Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

10:59:26 (GMT +5), juma, 29 mart 2024

Temir yo‘l tizimida ham COVID-19 virusiga qarshi emlash boshlandi

Ma'lumki, yurtimizga  Xitoy Xalq Respublikasidan bir million dozada hamda Hindiston davlatidan 660 ming dozada vaksina keltirilgan bo‘lib,  shundan 5081ta dozasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga ajratilgan. Ushbu vaksinalar Jamiyat tizimi tasarrufidagi barcha birlashgan tibbiyot maskanlariga taqsimlab berildi. 

Mazkur jarayonda eng avvalo, respublika miqyosidagi temir yo‘l tizimida faoliyat yuritayotgan barcha tibbiyot xodimlari emlanadi. Hozirgi kunda tizim tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari ro‘yxati shakillantirilib, Respublika sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik xizmatiga taqdim etilgan. 

Ta’kidlash joiz, joylardagi barcha  poliklinika va shifo maskanlari qulay sharoitga ega bo‘lgan, tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan maxsus emlash punktlari tashkil etildi. Birgina Markaziy temir yo‘l poliklinikasida ham uch xonadan iborat maxsus tibbiy jihozlar bilan jihozlangan emlash punkti tashkil qilindi. Poliklinika hududiga kirishingiz bilan emlash punktigacha, 2 metr masofani saqlash maqsadida ogohlantiruvchi maxsus ko‘rsatkich belgilari qizil chiziqlar bilan chizilgan. Shuningdek, tegishli tartibda emlash oldidan har bir fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari uchun ham sharoitlar yaratildi. Unda asosan emlanishdan oldin barcha tibbiyot xodimlarining sog‘lig‘i, tana harorati, qon bosimi o‘lchanib, hammasi me’yor talabiga javob bersagina emlashga ruxsat berilmoqda. Har bir kishi emlangandan so‘ng, maxsus tashkil etilgan xonada 30 daqiqa davomida shifokorlar nazorati ostida bo‘ladi hamda belgilangan tartibda, emlangan odamlarga uch kun mobaynida rioya etish kerak bo‘lgan qoidalar haqida maxsus ko‘rsatmalar beriladi. Agarda xodimlarda emlangandan keyin og‘riq, qizarish, qichishish, shish, isitma, bosh aylanishi, hushdan ketish holati kuzatilsa, zudlik bilan oilaviy shifokoriga yoki tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat etishlari aytib o‘tilib, ulaning barchasiga eslatma varaqalari taqdim etilmoqda.

– Aprel oyining shu kuniga qadar yurtimizda jami 400 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimlari va 65 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi emlandi, shuningdek, temir yo‘l tizimiga qarashli tibbiyot maskanlarida ham mazkur emlash jarayoni jadallik bilan olib borilib,  hozirda 2 ming nafar ishchi-xodim emlashdan o‘tkazildi, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Markaziy Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasi bosh shifokori Sh.Abduraximov. – Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish joizki, ayni kunda bu virusning yanada shiddat bilan respublika bo‘ylab tarqalishi kuzatilmoqda. Temir yo‘l miqyosida ham 2021 yilning shu kuniga qadar 125 nafar temiryo‘lchida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bu virusni jilovlashning yo‘li bitta. U ham bo‘lsa emlashdir. Birinchi navbatda, biz tibbiyot xodimlari barchaga  namuna sifatida ushbu vaksinani olib, xalqimiz ishonchini oqlashimiz darkor. Vaksina mutlaqo bezarar hamda bepul. Mamlakatimizga gumanitar yordam sifatida jo‘natayotgan davlat rahbarlariga hamda yurtboshimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Emlash jarayonidan keyingi holatda xodimlarning sog‘lig‘ini uch kun mobaynida qat’iy kuzatuv ostiga olish mas’uliyati ham tibbiyot muassasalarining mutaxassislariga yuklatilgan. Emlash natijasida noxush holatlar aniqlanganda shtab a’zolariga zudlik bilan xabar qilinmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish