Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

19:53:25 (GMT +5), payshanba, 18 aprel 2024

“Eng yaxshi yosh temiryo‘lchi”lar aniqlandi

An'anaga aylangan “Eng yaxshi yosh temiryo‘lchi” tanlovining Respublika bosqichi karantin talablariga amal qilgan xolda o‘tkazildi. Ushbu tanlov “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisining “Temir yo‘l tizimidagi yosh mutaxassislar o‘rtasida “Eng yaxshi yosh temiryo‘lchi” tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘i asosida 8 ta soha bo‘yicha tashkil etildi. 

– Uch yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan “Eng yaxshi yosh temiryo‘lchi” tanlovi tizimda samarali faoliyat yuritayotgan istiqbolli yosh kadrlarni tanlash, yosh rahbar kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishda katta ahamiyatga ega –  deydi Yetakchilar Kengashi raisi v.b., hay'at a'zosi o‘rinbosari Oqiljon Sadriddinov. – Shuningdek, bu ko‘rik-tanlov bilim darajasi yuqori bo‘lgan iqtidorli yosh temiryo‘lchilarni aniqlash, kasbdoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirish bilan birgalikda o‘z bilim-salohiyatini namoyish etish uchun imkoniyat yaratishi bilan ham muhimdir.

Tanlovning saralash bosqichi tizim tasarrufidagi boshqarma, korxona va tashkilotlarda 2020 yilning iyul - avgust oylarida bo‘lib o‘tdi. Saralash bosqichining 1-2-o‘rin g‘oliblari o‘rtasida tanlovning yakuniy bosqichi 2020 yilning 21-30 sentyabr kunlari Markaziy temiryo‘lchilar madaniyat saroyida 79 nafar ishtirokchi o‘rtasida o‘tkazildi. 

Tanlov uchta shart asosida tashkil etilib, har bir sohasi bo‘yicha test sinovi, og‘zaki savol-javob hamda o‘zi tayyorlab kelgan taqdimot bo‘yicha hakamlar hay'ati tomonidan 100 ballik tizim asosida baholandi.

    

“Eng yaxshi yosh temiryo‘lchi” tanlovining Tashishlarni tashkil etish sohasidan 9 nafar ishtirokchi qatnashdi. Tashishlarni tashkil etish sohasidan 1-o‘rinni 85,4 ball bilan “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK “Qorovulbozor” stansiyasi navbatchisi Bexruz Abdullaev qo‘lga kiritdi. 

Yuk va tijorat ishlari sohasi yosh xodimlaridan 10 nafar ishtirokchi qatnashib “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK “Kogon” stansiyasi yuk g‘aznachisi Muxarram Abbasova 1-o‘ringa sazavor bo‘ldi.

Lokomotivlardan foydalanish sohasida faoliyat olib borayotgan 10 nafar ishtirokchi kuch sinashib, tanlovda 1-o‘ringa “Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK Termiz lokomotiv deposi texnik bo‘lim muhandisi O‘tkir Xolnazarov munosib deb topildi. 

Vagon xo‘jaligi sohasi bo‘yicha “Eng yaxshi yosh temiryo‘lchi” tanlovida 1-o‘ringa “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK Toshkent yuk vagon deposi texnik muhandislar bo‘limi murabbiysi Bekzod Xudayberganov g‘oliblikka ega bo‘ldi.

Signallashtirish va aloqa sohasidan eng yaxshi yosh temiryo‘lchi unvoniga “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK Buxoro aloqa va ishorat masofasi texnik hujjatlar bo‘limi katta elektromexanigi Javohir Ikromov qo‘lga kiritdi. 

Tanlovning Elektr ta'minoti yo‘nalishi xodimlaridan “Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK Qo‘qon elektr ta'minoti masofasi texnik ishlab chiqarish bo‘limi kontakt tarmoqlari muhandisi Ibroximjon Polvonov munosib deb topildi. 

“Eng yaxshi yosh temiryo‘lchi” tanlovining Yo‘l xo‘jaligi sohasida 1-o‘rinni 73,3 ball bilan “Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK Termiz temir yo‘l masofasi standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish  muhandisi Oybek Xaitmurotov egalladi. 

Qurilish sohasidagilar uchun “Eng yaxshi yosh temiryo‘lchi” tanlovi 30 sentyabr kuni tashkil etilib, unda 6 nafar ishtirokchi qatnashdi. Qurilish sohasi bo‘yicha “Eng yaxshi yosh temiryo‘lchi” tanlovida “Ko‘prikqurilish” tresti UK 67-Ko‘prikqurilish otryadi boshlig‘i v.b. Jaxongir Nabiyev loyiq deb topildi. 

Tanlov yakuniy bosqichida 1-o‘rin sohiblari “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyatining faxriy yorlig‘i va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Axborot-taxliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish