Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

22:21:38 (GMT +5), payshanba, 25 aprel 2024

Ona tilimizning qadri yana bir bor yuksaldi

2020 yil 23 sentyabr mamlakatimiz hayotida unutilmas kun sifatida tarixda qoladigan boʻldi. Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator masalalar – pandemiya davrida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yoshlar siyosati, Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik, "Afgʻoniston — Markaziy Osiyoning ajralmas qismi", Global iqlim oʻzgarishi va Orol muammosi, Jahonda qashshoqlikka qarshi kurashish yuzasidan oʻz tashabbuslari bilan soʻzga chiqdi. Davlatimiz rahbari dunyo hamjamiyati oldida ona tilimizda ma'ruza qildi!

Katta gʻurur va iftixor bilan ta'kidlash joizki, bu voqea mamlakatimizda yangi yoʻnalishda olib borilayotgan islohotlarning samarasi, xususan, Davlat tilini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ezgu ishlar yoʻlidagi zalvorli qadam boʻldi.

Bundan bir yil avval, 2019 yil 21 oktyabrda, Prezidentimiz oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish boʻyicha tarixiy farmonni imzolagan edi. Uning xalqaro minbardan turib oʻzbek tilida nutq soʻzlashi esa ana shu Farmonning asl maqsad va mazmuniga amaliy javob boʻldi, Yurtboshimiz ona tilimizga yuksak hurmat koʻrsatishda barchamizga namuna boʻldi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Shuningdek, bu voqea mamlakatimizda joriy yilda ilk marotaba rasman nishonlanadigan Oʻzbek tili bayrami kuniga munosib tuhfa boʻldi. Ma'lumki, oʻtgan toʻrt yil davomida davlat tilini rivojlantirish, Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash borasida bir qancha qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Xususan, joriy yilda "Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida"gi qonun qabul qilindi, davlat tilida ish yuritishni ta'minlamaganligi yuzasidan mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish masalasida qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ayni kunlarda "Davlat tili haqida"gi Qonunning yangi tahriri ustida amaliy ishlar olib borilmoqda.  

Bu ezgu islohotlar ijrosini ta'minlash maqsadida, "Oʻzbekiston temir yo'llari" AJ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda samarali faoliyat olib borayotir.

Jumladan, temir yoʻl sohasining barcha korxona va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishga erishilmoqda. Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga qat'iy rioya etilishi ustidan nazorat olib borish maqsadida ishchi guruhi tashkil etilib, barcha tashkilot, korxona va muassasalar idoraviy hujjatlari hamda ish qogʻozlari, shuningdek muhr va tamgʻalarini Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq boʻlishi ta'minlandi. Transport sohasiga boshqa tillardan kirib kelgan va ayni vaqtda foydalanilayotgan atamalar xatlov qilindi va o'zbek tilidagi muqobillari shakllantirildi.  

Barcha temir yoʻl stantsiya va vokzallar, shuningdek korxona va tashkilotlarning tashqi yozuvlar, lavhalar, e'lonlar, reklama va boshqa koʻrgazmali axborot-reklama matnlari davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilmoqda. Ularning nomlari qayta xatlovdan oʻtkazilib, joylardagi hokimliklar, mahalla va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ob'ektlarga nom berish boʻyicha takliflar ishlab chiqilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan yangidan nashr etilgan "Davlat tilida ish yuritish" amaliy qoʻllanmasi va "Oʻzbek tilining izohli lugʻati" kitobining temir yoʻl sohasiga ham taqdim etilishi sohada davlat tilida ish yuritish boʻyicha temiryoʻlchilarning bilim, koʻnikma va malakalarini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.   

Hech qaysi davlat, hech bir millat oʻz ona tilisiz yuksalmaydi, rivojlanmaydi. Menimcha, bu haqiqat, Prezidentimizning yuksak minbardan turib ona tilimizda nutq soʻzlaganidan keyin yanada mustahkamlandi. Yurtdoshlarimiz davlat tili islohtlarining naqadar dolzarbligini kengroq tushunib etdi, ular qalbida oʻz tilimizni asrash-avaylash, qadrlash hissi yanada joʻsh urdi.   

Oʻylaymanki, har birimiz oʻz faoliyatimizda, hayotimizda tilimizga hurmat va muhabbat koʻrsatishimiz kerak. Zero, bu Vatanimiz oldidagi burchimizdir.

 

N.Babaxalov,
"Oʻzbekiston temir yo'llari" AJ
boshqaruvi raisining
Ma'naviy-ma'rifiy ishlar
samaradorligini oshirish,
Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun
hujjatlariga rioya etilishini
ta'minlash masalalari boʻyicha maslahatchisi


“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish