Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

01:43:39 (GMT +5), seshanba, 26 yanvar 2021

“Tebinbuloq” КMK: Investitsiya loyihasini amalga oshirish bosqichlari

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 yanvardagi PQ-3473-sonli “Tebinbuloq koni negizida kon-metallurgiya kompleksi qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish borasidagi ishlarni tashkillashtirish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan titanomagnetit rudalarini qayta ishlash bo’yicha investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, konning JORC kodeksi bo‘yicha resurs zaxirasi taxminan 1 milliard tonnani tashkil etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga 27 million tonna ruda qazib olish va undan 1 million tonna temir prokat  mahsulotlari va vanadiy shlaki ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shunda kon-metallurgiya majmuasi yiliga 800 ming tonna armatura, 100 ming tonna po‘lat simlar, 100 ming tonna burchakli temir, shveller va boshqa shakldagi metallarni ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Loyihani amalga oshirish importning hajmini kamaytirishga va temir sanoatini barqaror rivojlanishiga yordam beradi. Majmuada 3 mingdan ortiq kishi ish bilan ta'minlanishi rejalashtirilgan. Mahsulotning 35 foizini eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.  

Bugungi kunga qadar ushbu loyihaning bir necha bosqichlari amalga oshirilgan. "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ Avstriyaning "Horst Wiesinger Consulting GmbH" kompaniyasi bilan hamkorlikda ruda qazib olish, undan boyitilgan kontsentratni ishlab chiqarish, granulyatsiya qilish, tabiiy gazdan foydalangan holda temir olish va undan po‘lat ishlab chiqarish hamda vanadiyni ajratish bo‘yicha laboratoriya-tajriba sinovlarini yakunladi. 

Bundan tashqari, qazib olishdan to po‘lat mahsulotlar ishlab chiqarishga qadar bo‘lgan jarayon uchun texnologik reglamentlar ham ishlab chiqildi. Ushbu texnik hujjat optimal texnologik jarayonning amalga oshirish tartibini, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilishini, sanoat xavfsizligini, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga javob beradi. Avvalgi izlanishlarda keltirilganidek, ushbu loyiha ko‘mirsiz texnologiyadan foydalanishni nazarda tutgan, bu esa atrof-muhitni ifloslantirmasligi bilan ajralib turishi ta'kidlangan edi. 

Ruda tarkibidagi temir miqdori kamligiga qaramay, tanlangan texnologiya va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot sifatida vanadiy shlakini ishlab chiqarish yordamida loyiha iqtisodiy samaradorligi 8 yilni tashkil qiladi. Loyihani ishlab chiqishda TÜV NORD GROUP kompaniyasiga tegishli yirik muhandislik kompaniyasi "DMT Group" (Germaniya), Leoben konchilik universiteti (Avstriya), Bouhum universiteti (Germaniya), SGA (Germaniya), K1Met (Avstriya), ARP (Avstriya), ALS (Irlandiya) kabi tadqiqot markazlari va ILF Consulting Engineers (Germaniya) biznes-maslahatchisi qatnashdi.

Loyihada qayd etilgan texnologiya bo‘yicha mustaqil ekspert xulosasini olish uchun TOMS instituti (Irkutsk, Rossiya Federatsiyasi) 2020 yil yanvaridan sentabr oyigacha ruda namunalarini boyitish bo‘yicha uch bosqichli texnologik tadqiqotlar o‘tkazdi. Natijada rudadan, tarkibida temir miqdori 67 % dan yuqori bo‘lgan konsentrat olindi va temir rudalarini boyitish imkoniyati yana bir bor tasdiqlandi. Ushbu tadqiqot SRK Consulting (Kanada) xalqaro kompaniyasi tomonidan tanlangan 2,7 tonna miqdoridagi ma'dan namunasi bo‘yicha o‘tkazildi.

Ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun barcha ma'lumotlarni batafsil o‘rganish, xarajat va olinadigan foydalarni tahlil qilish ishlari amalga oshirildi, natija loyihaning iqtisodiy va texnik maqsadga muvofiqligini baholashga imkon berdi. Olingan natijalar bo‘yicha mutaxassislar xalqaro standartlarga muvofiq Bank texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqdilar, bu esa o‘z navbatida ushbu loyihani rivojlantirishning keyingi bosqichlarini amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish masalasini hal qilishga imkon beradi.   

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish