"SHARQ" VA "NASAF" POYEZDLARI "TOSHKENT" MARKAZIY TEMIR YOʻL VOKZALIDAN HARAKATLANISHNI BOSHLADI

"Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi" aksiyadorlik jamiyati tomonidan karantin davrida "yashil" va "sariq" hududlarda sanitariya-gigiena talablariga qat'iy amal qilgan holda mahalliy yoʻnalishlarda temir yoʻl qatnovlarini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish tashkil etilmoqda.


Unga koʻra dastlab, joriy yilning 18 may kunidan boshlab Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro hamda qarshi shaharlariga "Afrosiyob" yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlar hamda Fargʻona vodiysiga tezyurar yoʻlovchi poyezdlar qatnovi (borish va qaytish) qayta yoʻlga qoʻyilgan edi. 15 iyun kunidan esa "Toshkent" Janubiy temir yoʻl vokzalidan Toshkent – Termiz – Toshkent, Toshkent – Xiva – Toshkent hamda Toshkent – Nukus – Toshkent yoʻnalishida ham qatnovlar qayta tiklandi.

Bugun 16 iyun kuni "Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi" aksiyadorlik jamiyati tomonidan "Toshkent" Markaziy temir yoʻl vokzalidan Toshkent – Qarshi – Toshkent yoʻnalishida harakatlanadigan 4/3 raqamli "Nasaf" hamda Toshkent – Buxoro – Toshkent yoʻnalishida harakatlanadigan 10/9 raqamli "Sharq" yoʻlovchi poyezdlarining harakatlanishi yoʻlga qoʻyildi.

Ma'lumki, ushbu poyezdlar karantingacha "Toshkent" Janubiy temir yoʻl vokzalidan harakatlanishi amalga oshirib, yoʻlovchilarni oʻz manziliga yetkazib qoʻygan boʻlsa, endilikda karantin muddati tugagunga qadar bu poyezdlar "Toshkent" Markaziy temir yoʻl vokzalidan qatnovlarini amalga oshiradi. Bunga sabab esa "Toshkent" Janubiy temir yoʻl vokzalidan harakatlanadigan poyezdlar soni "Toshkent" Markaziy temir yoʻl vokzalidagiga qaraganda bir muncha koʻproq. Shu bois pandemiya davrida yoʻlovchilarni bir joyga yigʻmaslik, oraliq masofani saqlab, karantin qoidalariga toʻliq rioya qilinishini ta'minlash maqsadida shu qarorga kelindi.


Harakat jadvaliga ko'ra Toshkent – Qarshi – Toshkent yoʻnalishida harakatlanadigan 4/3 raqamli "Nasaf" poyezdlari har kuni ertalab soat 08:52 da "Toshkent" Markaziy temir yoʻl vokzalidan va kunning ikkinchi yarmida, ya'ni soat 17:00 da "Qarshi" temir yoʻl vokzalidan harakatlanadi. Toshkent – Buxoro – Toshkent yoʻnalishida harakatlanadigan 10/9 raqamli "Sharq" poyezdlari esa har kuni ertalab soat 09:15 da "Toshkent" Markaziy temir yoʻl vokzalidan hamda kunning ikkinchi yarmida, ya'ni soat 16:10 da "Buxoro" temir yo'l vokzalidan harakatini amalga oshiradi. Ushbu poyezdlar poytaxtga qaytib kelganda ham "Toshkent" Markaziy temir yoʻl vokzaliga keladi.

Yoʻlovchilar uchun yana bir qulaylik, ular chiptalarni ortiqcha ovoragarchiliksiz, kassalarga kelmasdan, naqd pul ishlatmasdan, elektron tarzda xarid qilishlari ham mumkin.

Poyezdlar yoʻlga chiqishdan oldin depoda hamda manzilga yetib borgach yoʻlovchilar vagonlardan toʻliq tushib ketgandan soʻng dezinfektsiya ishlari amalga oshiriladi. Vokzal ma'muriyati tomonidan yoʻlovchilarning vokzalga hamda poyezd vagonlariga kirayotganida karantin va sanitariya hamda epidemiologiya qoidalariga qat'iy amal qilishlariga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Dezinfektsiya qurilmalari va teplovizir yordamida har bir yoʻlovchining tana harorati oʻlchanib, bir martalik tibbiy niqob hamda qoʻlqoplar berilayapti.

         

"Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi" aksiyadorlik jamiyati ma'muriyati yoʻlovchilardan karantin qoidalariga qat'iy amal qilgan holda avvalo oʻzlarini soʻng atrofdagilarni pandemiya virusidan saqlash maqsadida karantin va gigiena qoidalariga qat'iy rioya qilishlarini soʻrab qoladi.

Axborot – tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI