Temiryo‘lchilar kasb bayrami munosabati bilan eng faol xodimlar “Faxriy temiryo‘lchi” belgisi bilan taqdirlandi

Bugun, 30 iyul kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida soha xodimlarining kasb bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilov, uning o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari hamda bir guruh temiryo‘lchilar, mukofot sohiblari ishtirok etdi.

Bayram tadbirida X.Xasilov so‘zga chiqib barcha temiryo‘lchilarni yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi hamda Temiryo‘lchilar kasb bayrami bilan muborakbod etdi.

Bu yil 29 nafar temiryo‘lchi uzoq yillik samarali mehnati, ishdagi yutuqlari va tashabbus ko‘rsatganligi munosabati bilan “Faxriy temiryo‘lchi” belgisi hamda O‘zbekiston Respublikasida joriy etilgan bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz barobarida pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Eʼtiborlisi joriy yilgi bayram tadbiri o‘tgan yillarga qaraganda biroz boshqacharoq o‘tdi. Yaʼni butun dunyoda, shuningdek, yurtimizda ham COVID-19 pandemiyasi yurtdoshlarimizga xavf solib turgan ushbu kunlarda bayram tadbiri karantin qoidalariga to‘liq amal qilingan holda tashkil etilib, zoom dasturi orqali onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma binosida faoliyat ko‘rsatadigan mukofot sohiblari ishtirok etgan bo‘lsa, hududlardagi korxonalarda mukofot olgan temiryo‘lchilar o‘zi ishlab turgan korxonasida rahbarlari tomonidan “Faxriy temiryo‘lchi” belgisi tantanali tarzda topshirildi. Har bir temiryo‘lchiga berilgan mukfot onlayn tarzda kuzatib borildi.

– Bugun biz mamlakatimiz iqtisodiyotining qon tomiri hisoblangan temir yo‘l sohasida mehnat qilayotgan ko‘pming kishilik xodimlarning kasb bayrami munosabati bilan yig‘ilgan ekanmiz, shaxsan o‘zim va Respublika hukumati nomidan sizlarni muborakbod etaman, – dedi X.Xasilov. – Ushbu tantana xalqimizning eng ulug‘ va eng aziz bayrami, yaʼni O‘zbekistonimiz Mustaqilligining 30 yillik bayrami arafasida o‘tkazilayotgani o‘ziga hos ahamiyat va eʼtiborga loyiqdir. Vatanimiz mustaqillikka erishgan tarixiy qisqa yillarda sohamizda ulkan ishlar bajarilgani bugungi tantana ishtirokchilariga ham yaxshi maʼlum va siz aziz temiryo‘lchilarning ushbu ishlarda bevosita qatnashib kelayotganingiz har birimizga g‘urur bag‘ishlaydi. Ushbu erishilgan yutuqlarga misol qilib, yildan yilga yo‘lovchi va xalq xo‘jaligi yuklarining oshirib bajarilishi, poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash, Amudaryo uzra qurilgan ko‘prik, “Navoiy –  Uchquduq – Sulton Uvaystog‘ – Nukus”, “Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on” hamda  “Angren – Pop” va “Urganch – Xiva” yangi temir yo‘l uchastkalarini qurilishi, amaldagi temir yo‘llarni esa elektrlashtirishini aytish mumkin. Qolaversa, Markaziy Osiyoda ilk bor og‘ir mashinasozlik va quyuv metallurgiya sanoatining asoslari yaratildi. Toshkent metropoliteni liniyalarining qurib bitkazilgani va keyingi bosqichlarda qurilish loyihalari davom etayotgani, yangi va zamonaviy metro poyezdlarining olib kelingani  ham sohamiz mutaxassislari erishayotgan yutuqlar desak yanglishmaymiz. Qadrli kasbdoshlar, hurmatli faxriylar, faxriy temiryo‘lchilarimiz, fursatdan foydalanib barchangizni temir yo‘l xodimlari kuni bilan yana bir bor chin yurakdan tabriklab, sizlarga va oila aʼzolaringizga tinchlik, xotirjamlik osoyishtalik, farovonlik, oilaviy baxt va ishlaringizda bundanda katta yutuqlarga erishishingizni tilayman. Ro‘zg‘oringiz hamisha barakali, turmushingiz farovon bo‘lsin. Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin azizlar! 

Shundan so‘ng boshqarma binosida faoliyat ko‘rsatayotgan mukofot sohiblariga X.Xasilov “Faxriy temiryo‘lchi” belgisini tantanali tarzda topshirdi.  Hududlardagi korxonalarda faoliyat ko‘rsatayotgan mukofot sohiblariga o‘zi ishlab turgan korxona rahbariyati tomonidan “Faxriy temiryo‘lchi” belgisi topshirildi.

Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining 2 nafar xodimi "Qazaqstan temir joli” Milliy kompaniyasi tomonidan “Turkiston – Sibir” temir yo‘lining 90 yilligi munosabati bilan mukofotlandi. X.Xasilov ushbu mukofotlarni o‘z egalariga tantanali tarzda topshirdi.

Tadbirda mukofot sohiblari so‘zga chiqib, eʼtibor va eʼtirof uchun katta tashakkur bildirishdi, bu mukofot ularga yana-da g‘ayrat va shijoat bilan ishlashga ko‘mak berishini aytib o‘tishdi.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI