Hamma narsa inson va uning istiqboli uchun

Joriy yilning 25 avgust kuni O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasining VII-Qurultoyi mamlakatimizda hukm surayotgan pandemiya vaqtiga to‘g‘ri kelganligi sababli, bir qancha cheklovlarni inobatga olgan holda, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati majlislar zali (Markaziy studiya)dan videokonferensiya tarzda o‘tkazildi.

Anjumanda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Qobiljon Qirg‘izaliev, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ raisi Xusnutdin Xasilov, shuningdek, mintaqaviy temir yo‘l uzellari, korxona va tashkilot studiyalarida delegatlar va taklif etilganlar ishtirok etdilar. Unda o‘tgan besh yillikda tizimda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.

Bugungi kunda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tizimida 147 ta boshlang‘ich, 3 ta birlashgan hamda 6 ta hududiy kasaba uyushma tashkilotlari mavjud bo‘lib, ular ijtimoiy sherikchilik tamoyillari asosida, tarmoq kelishuvi va jamoa shartnomalari orqali ishchi-xodimlarni mehnatga doir ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoyalab boradi. Shu maqsadda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi bilan O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi o‘rtasida tarmoq kelishuvi tuzilgan. Ularda sohaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi asosida yo‘nalishlaridan ishchi-xodimlarga qulay mehnat sharoitlari va mehnatga haq to‘lash, bandlik hamda ijtimoiy kafolatlar o‘rnatish bo‘yicha majburiyatlar belgilangan.

Anjumanda Respublika Kengashi raisi Q.Sabirov so‘zga chiqib 2016-2020 yillar davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobotni o‘qib eshittirdi. 

Bugungi kunda temir yo‘l va transport quruvchilari sohasida bitta tarmoq kelishuvi hamda 90 ta jamoa shartnomalari orqali korxona, tashkilot va muassasalarning 99,1 foizi qamrab olingan. Respublika Kengashi oxirgi 5 yil davomida o‘z faoliyatini belgilab olingan ustuvor yo‘nalishlar asosida olib borib, Rayosat yig‘ilishlarida ish haqidan muddati o‘tgan qarzdorlikni bartaraf etish, bandlikka ko‘maklashish, mehnatni muhofaza qilish, xodimlar va ular oila a'zolarini sifatli sog‘lomlashtirish va dam oldirish ishlarini tashkil etish, ishchi-xodimlar o‘rtasida madaniy-ma'rifiy va sport tadbirlarini tashkil etish, turizmni rivojlantirish, jamoa shartnomalari majburiyatlarining bajarilishi va boshqa muhim masalalar muntazam muhokama etib, tegishli qarorlarni qabul qilib, ularning bajarilishiga erishib kelgan. 

Hisobot davrida Respublika Kengashi tomonidan xodimlarning mehnat huquqlari bilan bog‘liq 46 ming 184 ta yozma va og‘zaki arizalari ko‘rib chiqilgan. Ijtimoiy yo‘naltirilgan yil dasturlari doirasida jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 30 ming 361 nafar kasaba uyushma a'zolariga ijtimoiy ko‘mak choralari ko‘rsatilgan. 195 nafar yosh ishchi-xodimlarga Respublika Kengashi tomonidan moddiy yordam berilgan. Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida tahsil olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta'sis etilgan “Kasaba uyushmalari stipendiyasi”ni jami 40 nafar talabaga 44 million so‘m miqdorida mablag‘ to‘lab berilgan. 

Tarmoq tizimidagi sanatoriya va dam olish uylarida jami 5 ming 747 ta imtiyozli yo‘llanmalar ajratilib, shundan 403 nafari bepul yo‘llanmalar asosida. Yalta va Kislovodsk shaharlarida joylashgan “O‘zbekiston” sanatoriyalarida 68 nafar xodim sog‘lomlashtirildi. Hisobot davrida yoz mavsumida tarmoq bo‘yicha jami 7 ta oromgohlarda 30 mingdan ortiq bolalar sog‘lomlashtirildi. Jumladan har mavsumda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining chekka hududlarida istiqomat qiluvchi kam ta'minlangan oilalarning 1498 nafar bolalari Toshkent viloyati hududidagi “Qibray” oromgohida bepul sog‘lomlashtirilishi ta'minlanib kelindi.

Temir yo‘l tizimidagi barcha korxona, tashkilot, bo‘linma va muassasalarida “Xotin-qizlar huquqiy madaniyatini oshirish”, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari targ‘iboti mavzularida 830 ta tadbirlar tashkil etildi. Turli bayram-tadbirlari munosabati bilan temiryo‘lchilar va ularni oilalari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida sport turlari bo‘yicha ko‘pgina musobaqalar o‘tkazildi. 

Temiryo‘lchilar va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi taklifiga binoan 2019 yilning 12-13 noyabr kunlari Toshkent shahrida Xalqaro temiryo‘lchilar kasaba uyushmalari konfederatsiyasi kengashining 57-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda kengash a'zolari va delegatsiyalari hamda Xalqaro temiryo‘lchilar kasaba uyushmalari konfederatsiyasi kengashi raisi va bosh kotibi ishtirok etdi. Undan tashqari mamlakatimizning qadimiy va diqqatga sazovor joylariga 15 ming nafar xodimlar, yosh oilalar va talabalar uchun sayohatlar uyushtirildi.

2016 yildan bugunga qadar Respublika Kengashi tasarrufidagi kasaba uyushma tashkilotlaridan 200 nafar boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari va mutaxassislari Federatsiya Kengashining O‘quv markazida malaka oshirdilar.

Amalga oshirilayotgan ishlar samarasi tizimda faoliyat olib borayotgan kadrlarning bilim darajasi, tajribasi, tashabbuskorligiga bevosita bog‘liq. Shu bois tizimda kadrlar malakasini oshirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

Tarmoq kasaba uyushmasida kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, ma'naviyati, salohiyatiga xizmat qiladigan mukammal tizimni shakllantirishga yuksak e'tibor qaratilib kelinyapti. Boisi shundaki, kadrlar jamiyatni harakatga keltiradi, uning ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy hayotini jonlantiradi. Tarmoqda sidqidildan mehnat qilgan ana shunday xodimlar bugungi kunda hokimliklar va turli nufuzli tashkilotlarda faoliyat yuritmoqda. 

Qurultoyda delegatlar ham so‘zga chiqib, hisobot davrida amalga oshirilgan ishlarga atroflicha to‘xtalishdi. Tarmoq kasaba uyushmasi faoliyatiga ijobiy baho berilib, kelgusida amalga oshiriladigan  ustuvor vazifalar belgilab olindi.

– “Hamma narsa inson va uni istiqboli uchun”, degan ezgu tamoyilni to‘liq amalga oshirish biz uchun doim eng muhim ustuvor vazifa bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi, – deydi Q.Sabirov.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi doimo xalq manfaatlarini har narsadan ustun qo‘yib, ishchi-xodimlarni e'tibordan chetda qoldirmay muntazam ravishda yordam qo‘lini cho‘zib keladi va ish beruvchilar bilan yelkama-yelka turib, barcha muammolar yechimini topadi. 

Qurultoyda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisligiga Qutlimurat Sabirov qayta saylandi.


O'zbekiston temiryo'lchilari va transport quruvchilari 
kasaba uyushmasi Respublika Kengashi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI