Munosabat: Aholi murojaati amaliy yechimini topdi

O‘tgan haftada qator ijtimoiy tarmoq sahifalarida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidan Gulbaxor shaharchasiga o‘tishda temir yo‘l kesishmasi mavjud va piyodalar undan avtomobil yo‘li bo‘ylab o‘tayotgani hamda ushbu vaziyat yo‘l harakati hamda inson hayoti uchun xavfli ekanligi taʼkidlab o‘tildi.

Mazkur vaziyat “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati va tegishli mutasaddilar tomonidan zudlik bilan o‘rganilib tegishli chora ko‘rildi. O‘rganish vaqtida quyidagilar aniqlandi. Mazkur temir yo‘l kesishmasi yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar uchastkasida joylashganligi, unda temir yo‘l xavfsizligini taʼminlovchi barcha kerakli sharoitlar (himoyalovchi panjara, shlagbaum, maxsus to‘siqlar, signalizatsiya vositalari va h.k.) yaratilganligi, temir yo‘l kesishmasining navbatchisi uchun qurilgan maxsus inshoot va yonida piyodalar yo‘lagi mavjudligi aniqlandi.

Shu bilan birga, mavjud piyodalar yo‘lakdan ko‘ra, avtomobil yo‘lining qarama-qarshi tomonidagi yo‘lak qurilishga mahalliy aholi tomonidan talab yuqoriligi, jumladan, temir yo‘lning narigi tomonida joylashgan maktabga qatnaydigan o‘quvchilar uchun ancha qulay bo‘lishi aniqlandi. 

Yuqorida mahalliy aholi tomonidan qayd etilgan talablardan kelib chiqib “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan avtomobil yo‘lining ikkinchi tomonida ham piyodalar yo‘lagini qurish ishlari boshlab yuborildi. Bugungi kunga kelib yakuniy pardoz ishlari amalga oshirilib 1 dekabr kuni  mazkur piyodalar yo‘lagi aholi xizmatiga foydalanishga topshirildi. 

Maʼlumot o‘rnida taʼkidlash joizki, temir yo‘l kesishmasidan o‘tuvchi poyezdlar va transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini taʼminlash, shlagbaum, maxsus to‘siqlar, svetoforlarning yaxshi holatini uzluksiz kuzatish temir yo‘l kesishmasi navbatchisining asosiy vazifasi hisoblanadi. Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, temir yo‘l kesishmasi navbatchi binosi taqiqlangan hududdir. Shu bois, yuqoridagilarni inobatga olgan holda uning binosiga kirish qatʼiyan taqiqlanadi.

Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan jamoatchilik, OAV vakillari va blogerlar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.  Aholining bu kabi murojaatlari eʼtiborsiz va javobsiz qolmayapti. Tegishli mutasaddilar bilan bilan birgalikda atroflicha o‘rganib chiqiladi va kerakli chora ko‘rilib, ijobiy hal etilmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI