“Toshtemiryo‘lloyiha” MCHJ: Amalga oshirilgan ishlar va yangi loyihalar

“Toshtemiryo‘lloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyatining fidoyi ishchi-xodimlari hamda tajribali muhandislari tomonidan amalga oshirilayotgan davlat ahamiyatidagi yirik bunyodkorlik loyihalari yurtimiz jamoliga ko‘rk, iqtisodiyotiga esa katta daromad qo‘shmoqda.

Bu jarayonda O‘zbekiston hukumati tomonidan tasdiqlangan investisiya dasturlari, yo‘l xaritasi va harakatlar strategiyalariga muvofiq bir qancha xorijiy sarmoyalarni jalb etish orqali sanoat va transport sohasida qurilish jarayonlarining texnik-iqtisodiy asoslari hamda ishchi loyihalarini puxta va mukammal ishlab chiqishga qaratilmoqda. 

– Shu yillar oralig‘ida davlat mutasaddi rahbarlari tomonidan mamlakatimizning geopolitika nuqtai nazaridan, joylashishidan kelib chiqib, uzoq xorijiy davlatlarga eksport-import yuklarini tashishning asosiy manbai hisoblangan yangi temir yo‘l yo‘nalishlarini bunyod etish lozimligi ko‘rib chiqilib, buning natijasida qator yirik loyihalar ham amalga oshirila boshlandi, – deydi “Toshtemiryo‘lloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Rasuljon Ro‘ziyev. – Shu o‘rinda “Asr qurilishi” deya ta’rif etilgan “Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on” yangi temir yo‘l liniyasi qurilishini tilga olmaslikning iloji yo‘q. Amalga oshirilgan bu yirik loyihalar bugungi kunda ham davlat ahamiyatidagi iqtisodiy muammolarni hal etishda va tranzit yuklarni o‘z manziliga yetkazishda asosiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

 Bundan tashqari xorij kapitalini jalb qilgan holda  ustuvor yo‘nalishdagi “Chingeldi – Samarqand – Buxoro – Xo‘jadavlat” temir yo‘l liniyasini qayta qurish loyihasi ham puxta reja asosida ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Shundan so‘ng Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, “Xovos – Jizzax” temir yo‘l uchastkasidagi ikki tomonlama qo‘shimchalar, “Navoiy – Uchquduq” uchastkasi temir yo‘lini qayta qurish, “To‘qimachi – Angren” temir yo‘l uchastkasi hamda “Maroqand – Qarshi – Termiz” temir yo‘l magistrallarini elektrlashtirish, “Urganch – Ekskavator” ochiq aksiyadorlik jamiyati zavodining ob’yektlarini qayta qurish loyihalari ham ishlab chiqildi.

“Toshtemiryo‘lloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyatida mehnat qilib kelayotgan xodim va muhandislar Toshkent – Samarqand yo‘nalishidagi yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdiga elektrlashtirilgan yangi temir yo‘lining qurilishi uchun loyiha smeta hujjatlarini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etishdi. Bu jarayonlarda uzunligi 35 kilometr bo‘lgan “Yangiyer – Dashtobod” temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish ishlari ham nazarda tutilib, puxta dastur asosida loyiha hujjatlari tayyorlandi.

“Angren – Pop” yangi temir yo‘l liniyasining Janubiy portalidan “Qo‘shminor” stansiyasigacha, “Samarqand – Qarshi”, “Samarqand – Buxoro” temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish, “Pop-logistik” markazi hududida ko‘mir briketlarini ishlab chiqarish zavodini bunyod etish, “Buxoro – Miskin” temir yo‘l liniyasini qurish, “Sardoba temir yo‘l agrosanoat” majmuasi binolarini va yangi inshootlarini barpo etish, “Toshkent mexanika zavodi”  aksiyadorlik jamiyatini qaytadan qurish, “Qarshi – Kitob” temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish va tezyurar poyezdlarini tashkillashtirish loyiha-sining ishchi hujjatlari navbat asosida birma-bir tayyorlab berildi. 

Shundan so‘ng Yo‘l transport va muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasi qurilishi bo‘yicha Amantaytau temir yo‘l liniyasining qurilish loyihasi, Andijon – Savay – Xonobod shaharlari atrofidagi temir yo‘llarini zamonaviylashtirish, “Namangan” vokzalining qayta qurilishi, Chiroqchi tuman markaziga temir yo‘l liniyasini o‘tkazish, “Toshkent mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyati hududida ichki yo‘llarni qurish, “Qarshi – Kitob” temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish, signallashtirish, markazlashtirish blokirovka va aloqa loyihalarini amalga oshirilishiga qo‘l urildi.

Shu bilan birga “Chirchiq” va “Bo‘zsuv” stansiyalarida 50 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan vokzal binosi, Buxoro viloyati Kogon tumanida ming bosh qoramol uchun chorvachilik kompleksi, yana shunday Xorazm viloyati Shovot tumanida ham ming bosh qoramol uchun chorvachilik kompleksining qurilishi, Andijon viloyati Xonobod shahrida 200 o‘rinli bolalar sog‘lomlashtirish oromgohini ta’mirlash, Jizzax viloyati Zomin tumanida bolalar oromgohini qurish, Andijon – Savay – Xonobod shaharlari atrofidagi yo‘lovchi tashishni tashkillashtirish uchun temir yo‘llarni zamonaviylashtirish loyihalarining ishchi hujjatlari puxta dastur asosida tayyorlab berildi.

Buning mantiqiy davomi sifatida esa “Temiryo‘lobod” temir yo‘l stansiyasidan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga hamda “Xazorasp” erkin iqtisodiy zonasiga va korxonalarga kirish shoxobcha temir yo‘llarini loyihalashtirish ishlari sifatli amalga oshirildi.

Yangi “Aqcha” va “Obliq” stansiyalari oralig‘idagi temir yo‘lini ta’mirlash ishchi loyihalari, “Navoiy – Buxoro” liniyasi oralig‘ida ikkinchi tezyurar elektrlashtirilgan yo‘lni qurilishi” “Buxoro” stansiyasi qismidagi texnik-iqtisodiy asoslashga doir qator loyihalar, “Chimqo‘rg‘on” va “Baytog‘” stansiyalarida signallashtirish, markazlashtirish blokirovka va aloqa loyihasi, “Eyvalikmaxsustemirbeton” unitar korxonasi hududidagi bino va inshootlarni modernizasiya qilish va ta’mirlash, Toshguzar – Oqrabot oralig‘idagi egri temir yo‘lni tekislash, Jizzax viloyati Zomin tumanida sanatoriy qurilishi loyihasining ishchi hujjatlari, “Sariosiyo” temir yo‘l stansiyasidan “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati hududiga boradigan shoxobcha temir yo‘lini qurilishi, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi hududida tozalangan metan asosida sun’iy, suyuq yoqilg‘ini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavod uchun “Kengsoy” stansiyasida temir yo‘l qurish va ta’mirlash loyihasi, “Denov” va “Sariosiyo” stansiyalarida yo‘lovchilarga mo‘ljallangan vokzal binosi qurilishi loyihalari ham yakunlanib, foydalanishga topshirildi.

– Bu ustuvor loyihalarning barchasini yurtimiz ravnaqi hamda xalqimiz farovonligi uchun jamoa bilan birgalikda “bir tanu bir jon” bo‘lib, amalga oshirmoqdamiz, – deydi Jamiyatning bosh muhandisi Chingis Ibrayev. – Ahillikda ishlaganimiz bois o‘tgan 2021 yil oxirigacha yuzdan ortiq loyihalarning smeta hujjatlarini sifatli bajarib, sof daromad olishga erishdik. Buni o‘tgan 2020 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan qiyoslaganda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor loyihalarning 25 foizga ortig‘i bilan bajarilganini ko‘rishimiz mumkin.

Mazkur korxona xodim va muhandislari bugungi kunda ham qator loyihalarni tayyorlab berishda jonbozlik ko‘rsatmoqda. Jumladan, ayni damda Amudaryo daryosi ustidan avtomobil hamda temir yo‘l ko‘prigi orqali o‘tuvchi Shovot – Gurlan – Jumurtau – Sulton – Uvaystog‘ loyihasi, temir yo‘l uchastkalarida magistral optik aloqa liniyasini qurish, “Toshkent – Chirchiq – Xojikent” uchastkasida tezyurar poyezd qatnovini tashkil etish, “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududiga shoxobcha temir yo‘llarini qurish, “Andijon”  lokomotiv deposi 2-kapital ta’mirlash syexini uzaytirish, “Buxoro – Urganch – Xiva” temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish, xususiy korxonalar uchun shoxobcha temir yo‘l liniyalarini loyihalashtirish ustida ish olib bormoqda.

Bugungi kunda korxonada 141 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Mazkur xodimlarning 2 nafari “Faxriy temiryo‘lchi” belgisi, 1 nafari esa “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan transport xodimi” hamda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

Darhaqiqat dono xalqimiz “mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroyli”, deya bejizga aytmagan. Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ustuvor loyihalar nafaqat xalq manfaati yo‘lida, balki yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilayotganiga har birimiz guvoh bo‘lmoqdamiz.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI