Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

09:12:12 (GMT +5), juma, 29 mart 2024

INNOPROM-2021: Kredit shartnomasi imzolandi

Ma'lumki, poytaxtimizdagi “O‘zEXPO” Milliy ko‘rgazmalar markazida 5-7 aprel kunlari yurtimizda ilk bor “INNOPROM-2021” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Armaniston, Belarus, Germaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, O‘zbekiston, Fransiya, Chexiya, Yaponiya kabi davlatlardan 300dan ortiq sanoat kompaniyalar vakillari va ishbilarmonlar delegasiyalari ishtirok etmoqda.

“O‘zbekistonning eng yirik sanoat haftaligi” ko‘rgazmasida ishbilarmon doiralar va biznes vakillari o‘rtasida hamkorlik, istiqbolli loyihalar, kelajakdagi o‘zaro aloqalar va h.k. bo‘yicha qator kelishuvlar imzolandi.

Mazkur tadbir Toshkent metropoliteni uchun ham alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Ko‘rgazmada "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilov  boshchiligida "Rossiya eksport markazi" AJ rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Davra suhbatida hamkorlik masalalari va istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 12 yanvardagi PQ-4943-sonli “Toshkent metropolitenining yer usti liniyasi uchun o‘nta metro poyezdini sotib olish” loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Toshkent metropoliteni” UK va “Metrovagonmash” AJ (Rossiya Federatsiyasi) o‘rtasida o‘nta metro poyezdni (40ta vagon) 52,85 mln. evroga sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Joriy yilning 5 aprelida Xalqaro sanoat ko‘rgazmasida mazkur qaror ijrosini ta'minlash maqsadida kredit kelishuvi imzolandi. Kelishuvni imzolash marosimida "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruv raisining o‘rinbosari – “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi boshlig‘i O.Xudoyqulov va “Rossiya eksport markazi” AJ bosh direktori V.Nikishina ishtirok etdi. Kreditlarni moliyalashtirish “Rivojlanish va tashqi iqtisodiy ishlar banki” davlat korporatsiyasi (30,40 mln. evro) va Rossiyaning eksport-import banki (22,40 mln. evro) manbalari hisobidan amalga oshiriladi.


Loyiha doirasida jalb qilingan kreditlarni qaytarish, shuningdek ular bo‘yicha foizlar, komissiyalar va boshqa xarajatlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Kelishuvga binoan, zamonaviy va mamlakatimiz iqlimiga moslashtirilgan dastlabki 5ta metro poyezdlarini (4-vagonli versiyada) yetkazib berish shu yilning yoz oyida amalga oshiriladi. Qolgan 5ta poyezdning kelishi esa (shuningdek, har birida 4 ta vagon) 2021 yil oxirigacha olib kelish rejalashtirilgan. Yangi metro vagonlarining ekspluatasiya jarayoni 30 yilgacha.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish