Yuksak maqsad va yangi zafarlar sari

  • 14.11.2017
  • 827

     O'zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 26 iyuldagi qaroriga binoan, “O'zbekko'mir” va “Sharg'unko'mir” aktsiyadorlik jamiyatlari “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati tarkibiga kiritilgan edi. 


      Yangi imkoniyatlarni izlab topish, bu boradagi ishlarni texnik va texnologik jihatdan yanada takomillashtirish ko'zlangan bu qarorda ko'mirni yetkazib beruvchi ham, tashuvchi ham, sotuvchi ham bitta tashkilot qilib belgilab  berildi.

     Energiya resurslarini yanada rivojlantirish, aholini qattiq yoqilg'i bilan ta'minlash maqsadida mamlakatimizda bir qator ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ko'mir qazib olish jarayonini yanada taraqqiy ettirish, sohaga yangi texnologiyalarni jalb etish, uni tashish va mijozlarga yetkazib berishdagi ishlar samarasini oshirishga qaratilgan bir qator loyihalar hayotga tatbiq etilyapti.


     “Sharg'unko'mir” aktsiyadorlik jamiyatining ishlab chiqarish hajmini 2020 yilga qadar yiliga 900 ming tonnaga oshirish istiqbolli ezgu ishlardan biridir. Shu maqsadda joriy yilning 7 sentyabr` kuni Xitoyning China Railway Tunnel Group (CRTG) kompaniyasi bilan hamkorlikda “Sharg'unko'mir” korxonasining modernizatsiyasi bo'yicha investitsion loyiha boshlandi. Uning umumiy qiymati 94,5 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyihaga ko'ra, qo'shimcha 500 dan ziyod yangi ish o'rinlari yaratiladi. Yangi texnika va texnologiyalar joriy etiladi.


       “Sharg'unko'mir” konining yillik quvvati – 100 ming tonna bo'lib, aniqlangan ko'mir zaxirasi – 35,6 million tonnani tashkil etadi. Shuning uchun “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan ko'mir qazib olishni yanada takomillashtirish, yangi imkoniyatlarni ishga solish bo'yicha yangi dastur ishlab chiqilgan. Kelgusida “Sharg'unko'mir” koni mamlakat energetika tarmog'ining eng yirik xomashyo manbalarining biri bo'lishi ko'zda tutilgan.


   O'zbekiston ko'mirning yirik zaxiralariga boyligi jihatidan dunyodagi peshqadam mamlakatlardan biri hisoblanadi. Har yili “O'zbekko'mir” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan 3 million tonnadan ortiq mahsulot qazib olinadi. Bu xomashyo, asosan,  elektr-energetika tarmog'ida ko'p foydalaniladi. Shu bois respublika bo'yicha umumiy ko'mir iste'molining 85 foizidan ortig'i ushbu tarmoq hissasiga to'g'ri keladi.


      Yurtimizda, asosan, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida ko'mir qazib olinadi. Toshkent viloyatida Apartak va Angren konlari joylashgan bo'lsa, Surxondaryoda Sharg'un va Boysun ko'mir konlari mavjud. Angren ko'mir koni Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik xomashyo bazalaridan biridir.  Angrenda kul rang ko'mir ochiq usulda qazib olinishi bilan ham ajralib turadi. E'tiborlisi, Angren ko'mir konida amalga oshirilishi ko'zda tutilayotgan  yillik quvvati 4 million tonnaga teng bo'lgan yer ostidagi shaxta usuli bilan qazib olishga mo'ljallangan loyihani ishlab chiqish ham poyoniga yetmoqda.


     Hozirda mazkur mahsulotlar “O'zbekenergo” aktsiyadorlik jamiyatining Yangi Angren va Angren issiqlik  elektrostantsiyalari, “O'zqurilishmateriallari” aktsiyadorlik jamiyatiga qarashli sement zavodlariga, “Qishloq qurilish invest” injinering kompaniyasi korxonalari va boshqa iste'molchilarga yetkazib berilmoqda.

Axborot xizmati