Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

01:38:17 (GMT +5), seshanba, 26 yanvar 2021

Temir yo‘l xo‘jaligi uchun zamonaviy texnika keltirildi

Harakat xavfsizligini ta'minlashga xizmat qiluvchi, y’ani temir yo‘llarning ish holatini ta’minlash va nosozliklarni sozlashda ishlatiladigan zamonaviy texnika Avstriyadan O‘zbekistonga olib kelindi.

“Pop – Namangan – Andijon temir yo‘l tarmog‘ini elektrlashtirish” loyihasini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 oktyabrdagi PQ-3336-sonli qaroriga binoan ikkita “DUOMATIC 08-32” rusumli maxsus mashinani sotib olish ishlari Avstriyaning “Plasser & Teurer” kompaniyasi bilan amalga oshirildi. 

– Texnikaning asosiy vazifasi temir yo‘l izini tekislash, ko‘tarish va shpal ostidagi qatlamni zichlashdan iborat, – deydi Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi boshliq o‘rinbosari Muslim Ortiqboyev. – Bu orqali relslarning to‘g‘ri va egri qismlarida yo‘lning barqarorligini va poyezdlarning tebranmasdan, ravon yurishini ta'minlaydi. Mashinaning old qismidagi maxsus uskuna yordamida yo‘lning geometrik parametri o‘lchanadi va o‘rganiladi. Natija tahlil qilinib, qanday ishlarni amalga oshirish kerakligi avtomatik tarzda kompyuterga kiritiladi va mashina o‘z ishini boshlaydi. Mazkur texnika soatiga 3000ga yaqin shpalni to‘g‘irlash imkoniyatiga ega.

Keltirilgan texnikaning mashinist o‘tiradigan qismi zamonaviy jihozlangan bo‘lib, to‘liq avtomatlashtirilgan. 

– Bu texnikalar bilan har ikki soatda 1 kilometr temiryo‘lni sozlash mumkin, – deydi Yo‘l xizmati ustaxonasi bosh muovini Erkin Kenjayev. – Ahamiyatli jihati shundaki, bu texnika rels ustida yurgan holda po‘lat izlarni tekislaydi, bir vaqtning o‘zida relyeslarni ko‘tarib, shpallar ostiga shag’alni to‘kadi va mustahkamlab joylashtiradi. Shu bilan birga yo‘lning sozligini ta'minlaydi. Har qanday ob-havo sharoitida ham ishlashga moslashtirilgan. 

Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda ayni kunda tarmoqda bunday texnikalar soni 20dan ortiqni tashkil qilib, respublikamizning barcha hududlaridagi temir yo‘llarni sozlashda ishlatilib kelinmoqda. 

Ma’lumot uchun, bugungi kunda mamlakatimiz temir yo‘llarining uzunligi 7500 kilometrga yetdi. Ushbu yo‘llarda harakatlanayotgan yuk va yo‘lovchi poyezdlar soni, tashilayotgan yuklarning hajmi yil sayin ortib bormoqda. Shu bois, soha xodimlarining oldida turgan eng birinchi vazifa harakat xavfsizligini ta'minlash hisoblanadi. Xususan, joriy yilda yo‘l xo‘jaligi xodimlari tomonidan 250 km.li relslar kapital ta'mirlanib, 170 km temir yo‘llarni ko‘tarma va o‘rta ta'mirdan chiqarildi. 

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish