Toshkent – Bekobod-Toshkent: zamonaviy elektrichkalar harakati yo’lga qo’yildi

  • 03.10.2017
  • 1289

        Ma’lumki, joriy yilning avgust oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyatining Bekobod shahriga tashrif buyurgan chog’ida u erda aholiga yaratilgan sharoitlar, amalga oshirilishi lozim bo’lgan yangi loyihalar, bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Prezidentimiz xalqimizga yanada ko’plab qulayliklar yaratish borasida o’zining taklif va tavsiyalarini berdi. Jumladan, Toshkent – Bekobod - Toshkent – yo’nalishi bo’ylab zamonaviy elektrichkalar qatnovini tashkil etish vazifasini ham oldinga qo’ygan edi. Temiryo’lchilar o’zlariga bildirilgan ishonchni oqlab, qisqa fursatda mazkur yo’nalishda elektrichkalar qatnovini yo’lga qo’yishdi.

   Ma’lumki, Bekobod Toshkent viloyatining eng uzoq shaharlaridan biri hisoblanadi. Zamonaviy elektrichkalarni yo’lga qo’yish esa shu erdagi aholi uchun ko’plab qulayliklarni taqdim etadi. Poezdning qatnov jadvali ushbu yo’nalishda istiqomat qiluvchi aholining, faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar, o’quvchi, talaba yoshlarning talab va istaklari o’rganib chiqilgan holda tuzildi. Hozirda ushbu yo’nalish bo’yicha kuniga bir marotaba qatnovlar qat’iy jadval asosida muntazam amalga oshiriladi. Harakat tarkibi bir vaqtning o’zida 350 nafarga yaqin yulovchini tashish imkoniga ega. Yo’l davomida elektrichka Xovos, Yangier, Guliston kabi stansiyalarda to’xtab o’tadi. Masofaning umumiy uzunligi 183 kilometrni tashkil etib, elektrichka bu yo’lni 2 soatu 45 daqiqada bosib o’tadi.

      Elektrichka 6 ta vagondan iborat bo’lib, ularning barchasi havoni mo’tadillashtiruvchi maxsus uskunalar (kondisioner) bilan jihozlangan. E’tiborlisi, zamonaviy elektrichkalar “Toshkent yo’lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” AJda tubdan rekonstruksiya qilingan. Har bir vagonda o’rnatilgan tartibda maxsus kuzatuvchilar biriktirilgan va ular yo’lovchilarga sifatli xizmat ko’rsatishadi.

    Shuni alohida ta’kidlash lozim, yaqin kunlarda ushbu zamonaviy elektrichka qatnovlarini kuniga ikki marotaba amalga oshirish rejalashtirilgan. 

     E’tiborlisi aholiga yuqori darajada xizmat ko’rsatish maqsadida Bekobod vokzali qaytadan bugungi kun talablari darajasida rekonstruksiya qilindi. Bu erda yo’lovchilarga xizmat ko’rsatish sifatini yanada yaxshilash, xalqaro andozalarga to’la javob beradigan servisni tashkil etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Vokzalda 150 nafar yo’lovchiga mo’ljallangan kutish zali, ona va bola hamda tibbiyot xonalari mavjud bo’lib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Vokzalning oldi va shaharga chiqish qismida elektron soatlar, elektron ko’rsatkichlar o’rnatildi. Shuningdek, havo haroratini mo’tadil saqlovchi sovutgichlar, tejamkor yoritgichlar, savdo do’konlari barpo etildi.

 Axborot xizmati