“O’ZBEKISTON TEMIR YO’LLARI”: Mustaqillik yillaridagi yutuqlar

  • 06.10.2017
  • 2015

      Joriy yilning 6 oktyabrida Milliy matbuot markazida "Mustaqillik yillarida O’zbekiston temir yo’llari tizimida amalga oshirilgan loyihalar va istiqboldagi rejalar"ga bag’ishlangan matbuot anjumani bo’lib o’tdi. Unda tarmoq tarkibidagi qator boshqarma, korxona va tashkilotlar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

       Yig’ilishda dastlab so’zga chiqqan “O’zbekiston temir yo’llari” AJ bosh menejer-bosh muhandisi Xusniddin Xosilov, istiqlolga erishganimizdan bugungi kungacha qariyib 4 yarim ming km. temir yo’l qaytadan reabilitasiya qilinib, 2100 km.ga yaqin yangi po’lat izlar yotqizilgani, 2 yarim ming km temir yo’l to’liq elektrlashtirilgani va hozirgi kunda mamlakatimiz temir yo’llarining umumiy uzunligi qariyib 7000 km.ni tashkil etishini ta’kidladi. SHuningdek, u yo’lovchilarga sifatli xizmat ko’rsatish, ularga qulayliklar yaratish borasida ham tarmoqda maqtovga arzigulik ishlar amalga oshirilayotgani haqida to’xtalib o’tdi. Jumladan, o’tgan yillar davomida 10 ga yaqin vokzal zamon talablari darajasida yangidan qurib foydalanishga topshirildi, 20 dan ziyod vokzal esa jahon standartlariga mos ravishda tubdan kapital ta’mirlandi.

      Mustaqillik yillarida mamlakat yagona temir yo’l tizimini barpo etish, yo’lovchi va yuk tashish hajmini oshirish maqsadida ko’plab yirik loyihalar hayotga tadbiq etilganligi aytib o’tildi. Jumladan, Qoraqalpog’iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisini poytaxt va boshqa viloyatlar bilan bog’lash maqsadida uzunligi 341,6 km.ni tashkil etuvchi “Navoiy–Uchquduq–Sultonuvaystog’–Nukus” yangi temir yo’l liniyasi, loyiha doirasida Amudaryo uzra temir yo’l va avtomobil qo’shma ko’prigi, “Toshg’uzor–Boysun–Qumqo’rg’on” yangi temir yo’l liniyalarining qurib foydalanishga topshirilishi shular jumlasidandir. Orttirilgan yuksak tajriba, yangi texnologiyalar bois temiryo’lchilarimiz tomonidan Afg’onistonda ham bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, “Hayraton–Mazori-Sharif” yo’nalishida 106 km po’lat izlar yotqizilgan.

       2010 yilda umumiy uzunligi 344 km bo’lgan “Toshkent–Samarqand” liniyasida keng ko’lamli modernizasiya va ta’mirlash ishlari olib borildi. Natijada 2011 yildan boshlab mazkur yo’nalishda "Afrosiyob" yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy poezd mamlakatimiz aholisi va mehmonlariga xalqaro talablar darajasida xizmat ko’rsatishni boshladi.

        Shuningdek, matbuot anjumanida tarmoqda amalga oshirilgan elektrlashtirish ishlari natijasida 2015 yil Toshkentdan Qarshiga, 2016 yilda esa Toshkentdan Buxorogacha ana shunday zamonaviy poezdlarning muntazam qatnovi yo’lga qo’yilgani haqida to’xtaldi. Hozirgi kunda Urganch shahridan ko’xna Xivagacha bo’lgan masofada po’lat izlar yotqizish,elektrlashtirish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Ular nihoyasiga etgach ushbu yo’nalishda ham zamonaviy yuqori tezlikda harakatlanuvchi poezdlar harakati yo’lga qo’yiladi va qadimiy o’lkaga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun xalqaro talablar darajasida sharoitlar yaratiladi.

      Uchrashuvda, tizimdagi yirik loyihalardan yana biri bu Farg’ona vodiysini mamlakatimiz poytaxti bilan bog’laydigan, umumiy uzunligi 123,2 km.ni tashkil etuvchi Angren–Pop elektrlashtirilgan yangi temir yo’li hamda loyiha doirasida xitoylik hamkorlar bilan birgalikda uzunligi 19.2 km.ga teng bo’lgan “Qamchiq” tunneli ham bunyod etilganligi to’g’risidaso’z yuritildi.

        Lokomotivlar parkini yangilash borasida ham qator tadbirlar amalga oshirildi. Hozirgacha 50 ga yaqin zamonaviy elektrovozlar xarid qilindi.Tizimda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar yuk va yo’lovchi tashish hajmini yanada oshirishga imkon yaratdi. Hozirgi kunda yo’lovchi poezdlarimiz tarkibi tarmoqdagi “Toshkent yo’lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” Aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan so’nggi rusumdagi vagonlar bilan to’ldirib borilmoqda. Joriy yilning o’zida ikkita xududda Qo’qon–Andijon hamda Bekobod–Toshkent yo’nalishlarida ana shunday vagonlardan iborat bo’lgan zamonaviy elektrichkalarning doimiy harakati boshlangani ham aholiga qo’shimcha qulayliklar yaratilayotgani xaqida ham batafsil ma’lumot berildi.     

        Amalga oshirilgan yirik loyihalar haqida so’z yuritganda, uzunligi 355 km. ni tashkil etuvchi Buxoro–Miskin yangi temir yo’lining muddatidan ilgari qurib foydalanishga topshirilganligi ham alohida ta’kidlab o’tildi. Bundan tashqari kuni kecha Toshkent shahrida yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" poezdlariga texnik xizmat ko’rsatuvchi zamonaviy servis markazi hamda uning yonida uzunligi qariyb 300 metrni tashkil etuvchi muhtasham yo’l o’tkazgichning ishga tushirilgani ham aytib o’tildi.

        Ayni kunlarda poytaxtimizning Sergeli va  Yunusobod tumanlaridagi metropolitenning yangi yo’nalishi hamda Toshkent-Janubiy vokzalida olib borilayotgan qurilish ishlari ham yig’ilganlarning diqqat markazida bo’ldi.

Shuningdek, jurnalistlarni qiziqtirgan tarmoq tizimidagi o’quv muassasasi bitiruvchilarining ish bilan bandligi, tarmoq sog’liqni saqlash tizimidagi islohotlar, yo’lovchi tashish hamda ularga servis xizmat ko’rsatish, ichki turizmni rivojlantirish masalalari yuzasidan O’zbekiston temiryo’lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o’rinbosari Y.A.Nazarov, Personallarni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari A.Ya.Ollamov, Sog’liqni saqlash xizmati boshlig’i T.B.Matiboev, Toshkent temir yo’l muhandislari instituti rektori M.X.Rasulovlar atroflicha ma’lumot berishdi.

       Ommaviy axborot vakillari o’zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

Axbort xizmati