Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

18:36:55 (GMT +5), payshanba, 25 aprel 2024

Xalqaro standartlarga muvofiq moliyaviy hisobot

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish bo‘yicha tizimli ishlarni olib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qator qarorlarini, xususan, 2020 yil 24 fevraldagi PQ-4611-sonli "Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga o‘tishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarorlarini bajarish maqsadida "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, joriy etilayotgan tizimda barcha zaruriy bosqichlarni va faoliyatni amalga oshirgan holda xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (XMHS) to‘liq o‘tishdir.

Shu maqsadda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ Moliya boshqarmasida XMHS ni joriy etish sektori tashkil etildi. U temir yo‘l sohasida yuqoridagi standartlarni amalga oshirishni muvofiqlashtiradi. Ta'kidlash joizki, XMHS ga bosqichma-bosqich o‘tish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqilgan va tasdiqlangan. Ushbu hujjat hisobot tizimiga o‘tish bo‘yicha barcha asosiy tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, buxgalteriya hisobi va XMHS asosida moliyaviy hisobotlarni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan o‘qitishlarni ham.

Albatta, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni sohada faoliyat olib borayotgan malakali kadrlarsiz amalga oshirish mumkin emas. Shuning uchun ham "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ rahbariyati ushbu yo‘nalishdagi temir yo‘l sohasidagi barcha tarkibiy bo‘linmalar va korxonalarning buxgalteriya hisobi va moliyaviy xizmatlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha birinchi darajali vazifalardan birini belgilab berdi. Hozirda XMHS bo‘yicha markazlashtirilgan korporativ trening tashkil etilgan.

COVID-19 koronavirus pandemiyasi va karantin cheklovlari aksiyadorlik jamiyatining ish faoliyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazishiga qaramasdan, iyun-iyul oylarida tanlov o‘tkazilib, tanlov g‘oliblari - XMHS ga muvofiq o‘qitish bo‘yicha akkreditatsiyalangan o‘quv markazlari bilan shartnomalar tuzildi. Karantin choralari yumshatilishi va Respublikadagi o‘quv markazlarining faoliyati boshlaganidan so‘ng darhol shu yilning 10 sentyabridan buxgalterlarning xalqaro sertifikati doirasida "Moliyaviy buxgalteriya hisobi" va "Boshqaruv hisobi" yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish boshlandi. Ayni paytda kurslarda 55 kishi malaka oshirmoqda. Ular 13-14 kishidan iborat guruhlarga bo‘lingan va barcha sanitariya me'yorlari talablariga javob bergan holda o‘qitilmoqda. Yaqin kelajakda yana 36 kishi mashg‘ulotlarga jalb qilinadi. Sog‘lig‘i sababli darslarga bora olmaydigan tinglovchilar uchun videokonferensaloqa orqali onlayn tarzda mashg‘ulotlarda qatnashish uchun sharoitlar yaratildi.

Trening bir necha bosqichdan iborat bo‘lib, bitiruvchilariga Buxgalterlar assotsiatsiyasi (Association of Chartered Certified Accountants) sertifikatlari yoki diplomlari topshiriladi. Bundan tashqari, xalqaro kompaniyalar bilan uslubiy bazani ishlab chiqish va XMHS sohasida to‘liq tatbiq etish uchun maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Xalqaro standartlar asosida buxgalteriya hisobi va hisobotlari uchun moslashtirilgan dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchilari bilan ham ish olib borilmoqda.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning barcha tarkibiy bo‘linmalari va korxonalarida XMHS ga o‘tish, shuningdek xodimlar safini XMHS bo‘yicha malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari shaffofligini oshiradi, xalqaro darajaga chiqish imkoniyatini beradi va dunyodagi boshqa yirik kompaniyalar bilan bir qatorda to‘laqonli ishtirokchiga aylanadi. Bundan tashqari, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ o‘zining uzoq muddatli rejalarida xalqaro kredit reytingini qo‘lga kiritish, shuningdek xalqaro moliya bozorlarida korporativ qimmatli qog‘ozlar chiqarishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish