Мehnatni ham, rag'batni ham mas'uliyat deb bilgan fidoyilar

  • 06.08.2017
  • 3472

     2017 yil O'zbekiston temiryo'lchilari uchun unutilmas voqealarga boy bo'lmoqda. Ana shulardan biri — O'zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 2 avgustdagi “O'zbekiston Respublikasi temir yo'l transporti xodimlari kunini nishonlash to'g'risida”gi farmoniga muvofiq, joriy yildan boshlab avgust oyining birinchi yakshanbasi “O'zbekiston Respublikasi temir yo'l transporti xodimlari kuni” deb e'lon qilingani bo'ldi. Ushbu xushxabar sohada faoliyat yuritayotgan barcha temiryo'lchilarning qalbini g'urur va iftixorga to'ldirib yubordi. Shu munosabat bilan 4 avgust kuni temiryo'lchilar Markaziy madaniyat saroyida tantanali tadbir bo'lib o'tdi. 


      Unda O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov va hukumat a'zolari, soha xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Prezidentimizning “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyati jamoasiga yo'llagan bayram tabrigini o'qib eshittirdi. 

          Ma'lumki, temir yo'l tarmog'i mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab hukumatimiz tomonidan doimiy qo'llab kelinmoqda. Jahon temir yo'l tarmoqlari bilan bevosita hamkorliklarni yo'lga qo'yish, sohaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mavjud ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish, xorijiy investitsiyalarni tarmoqqa dadilroq jalb etish, harakat tarkibini yangilash va zamonaviylashtirish singari vazifalarni amalga oshirish uchun huquqiy-me'yoriy bazani yaratishga keng yo'l ochib berilayapti. Buning samarasi o'laroq, tizim sifat va xavfsizlik, modernizatsiya va elektrifikatsiya bo'yicha dunyoning mana man degan rivojlangan mamlakatlari qatoridan joy olmoqda.

         Anjumanda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari, “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi А.Ramatov so'zga chiqib, ana shu yutuqlar haqida gapirar ekan, mustaqilligimizning yigirma olti yilligini ham temiryo'lchilarimiz yangi-yangi mehnat g'alabalari, istiqbolli loyihalar, yuksak bunyodkorkorlik namunalari, yo'llar va ko'priklarni hamyurtlarimizga tuhfa etish bilan qarshi olayotganligini alohida ta'kidlab o'tdi. 

     Shu kuni Prezidentimizning joriy yil 4 avgustdagi “Mamlakatimiz temir yo'l sohasi xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to'g'risida”gi farmoniga muvofiq 11 nafar temiryo'lchiga davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari topshirildi. 

        Shuningdek, temir yo'l tizimini rivojlantirishga o'zlarining munosib hissalarini qo'shgan, ishlab chiqarishda yuqori natijalarga erishgan 25 nafar soha xodimi “Faxriy temiryo'lchi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. 

        El suygan san'atkorlar va Markaziy temiryo'lchilar madaniyat saroyi havaskorlik to'garaklari qatnashchilari ishtirokidagi katta kontsert dasturi bayramga o'zgacha fayz va shukuh bag'ishladi. 

      Ha, bugun temir yo'l tizimida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari natijasida ona diyorimizning qiyofasi tubdan o'zgarib, shahar va qishloqlarimiz yanada obod bo'lib bormoqda. Yildan-yilga ko'lami kengayib borayotgan, odamlarning og'irini yengil qilishga, aholining turmush darajasi va farovonligini oshirishga qaratilgan bu ezgu ishlar temiryo'lchi kasbini yanada ulug'vor qilmoqda. 

     Mehnatni ham, rag'batni ham mas'uliyat deb biladigan, bayramlarni katta yutuq va muvaffaqiyatlar bilan qarshi oladigan temiryo'lchilar zimmalarida xalqimiz o'z hayotidan rozi bo'lib yashashiga qaratilgan ezgu ishlar turganini yurakdan his etishadi. Ezgu ishlaringiz bardavom bo'lsin, aziz temiryo'lchilar!

Axborot xizmati