Yurtimizda bugun Yoshlar kuni

Assalomu alaykum aziz temiryo‘lchi yoshlar!

Sizlarni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati jamoasi hamda shaxsan o‘z nomimdan mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan bayram – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman! 

Tarixdan bizga yaxshi ma'lumki, har bir jamiyatning, unda yashaydigan insonlarning taqdiri va kelajagi albatta davlatlarning yetakchi kuchlari hisoblanmish – yoshlar bilan chambarchas bog‘liq. Shu ma'noda, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati yurtimizda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish masalalariga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. 

Bugun Prezidentimiz boshchiligida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratildi. Jamiyatimizning barcha jabhalariga har tomonlama barkamol avlod vakillari dadil kirib kelmoqda, ularning mavqeyi tobora yuksalib bormoqda. G‘ayrat-shijoatli, intellektual salohiyati yuksak, vatanparvar yoshlarimiz har qachongidan faol, tashabbuskor! “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida 35 000 nafarga yaqin zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlar faoliyat yuritmoqda. Temiryo‘lchi yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamisha diqqat-e'tiborimizda bo‘lib kelmoqda.

Birgina temir yo‘l tizimida o‘tgan 2019 yilning o‘zida yoshlar hayotiga bevosita taalluqli bo‘lgan 40 dan ortiq loyihalarni amalga oshirilgani fikrimiz isbotidir. Bu loyihalar temir yo‘l transporti tarmog‘ini yanada rivojlantirishda, sohadagi ko‘p qirrali va murakkab vazifalarni amalga oshirishda zamonaviy fikrlaydigan, har qanday vaziyatda ham mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan barkamol mutaxassis, yetuk kadrlarning shakllanishiga xizmat qiladi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida samarali faoliyat yuritayotgan iqtidorli yosh kadrlarni tanlash hamda yosh rahbar kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida uch yildan beri “Eng yaxshi yosh temiryo‘lchi”, “Eng faol yosh mutaxassis”, “Eng yaxshi innovatsion g‘oyalar”, “Temir yo‘l malikasi”, “Zukko kitobxon” kabi tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda.
O‘tgan yili “Eng yaxshi yosh temiryo‘lchi” tanlovida 96 nafar yosh temiryo‘lchi ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil mazkur tanlovning yakuniy bosqichida 122 nafar ishtirokchi ishtirok etdi.

Shuningdek, yoshlarimiz respublika miqyosdagi “Eng yaxshi innovatsion g‘oyalar” tanlovida ishtirok etib, soha rivoji yo‘lida olib borayotgan ishlanmalari hech shubhasiz, barchamizni xursand qiladi. Dunyo tajribalarini o‘rganish temir yo‘l sohasini rivojlantirish maqsadida yoshlarimizga dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtida 300 nafarga yaqin yoshlarimiz ta'lim olmoqda. Bugungi kunda ularning 60 nafari Rossiya Federatsiyasining eng nufuzli oliygohlarini bitirib, o‘z faoliyatlarini boshladi.

Sohamizda sport, ta'lim sohsida mamlakatimiz va xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelayotgan yoshlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan “Yoshlar – kelajak bunyodkori”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Aqlli shahar” kabi keng qamrovli dasturlarni amalga oshirishda, shuningdek, bu yilgi tabiiy ofat tufayli Buxoro viloyati va Sardobadagi talofatlar tufayli amalga oshirilgan homiylik va hashar ishlarida temiryo‘lchi o‘g‘il-qizlarimiz faol ishtirok etganini alohida e'tirof etamiz.

Temiryo‘lchi yigit-qizlarimizning sohada, jamoat ishlarida erishayotgan yutuqlarini munosib rag‘batlantirishga davlatimiz tomonidan katta ahamiyat berilayotgan alohida tahsinga sazovor. Ana shunday vatanparvar, fidoyi yoshlarimizdan biri “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ yetakchilar Kengashi raisi vazifasini bajaruvchisi Oqiljon Sadriddinov yoshlar kuni arafasida “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganligi, 2018 yilda esa Jizzax temir yo‘l masofasi yoshlar yetakchisi Otabek Isroilov “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani barchamizni quvontiradi.Temiryo‘lchi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sohaning ishlab chiqarish, modernizatsiya qilish va yangilash jarayonlaridagi faolligi va tashabbuskorligini orttirish bilan birga, ularni  qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash, zararli illat va yot g‘oyalar ta'siridan himoya qilish, qolaversa, iqtidorlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarimiz hali davom etadi.

Ularning hayotiy muammolariga yanada ko‘proq e'tibor qaratish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, ezgu intilish va tashabbuslari, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodimizning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash bundan buyon ham eng asosiy, hal qiluvchi vazifamiz bo‘lib qoladi.

Aziz yoshlar! 

Yana bir bor barchangizni bugungi quvonchli bayram bilan tabriklayman! Prezidentimizning “Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz” degan so‘zlarini qalbingizga jo qilib, ozod va obod Vatan qurish, erkin va farovon hayot barpo etish yo‘lidagi ezgu maqsadlar yo‘lida fidoyilik bilan yashashdan charchamang! Har doim o‘qib-o‘rganishga, doimiy izlanish, ilm-fanga, taraqqiyot cho‘qqilarini egallashga intilib yashang! Barchangizga baxt-u saodat, o‘qish va ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman! Yutuq, baxt va omad hamrohingiz bo‘lsin!  

Xusnitdin Xasilov
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik
 jamiyati  boshqaruv raisi v.b.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI