Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma’lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

07:06:46 (GMT +5), shanba, 23 sentabr 2017

Temiryo'lchilarga 100ta yangi uy topshirildi

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani Temiryo'lchilar massivida 100ta zamonaviy uy temiryo'lchi va ularning oila a'zolariga topshirildi. 

Mazkur uylar uchun «Qishloq qurilish» aksiyadorlik tijorat banki tomonidan uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratildi. Temiryo'lchilar uchun boshlang'ich badal to'lovini “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati ma'muriyati tomonidan to'lab berildi. Qurilish ishlari “O'ztemiryo'lqurilish” unitar korxonasi tomonidan qisqa fursatlarda, sifatli amalga oshirildi. Yangi xonadonlarda barcha qulayliklar yaratilgan. Mehmonxona, bolalar xonasi, yotoqxona, oshxona va yuvinish xonalari zamonaviy jihozlangan. Xonadon hovlisida qishloq xo'jaligi mahsulotlari ekish uchun mo'ljallangan kichik yer maydoni, tandirxona va omborxona mavjud. Har bir xonadon mo'jaz qozonxona orqali isitilmoqda. Toza ichimlik suvi bilan to'liq ta'minlangan. 

Temiryo'lchilar mavzesini bunyod etishdan katta maqsadlar ko'zlangan. Bu turar joylar asosan “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyatiga qarashli “Sardoba temir yo'l agrosanoat majmuasi” unitar korxonasida faoliyat yuritadigan temiryo'lchilar uchun bunyod etildi. Ma'lumki, mazkur korxona tomonidan bugungi kunda baliqchilik, chorvachilik, meva-sabzavotni qayta ishlash, sut mahsulotlari va omixta yem ishlab chiqarishga ixtisoslashgan istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, bu hududda 2010 yilda qurilishi boshlangan Sardoba suv ombori joylashgan. Bu gidroinshootda 922 million kub metr suv to'planadi. Bu Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi unumdor yerlardan foydalanish, qishloq xo'jaligi ekinlari hosildorligini oshirish imkonini beradi. Sardoba suv ombori va Mirzaobod tumani hududida tashkil etiladigan baliqchilik majmuasi inkubatsion sex, intensiv hovuzlar, baliqni qayta ishlash zavodi, mahsulotlarni saqlovchi muzlatkichni o'z ichiga oladi. Baliq uchun omixta yem ham shu yerning o'zida ishlab chiqariladi. Majmua “Ipoteka-bank” bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Sirdaryo baliq sanoat” korxonasi uchun asosiy baza bo'lib xizmat qiladi. Eng muhimi, suv ombori atrofida dam olish zonasi tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Sardoba meva-sabzavotlar logistika markazi ham ko'p tarmoqli bo'ladi. Bu yerda meva-sabzavotlar yetishtirish, saralash, qayta ishlash, qadoqlash, muzlatish, saqlash, quritish va yetkazib berish tashkil etiladi. Mirzaobod tumanida tashkil etilgan chorvachilik kompleksida zotdor qoramollarni ko'paytirish orqali aholiga go'sht va sut yetkazib berish yo'lga qo'yiladi. Ushbu tumandagi yana bir korxonada sut mahsulotlari ishlab chiqariladi. 3 ming 500 tonna sut qayta ishlanib, keng turdagi mahsulotlar tayyorlanadi va qadoqlanadi. Tarmoqdagi korxonalarni omixta yem bilan ta'minlash maqsadida shu yo'nalishda korxona tashkil etish mo'ljallangan. 3 ming tonna omixta yem ishlab chiqariladi. Bugun yangi xonadonga ko'chib o'tgan temiryo'lchilar ham asosan ushbu korxonalarda faoliyat yuritadi.

Mustaqilligimizning 26 yilligi bayrami arafasida o'z egalariga topshirilgan bu zamonaviy uylar temiryo'lchilarning mehnat-shijoati, yaratuvchanligining yana bir namunasi sifatida tarixda qoladi.

Axborot xizmati

  • nashr uchun ko’rinish