Oromgohlarda kitobxonlik tadbirlari o’tkazilmoqda

  • 23.06.2017
  • 356

      “O’zbekiston temir yo’llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi yozgi dam olish oromgohlarida sog’lomlashtirilayotgan soha farzandlarini ko’ngildagidek dam olishlarini tashkil etish maqsadida turli sport musobaqalari hamda madaniy va ma’naviy tadbirlar ham muntazam tashkil etilmoqda.
      Kuni kecha  O’zbekiston temiryo’lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tasarrufidagi Markaziy kutubxona tomonidan “Burchmulla” oromgohida “Eng zukko kitobxon” viktorinasi o’tkazildi.
Joriy yil yoz mavsumida ushbu dam olish maskanida 960 nafar 7 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolajonlarning dam olishi rejalashtirilgan. Ayni paytda esa bu erda mavsumning 1-bosqichida soha xodimlarining 300 nafar farzandi sog’lomlashtirildi. 
       Ushbu tadbirni o’tkazishdan ko’zlangan asosiy maqsad yosh o’g’il-qizlar o’rtasida kitobxonlikka qiziqishni uyg’otish, kitob o’qish madaniyatini rivojlantirish, bolalarning bilimini yanada oshirishdan iboratdir.
     Xuddi shunday tadbir poytaxt viloyatida joylashgan “Qibray” oromgohida ham tashkil etildi. Tadbir davomida bolajonlar “Kitob — aql chirog’i” mavzusida  o’tkazilgan kitoblar ko’rgazmasi, qiziqarli viktorinalar, “Kitob — mening do’stimdir” mavzusida tashkil etilgan rasmlar tanlovida ham faol ishtirok etishdi. Taniqli shoirlarimiz she’rlarini yoddan aytib, o’zlarining kitobga, adabiyot va she’riyatga bo’lgan qiziqishlarini namoyish qilishdi. 
       Belgilangan shartlar bo’yicha faol ishtirok etgan bolalarga kitoblar  sovg’a  qilindi. 

Axborot xizmati