Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

14:12:06 (GMT +5), payshanba, 28 mart 2024

Milliy o‘ziga xoslik, davlat mustaqilligi va ulkan ma'naviy qadriyat ramzi

Ma’lumki, 21 oktyabr kuni mamlakatimizda o‘zbek tili kuni nishonlanadi. Ta’kidlash joiz, mazkur sana bejiz tanlangani yo‘q. Ushbu kun – o‘zbek tiliga davlat tili maqomini bergan sana sifatida belgilangan. Aynan shu kuni, 1989 yilda "Davlat tili to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyatining 2020 yil 25 sentyabrdagi “O‘zbek tili bayramini nishonlash to‘g‘risida”gi 670-N-sonli buyrug‘i ijrosini ta'minlash maqsadida Respublikaning barcha hududlaridagi mintaqaviy temir yo‘l uzellari, boshqarmalar, markazlar, muassasa va korxonalar rahbarlari, davlat tili bo‘yicha mas'ul xodimlari, yoshlar ittifoqi yetakchilari, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘limi xodimlari, kasaba uyushma qo‘mitasi raislari, faol faxriy temiryo‘lchilar va “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni egalari onlayn videokonferensiya tarzida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida ishtirok etishdi. 

Karantin qoidalariga qat'iy amal qilingan holda tashkil etilgan marosimda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi o‘rinbosari v.b. A.Kamalov so‘zga chiqib, barcha temiryo‘lchilarni “O‘zbek tili kuni” bayrami bilan samimiy tabrikladi. Bundan bir yil avval davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan g‘oyat katta ahamiyatga ega bo‘lgan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon e'lon qilingani hamda joriy yilning 10 aprelida esa “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun imzolanib, unga ko‘ra, 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida muntazam keng nishonlanadigan bo‘lishi xalqimiz orasida ona tilimizga bo‘lgan yuksak hurmat ruhini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat tilini rivojlantirish borasida qabul qilinayotgan farmon, qonun, qaror va qonunosti hujjatlarning barchasida bitta maqsad mujassam – ona tilimiz nufuzini oshirish, uni saqlash va rivojlantirishdir, – dedi A.Kamalov. – Bu xayrli ishga barcha birdek mas'ul bo‘layotgani quvonarli holdir. Jumladan, temir yo‘l tizimida ham davlat tilida olib borilayotgan islohotlarni hayotga tatbiq etish yuzasidan keng qamrovli amaliy ishlar olib borilib, qisqa fursatda samarali natijalarga erishilmoqda. Xususan, sohamizda davlat tilini rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar doirasida o‘nga yaqin buyruq va farmoyishlar qabul qilindi, barcha korxona va tashkilotlarda ish yuritish to‘liq davlat tilida olib borilmoqda. Davlat tiliga oid qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan muntazam ravishda an'anaviy va masofaviy ma'rifiy-ma'naviy tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda. Sohaga oid mavjud me'yoriy-huquqiy hujjatlar qayta xatlovdan o‘tkazilib, to‘liq davlat tiliga muvofiqlashtirilmoqda, yaqinda temir yo‘l stansiya va vokzallari nomi davlat ekspertizasidan o‘tkazildi. Hozirda ekspertiza yuzasidan belgilangan topshiriqlar bo‘yicha yangi nomlar davlat tiliga muvofiqlashtirilib, rasmiylashtirilyapti. 

Transport sohasi atamalari xatlov qilinib, o‘zbek tilidagi muqobillarini shakllantirilib, sohaviy lug‘at-qo‘llanmalar ustida ish olib borilyapti, Toshkent davlat transport universitetining “Tillar” kafedrasi o‘qituvchilari, professor-olimlari tomonidan “Temir yo‘l atamalarining ruscha-o‘zbekcha o‘quv lug‘ati” shakllantirilib, undan temir yo‘l mutaxassislari va talabalar keng foydalanib kelmoqda. Jamiyatda ishchi-xodimlarga davlat tilini o‘rganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Toshkent davlat transport universitetining “Tillar” kafedrasi tashabbusi bilan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi"  hamda “O‘zbek tili” o‘quv kurslari tashkil etilgan.

   

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan yangidan nashr etilgan “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasi va “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobining temir yo‘l sohasiga ham taqdim etilishi sohada davlat tilida ish yuritish bo‘yicha temiryo‘lchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Tadbirda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti matbuot xizmati rahbari, taniqli jurnalist, o‘zbek adabiyoti bilimdoni R.Jumaniyozov, hududlardagi mintaqaviy temir yo‘l uzeli mutaxassislari hamda sohaning eng ilg‘or yoshlari so‘zga chiqib, mamlakatimiz va temir yo‘l sohasida o‘zbek tilini rivojlantirishda erishilayotgan muvaffaqiyatlar haqida so‘z yuritishdi. Ona tilimiz haqida she'r va g‘azallar kuylashdi.

Shundan so‘ng temir yo‘l sohasida o‘zbek tilining davlat tili sifatida nufuzi va mavqeyini hamda ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirishga, yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalashga qo‘shayotgan hissasi uchun bir guruh soha mutaxassislari “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi nomidan “Faxriy yorliq” bilan taqdirlanishdi. Tadbir so‘nggida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” mavzusida videorolik namoyish etildi.

Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlaridagi temir yo‘l korxonalarida O‘zbek tili bayrami kuni karantin qoidalariga qat'iy amal qilingan holda keng nishonlanmoqda. 

Аxborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish