Qarovsiz chorva mollar: Hayvonlarni ham jazolash kerak(mi)?

Yaqinda Jizzax viloyatida yo‘lovchi poyezdlari to‘xtash joyida sodir bo‘lgan mudxish hodisa videokuzatuv kameralariga tushib qolishi ijtimoiy tarmoqlarda qator muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Jumladan, “Nov” yo‘lovchi poyezdlarining to‘xtash joyida ikki bosh qarovsiz buzoqlarning, tez harakatlanib kelayotgan yuk poyezdining yo‘nalishi bo‘ylab “sayr” qilib ketayotganligi kameralarning obyektiviga tushib qoldi. Vaziyatga guvoh bo‘lgan qo‘riqlash xizmati xodimi so‘nggi daqiqalarda “yo‘lovchilarni” xavfsiz joyga olishga muvaffaq bo‘ldi. Muhimi hech qanday talofat kuzatilmadi. Ammo “Qovunchi” yo‘lovchi tashish poyezdining to‘xtash joyida sodir bo'lgan yana bir holat - mudxish hodisaga aylandi. Unda, o‘tlab yurgan bir nechta qarovsiz qoldirilgan qo‘ylar temir yo‘li orasida turib qolishi natijasida ko‘p tonnali yuk poyezdi g‘ildiraklari ostida qoladi…

Albatta, temir yo‘l yaqinida nazoratsiz qoldirilgan chorva mollar harakatlanayotgan poyezd uchun xavf tug‘diradi. Jumladan, birgina yo‘lovchi yoki yuk poyezdlarini boshqarayotgan lokomotiv haydovchilarining yo‘lidan bexosdan chiqib qoladigan yirik shoxli jonivorlar bilan ko‘ngilsizlik yuz bermasligi uchun tezlikni pasaytirishga va hatto tezkorlik bilan tormozlashga majbur bo‘ladilar. Favqulodda tormozlanish natijasida harakatlanib kelayotgan poyezdning relysdan chiqib ketish xavfi yuqori. Ko‘p hollarda yirik chorva mollar bilan sodir bo‘lgan to‘qnashuv harakatlanuvchi tarkibning izdan chiqib ketishiga olib keladi.

Ta'kidlash joizki, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tegishli tuzilma va tashkilotlar bilan birgalikda joylarda muntazam ravishda profilaktik-targ‘ibot ishlarni olib boradi. Temir yo‘l yaqinida istiqomat qilayotgan aholi orasida temir yo‘l yaqinida xavfsiz harakatlanish va belgilangan joylardan o‘tish qoidalari bilan tanishtirish borasida uchrashuv va tadbirlar tez-tez o‘tkazib boriladi. Temir yo‘lga yaqin hududlarda o‘tlayotgan chorva mollari egalari bilan alohida suhbat qilinadi. Ammo, afsus, shunga qaramay, yuqorida ko‘rsatilgan holatlar qayd etilmoqda. Ehtimol solinadigan jarimalar chorva mollari egalari uchun yengillik qilayotgandir, ularning mas'uliyatsizligi uchun yanada qattiq choralar qo‘lash lozimdir. Ota-bobolarimiz bejiz aytishmagan “Ko‘za kunigamas, kunida sinadi”. Bu kabi vaziyatlar, bugun bo‘lmasa ertaga, baxtsiz hodisa keltirmasligiga kim kafolat bera oladi?! Shunday ekan, barchamiz ogoh bo‘laylik, atrofdagi jarayonlarga befarq bo‘lmaylik!

Аxborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI