Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

16:05:37 (GMT +5), chorshanba, 24 aprel 2024

Made in Uzbekistan: “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning vagon parki va uni yangilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar

Mamlakatimiz mustaqillikning dastlabki yillaridanoq vagonsozlikni rivojlanish, modernizatsiya qilish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish yo‘lida samarali ishlar olib borildi. O‘zbekiston temir yo‘llari tarkibidagi yirik sanoat korxonalari vagonsozlik (yuk va yo‘lovchi vagonlari)ni o'zlashtirdi, ishlab chiqarishni modernizatsiya qildi, vagonlarni ta'mirlash yo‘lga qo‘yildi, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hamda butlovchi qismlarni ishlab chiqarish boshlandi.

Ma'lumki, vagonlarni ta'mirlash jarayoni uning murakkabligiga qarab depoda yoki yirik sanoat korxonalarida amalga oshiriladi. Yuk vagonlarini kapital ta'mirlash va ularning xizmat muddatini uzaytirish ishlari alohida ahamiyatga ega. 2000-yillarning boshlaridan vagonsozlik sohasida "O‘ztemiryo‘lmashtamir" unitar korxonasining ikkita yirik korxonalari, ya’ni "Andijon mexanika zavodi" hamda "Quyuv-mexanika zavodi" sho‘ba korxonalari tez rivojlana boshladi.

O‘rta Osiyodagi yuk vagonlarini qurish va ularning xizmat muddatini uzaytirish, ta'mirlash ishlari eng yirik zavod – Andijon mexanika zavodi (1992 yilda O‘zbekiston temir yo‘l ma'muriyati tarkibiga kirgan) negizida boshlandi. Aynan shu davrda zavodning rivojlanishi yangi bosqichga chiqdi, ishlab chiqarish quvvati oshdi, mahsulot turi kengaytirildi, zavodda yangi zamonaviy sexlar ishga tushirildi, yangi ish o‘rinlari ochilib Farg‘ona vodiysidagi mutaxassislar ish bilan ta'minlandi. 

Bugungi kunda zavodda 1200 nafardan ortiq mutaxassislar va ishchilar yangi sisterna-vagonalar ishlab chiqarishmoqda, bundan tashqari, vagonlarning asosini (metallning butunligini va eskiligini) diagnostika qilishning o‘ziga xos jarayoni yaratildi. Yuqori sifatli diagnostika yopiq hamda yarim yopiq vagonlarni kapital va xizmat muddatini 5 yildan 16 yilga uzaytirishga imkon beradi. Ushbu jarayon yuqori malakali xodimlar tomonidan zamonaviy jihozlangan laboratoriya sharoitida amalga oshirilmoqda. Shuni ta‘kidlash lozimki, zavod xalqaro sifat sertifikatlariga ham ega, uzaytirilgan muddatga kafolat beriladi. Shuningdek, korxona har xil modifikatsiyali yuklarni tashish uchun barcha turdagi yuk vagonlarni, shuningdek sement va mineral o‘g‘itlar tashiydigan vagonlarni, universal platformali vagonlarga ta'mirlash xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Zavodda kapital ta'mirlash hajmi yiliga har xil turdagi 600 dan ortiq yuk vagonlarini tashkil etadi.

Hozirda ishlab chiqarishda 25 turdagi qariyib 350 ga yaqin dastgohlardan foydalanilmoqda, ulardan nafaqat vagonlarni qurish va ta'mirlashda, balki temir yo'l transporti korxonalari va tashkilotlari uchun kerakli bo‘lgan turli mahsulotlar, ehtiyot qismlar ishlab chiqarish va metall buyumlarini qayta ishlashda ham samarali ishlatilmoqda. Shuningdek, temir yo‘l korxonalarida ishlatiladigan domkrat - lokomotivlarni ko‘tarish uchun ixtisoslashgan uskunalarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Zavodda modernizatsiya qilish yo‘li bilan respublikamizdagi ishlab chiqarish korxonalari uchun 1000 dan ortiq ehtiyot qismlari va mahsulotlar (metall konstruksiyalar va import o'rnini bosuvchi mahsulotlar) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yilgan. Umuman olganda, zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati quyidagicha:

- yangi vagon-sisternalarni qurish – 600 dona;

- yuk vagonlarini kapital ta'mirlash va modernizatsiya qilish - 600 dona;

- nostandart uskunalar ishlab chiqarish - 500 tonna;

- ehtiyot qismlar ishlab chiqarish - 1500 tonna.

Shuni ta'kidlash kerakki, Andijon mexanika zavodi barcha zarur muvofiqlik sertifikatlariga ega, shu jumladan Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) ishlab chiqarish sifatini boshqarish bo‘yicha samarali tizim.

So'nggi yillarda zavod xizmatiga xorijiy davlatlardan ham talab oshib bormoqda, jumladan Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston bilan hamkorlik o‘rnatildi. Yuk vagonlarini ta'mirlash va xizmat muddatini uzaytirish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilinmoqda. Shuningdek, hozirda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi vagonlarni sotib olish uchun buyurtmalar olinmoqda. Zavodda mustaqillikning dastlabki yillaridan yengil avtomobillarni tashish uchun ikki pog‘onali platformalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, Andijon mexanika zavodining eng yirik hamkorlari Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlari hisoblanadi. Ular uchun buyurtma asosida xavfli kimyoviy yuklarni tashish uchun ixtisoslashtirilgan sisternalar ishlab chiqarilmoqda.

Joriy yilda ishlab chiqarishni yaxshilash borasida salmoqli ishlar olib borildi. Shu munosabat bilan yangi dastgohlar sotib olindi, bu esa ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga oshirdi. Jumladan, ko‘rsatilgan xizmatlar eksporti o‘tgan yilga nisbatan 194 foizga o‘sdi. Joriy yilning to‘qqiz oyida zavod o‘tgan yilning shu davriga nisbatan solishtirma narxlarda 102 foizga mahsulot ishlab chiqarishga erishdi.

"Quyuv-mexanika zavodi" sho‘ba korxonasi 2003 yilda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tarkibiga kirgan bo‘lib, temir yo‘l sohasining yirik vagonsozlik va vagonlarni ta'mirlash bo‘yicha yana bir yirik korxonasi sanaladi. Ushbu zavodning ishlab chiqarish quvvatiga yopiq, yarim ochiq vagonlar, vagon-xopper (sement tashish uchun), turli butlovchi va ehtiyot qismlar kiradi. Ta’kidlash joizki, korxona mahsulotlari Bojxona ittifoqining "Temir yo‘l harakatlanuvchi tarkibining xavfsizligi to‘g‘risida" gi Texnik reglament talablariga muvofiq sifat va muvofiqlik sertifikatlariga ega. Bundan tashqari, bu yerda metall va qotishmalar, noorganik kimyo mahsulotlari (texnologik gazsimon kislorod) tuzilishi, kimyoviy tarkibi va qattiqligi laboratoriyalarda tekshiriladi va bir qator qurilish-montaj ishlari uchun xizmat ko‘rsatadi.


Zavod quyuv ishlarini, xususan, harakat tarkibni va temir yo‘llarni ta'mirlash uchun temir quyma buyumlar, ehtiyot qismlar va butlovchi qismlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi. Shuningdek, Quyuv-mexanika zavodi yurtimizning Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi korxonalari hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini o‘z mahsulotlari (ehtiyot qismlari) bilan ta'minlaydi. Xususan, nasoslar, metall moslamalar, ko‘tarish mexanizmlari va kranlar uchun butlovchi qismlar. Bugungi kundagi zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati:

- yangi yuk vagonlarini qurish –1200 dona;

- yuk vagonlarini kapital ta'mirlash va modernizatsiya qilish – 1500 dona;

- katta hajmli konteynerlarni ishlab chiqarish – 950 dona;

- metall konstruksiyalar ishlab chiqarish – 600 tonna;

- quyish – yiliga 15 ming tonnadan ortiq po‘lat, 10 ming tonnadan ortiq cho‘yan va 500 tonna rangli metall.

  

  

Qayd etish lozim, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ zavodlaridan "O‘ztemiryo‘lmashta’mir" UK va "Toshkent mexanika zavodi" AJ lar yuk tashuvchi vagonsozlik rivojiga katta hissa qo‘shmoqda. Yo‘lovchilarni tashishda esa,"Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi" AJ ning o‘rni alohida. Yurtimizda yo‘lovchi vagonlarini qurish, uning parkini kengaytirish, ta’mirlash borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma'lumotni BU YERDA tanishishingiz mumkin.

    

  

  

Ma’lumot uchun, COVID-19 koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq chora-tadbirlar kuchaytirilgan davrda butun dunyoda ko‘plab yirik sanoat korxonalari faoliyati deyarli to‘xtab qoldi. Shu bilan birga, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalarida (xodimlarning xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilgan holda) ish davom etdi. Bu haqida batafsil BU YERDA yozilgan.

Albatta, vagonsozlik korxonalarida modernizatsiya qilish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va ulardan samarali foydalanish soha rivojlanishining asosi hisoblanadi. "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ rahbariyati tomonidan zavodlarning rivojiga alohida e'tibor qaratilmoqda, jumladan ishlab chiqarishda texnik va texnologik qayta jihozlash ishlariga yo‘naltirilgan moliyaviy mablag‘ o‘z samarasini bermoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish