Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

22:13:13 (GMT +5), payshanba, 18 aprel 2024

Toshkentda noyob tibbiyot markazi barpo etilmoqda

Hech kimga sir emas, hayotda shunaqa holatlar va kasalliklar mavjudki, odamlar aniq tashxis qo'yish, yuqori darajada davolanish va murakkab jarrohlik operatsiyalarni amalga oshirish maqsadida uzoq xorijiy mamlakatlarga borishga majbur bo'ladi. Bularning barchasi juda qimmat bo‘lib, juda ko'p pul, vaqt va kuch talab qiladi. Ayni paytda, Toshkentdagi yangi loyihani amalga oshirish - bu O‘zbekiston xalqi uchun chet elga chiqmasdan o‘z vatanida zamonaviy, sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatini yaratadi.    

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari A.J.Ramatovning ko'rsatmasiga binoan O'zbekistondagi yangi noyob tibbiyot muassasasi - Ko'p tarmoqli tibbiyot markazi qurilishiga press-tur tashkil etildi.

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida 8,1 gektarlik xududda zamonaviy, eng yuksak xalqaro talablarga to‘la javob beradigan ko‘p tarmoqli klinika qurilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi aholisiga o‘z vaqtida va sifatli ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatishni, yuqori malakali tibbiy kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish, sog‘liqni saqlash tizimiga innovasion tibbiy texnologiyalarni va xalqaro davolash-diagnostika reglamentlarini keng joriy etishni ta’minlash maqsadida ushbu ko‘p tarmoqli klinikani barpo etish ishlari boshlab yuborilgan. 

      

Ushbu loyiha bo‘yicha barcha kompleks chora-tadbirlar prezidentning 2017 yil 29 sentyabrdagi PQ-3298-son qarorida belgilangan. Unga muvofiq, yuksak ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu zamonaviy loyiha “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda Rossiyaning “Ural kon-metallurgiya kompaniyasi” OAJ tomonidan amalga oshirilmoqda. 

   

Zamonaviy xalqaro talablar asosida amalga oshirilayotgan ushbu tibbiy loyiha uchun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yuqori texnologik tibbiyot muassasalarini muvaffaqiyatli barpo etish etish tajribasiga ega bo‘lgan «KBV GmbH&Co.KG» (Germaniya Federasiyasi, Leypsig sh.) ixtisoslashgan nemis kompaniyasi ham jalb qilingan. Unga barcha asosiy loyihalash ishlarini amalga oshirish yuklatilgan. Rossiya Federasiyasining «Uralmexanobr» OAJ (Yekaterinburg sh.) Bosh loyiha tashkiloti sifatida barcha ishchi hujjatlarni tayyorlashga mas’ul. Toshkent shahridagi «ToshuyjoyLITI» AJ loyihalashtirish tashkiloti barcha loyiha xujjatlarini respublikamiz normativ hujjatlari talablariga moslashtirish va ularni Davlat ekspertizasidan o‘tkazish uchun tayyorlashga mas’ul.

Yangi tibbiyot muassasasida xodimlarni uzoq muddatli va yuqori malakali ish bilan ta’minlash bo‘yicha tadbirlar rejasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan. Jumladan, Germaniya va Rossiya Federasiyasidagi xorijiy klinikalar va tibbiyot markazlarida tibbiyot xodimlari uchun o‘quv dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, 42 turdagi mutaxassisliklar bo‘yicha shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlari, shuningdek, kichik tibbiyot xodimlarini va boshqa xodimlarni qayta tayyorlash rejalashtirilgan. 

Germaniyaning beshta tibbiyot markazi va Rossiyaning ikkita klinikasi uzoq muddatli ikki tomonlama hamkorlikka tayyorligini bildirdi. Ular bilan tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash, ular malakasini oshirish, mutaxassislar o‘rtasida samarali tajriba almashish maqsadida memorandum imzolangan. Hamkorlik doirasida, asosan, kardiologiya, angioxirurgiya, kardioxirurgiya, intervension angio-kardiologiya, nevrologiya, diagnostik va operativ endoskopiya, onkologiya, abdominal va torakal xirurgiya, umurtqa xirurgiyasi, ortopediya, bolalar xirurgiyasi, reabilitasiya va boshqa shu kabi sohalarda yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash maqsad qilingan.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish