MAQSAD — YO‘LOVCHILAR MANFAATINI TA’MINLASH

  • 30.06.2017
  • 2628

      Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Narimmat Yo‘ldoshev o‘z sahifasida joriy yilning 24-25 iyun kunlari Toshkent-Urganch yo‘nalishida chipta sotib olish bo‘yicha bildirgan e’tiroz va mulohazalarini “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati ma’muriyati atroflicha o‘rganib chiqib, quyidagilarni ma’lum qilishni lozim topdi.

      Ma’lumki, 2017 yil 26 iyun kuni mamlakatimizda “Ramazon hayiti kuni” deb e’lon qilinib, dam olish kuni etib belgilandi. Shu munosabat bilan bayram oldi viloyatga ketuvchi yo‘lovchilar soni bir muncha ortdi. Natijada, 24-25 iyun kunlari “Toshkent-Urganch” yo‘nalishida harakatlanadigan poezdlarning chiptalari xarakat kunidan oldin to‘liq sotib tugatildi.

     Shuningdek, bayram munosabati bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 27 iyun kuni viloyatlardan Toshkent shahriga keluvchi yo‘lovchilarni joy bilan ta’minlash maqsadida 26 iyun kuni jo‘naydigan 58-sonli “Toshkent-Shovot” poezdiga qo‘shimcha 6 ta “plaskart” vagonlari ulandi. Mazkur vagonlar 21-23 iyun kunlari yo‘nalish harakati tarkibiga kiritildi.

     Aniqlanishicha, 26 iyun kuni jo‘naydigan 58-sonli “Toshkent-Shovot” poezdining qo‘shimcha ulangan 6 ta vagoniga umumiy 31 ta chipta sotilib, shundan 21 ta chipta “Toshkent-Navoiy-Uchquduq-Urganch” yo‘nalishlari bo‘yicha, 5 ta chipta “Jizzax-Urganch” yo‘nalishi bo‘yicha va 5 ta chipta “Samarqand-Urganch” yo‘nalishi bo‘yicha rasmiylashtirilgan. 

   Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Narimmat Yo‘ldoshev postida keltirilgan chipta sotuvchining muomilasi va navbatchining mas’uliyatsizligi bo‘yicha bildirilgan fikrlar ham chiptaxonalarda o‘rnatilgan video kameralar orqali o‘rganilib, tahlil qilindi. Holat postda keltirilgan fikrlar kabi o‘ta keskin bo‘lmasada, xodimlarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar ko‘rildi.

    Hozirgi kunda aholiga xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatini oshirish, ishlarni yanada takomillashtirish, yo‘lovchilarning taklif va mulohazalarini o‘rganish maqsadida “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati Bosh direktorining virtual qabulxonasi faoliyat yuritmoqda. Hurmatli yo‘lovchilar barcha murojatlaringizni uzrailpass.uz veb-sayti orqali virtual qabulxonaga yo‘llashingiz mumkin.

 

O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ ma’muriyati