan vagonlarda evakuatsiya qilingan yetim bolalar, yarador jangchilar va frontga ketayotgan o‘zbek o‘g‘lonlarini kuzatish jarayonini ko‘rish mumkin. O‘zbekistonliklar tomonidan front uchun qishloq ho‘jaligi mahsulotlari, oziq-ovqat va kiyim-kechaklar temir yo‘l vokzaliga yetkazib berish holati aks etttirilgan. Vokzalning ichki qismidagi kutish zalining o'ng tarafida urush yillari temir yo‘l sohasida matonat bilan mehnat qilgan faxriylar aks ettirilgan hamda axborot stendlar joy olgan. Zalining kirish qismida anjomlari bilan jihozlangan vokzal navbatchisi o‘sha davr temiryo‘lchi kiyimidagi maketi o‘rnatilgan, zal markazida esa bronepoyezd va parovoz maketlari aks ettirilgan. Devorlarda urush davrini yodga soluvchi fotosuratlar joylashtirilgan. Zalning chap tomonida birinchi o‘rindiqda frontdan olib kelingan ayol va yosh bolalar, o‘rta o‘rindiqda jo‘natilayotgan yangi askarlar va chetki o‘rindiqda frontga oziq-ovqat jo‘natayotgan o‘zbek otaxon timsollarini ko‘rish mumkin. Temir yo‘lga oid barcha qurilish ishlari, askar va yo‘lovchilar hamda poyezdlar ko‘rinishidagi maketlar temir yo‘l mutaxassislari tomonidan tayyorlandi. Ishlab chiqarilganiga bir asrdan ortiqroq vaqt bo‘lgan parovoz hamda vagonlar ham “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan tuhfa etildi. Ikkinchi jahon urushining haqiqiy yodamchisi bo‘lgan OV (ovechka) rusumli, sanitar va yopiq vagonlar bugun o‘zlariga tegishli bo‘lgan faxrli o‘rindan joy oldi. Bular o‘tgan asrning boshlarida ishlab chiqarilgan bo'lib, front hamda O‘zbekiston o‘rtasida muhim transport tizimi sifatida xizmat qilgan. 1941-1945 yillar oralig‘ida harakatlangan ushbu vagonda yaradorlar, bolalar va oziq-ovqat mahsulotlari tashilgan. 5-6 sutkalab harakatlangan ushbu poyezdda isitish pechlari, choy qaynatish, qolaversa, qo‘l yuvish moslamalari bo‘lgan. Shuningdek, yotoq joylari ham bor hamda bu yerda o‘sha davrda yaralangan askarlarning mayus nigohlari va g'amgin ko‘zlarini ko‘rish mumkin. Huddi mana shu turdagi poyezdlarda o‘zbekistonlik 1 million 54 ming nafar janchilar ortiga qaytgan, 871 ming nafar front ishtirokchilari esa yaralangan holda o‘z uylariga yetkazilgan. Qolaversa, 200 mingdan ortiq turli millat yosh bolalar ham O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan. 

Harbiy sanitariya poyezdlarining bir namunasini ham bu yerda uchratish mumkin. Vagondagi barcha jihozlar, tibbiy buyumlar haqiqiy va ularning yoshi g‘alaba bilan teng. Mudofaa vazirligi xodimlarining bir necha oylik mashaqqatli mehnati va izlanishlari natijasida o‘sha davrda yurtimizda mavjud bo‘lgan 14 ta tibbiy xizmat ko'rsatuvchi poyezdning birgina vagoni yana qayta tiklandi. 


“G‘alaba bog‘i”ga kirishingiz bilan dastlab ramziy darvoza shaklida ko‘rinishga ega G‘alaba arkasiga ko‘zingiz tushadi. Shundan so‘ng urush davri manzaralari, jumladan, okop va blindajlar, palatkalar, dala oshxonalari va boshqa lavhalar aks etgan kompozitsion majmualarni ko‘rib, bularning orasida sayr qilishingiz mumkin. O‘sha davrdagi harbiy texnika va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi ochiq osmon ostidagi muzey vazifasini o‘taydi. Shuningdek, yangi bog‘ hududida muzey, kutubxona, Wi-Fi-zona, ko‘rkam amfiteatr va kinoteatr  tashkil etildi. O‘zbek ayolining matonati timsoli Zulfiya aya Zokirova, uning urushdan qaytmagan besh farzandi hamda beva qolgan to‘rt kelini xotirasiga bag‘ishlangan “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi ham o‘rnatildi. Yana bir muhim jihati, bog‘ning milliy an‘analarimizga mos ayvonlar hamda interaktiv ma‘lumotlar ulashuvchi zamonaviy elektron qurilmalar bilan jihozlanganidir. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushida g‘alabaga erishgan 35 davlatning bayroq, gerb va xaritalaridan iborat maxsus maydonchalar ham barpo etildi. Tarixiy muhitni yaratish maqsadida harbiy musiqalar jaranglab, urush davriga oid ma'lumotlar yangrab turadi.

Ta'kidlash lozimki, “G‘alaba bog‘i” poytaxtimiz va respublikamizning turli hududlaridan keladigan yurtdoshlarimiz uchun faqat bayram kunlari emas, balki yil davomida sayr etishlari, tomosha qilib, urush yillari ruhini his etishlari mumkin bo‘ladi. Bu yerga kelgan yoshlar o‘ziga bilim,  ruh oladi, ota-bobolarining ko‘rsatgan jasoratini his etib, g‘urur-iftixor tuyg‘usini his etishi shubhasiz. Bugungi tinchlikning qadriga yetib, vatanparvar bo‘lib ulg‘ayadi. Ishonamizki, ushbu muhtasham maskan nafaqat yurtdoshlarimiz uchun, balki xorijlik sayyohlar uchun ham poytaxtimizning diqqatga sazovor maskanlaridan biriga aylanadi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI