Gender tenglikka erishish strategiyasi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida “Gender strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati” mavzusida videokonferensiya tarzida seminar tashkil etildi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi M.Qodirxonova, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, boshqarma boshliqlari, ishchi-xodimlar hamda hududlardagi korxonalar mutaxassislari ishtirok etishdi. 
 
Tadbirda dastlab, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilov so‘zga chiqdi va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda genderlikni rivojlantirish, xotin-qizlar huquqlarini ta’minlashda olib borilayotgan vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Bu borada O‘zbekiston temir yo‘llarida ham salmoqli ishlar amalga oshirilgani tahsinga sazovorligini qayd etdi. 

– Ta’kidlash joizki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimda gender tengligini ta’minlash bo‘yicha ham bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan va bugungi kunda amalga oshirilmoqda, – dedi X.Xasilov. – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida mehnat qilayotgan xotin-qizlar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksi va boshqa qonuniy hujjatlarda ayollar uchun ko‘rsatilgan imtiyozlardan to‘la foydalanmoqda. Ayni kunlarda temir yo‘l tizimida 90 ming 700 nafar temiryo‘lchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 16 ming 625 nafari xotin-qizlardan iborat bo‘lib, bu ko‘rsatkich umumiy ishlovchilar soniga nisbatan 18 foizni tashkil etadi. Temir yo‘l tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarda qirqqa yaqin boshlang‘ich tashkilot raislari faoliyat ko‘rsatadi. Mustaqillik yillarida temiryo‘lchi ayollarimizdan 113 nafari “Faxriy temiryo‘lchi” belgisi bilan, 37 nafar ayol esa turli darajadagi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Boshqaruv raisi temir yo‘l tizimida mehnat qilayotgan ayollarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarning, shu jumladan, nogironligi bo‘lganlarning manzilli ro‘yxatlari ("Ayollar daftari")ni tuzish, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish, reabilitasiya vositalari bilan ta’minlash ishlariga ko‘maklashish maqsadida ishchi guruhi tuzilib, xonadonbay yurib o‘rganildi. Shuningdek, ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan xotin-qizlarni yashash tarzi, muammolari to‘liq o‘rganildi va Jamiyat boshqaruvi raisining buyrug‘iga asosan 294 nafar temiryo‘lchi ayolga 1 million so‘mdan  moddiy yordam berildi. Shuningdek, uy-joylari ta’mirlanib, tibbiy yordam va barcha shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Tadbirda Senator M.Qodirxonova O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasining mazmun-mohiyati to‘g‘risida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdi. Xususan, strategiya erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targ‘ib qilinishini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligini ta’kidladi. 
– Bugungi kunda qabul qilingan strategiyaning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, unda belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi M.Qodirxonova. – Xususan, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda tizim xodimlari uchun gender strategiyasining ahamiyatini targ‘ib etishga qaratilgan seminarlar o‘tkazib kelinmoqda. Shu bilan birga Gender tenglikka erishish strategiyasi asosan, uzoq istiqboldagi maqsadli vazifalardan kelib chiqib, qator ustuvor yo‘nalishlarda amalga oshirilishi, davlat xizmatida, ijtimoiy-iqtisodiy, oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasida, saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlilik hamda imkoniyatlar ta’minlandi.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda gender tenglikni ta’minlash borasida muhim qadam tashlanib, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.

Ayniqsa, 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida Gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilinishi mamlakatda inson huquqlariga nisbatan hurmat bilan qarashni shakllantirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirish imkonini beradi. 

Seminarda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining mazmun-mohiyati, shuningdek, Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishda himoya orderining ahamiyati to‘g‘risida ishtirokchilarga ma’lumotlar berildi. 

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar taklif va mulohazalarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Axborot-tahliliy media markazi