Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma’lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

05:20:58 (GMT +5), juma, 17 avgust 2018

Boysun toshko'mir koni: yirik loyihalar, istiqbolli rejalar

Mamlakatimizda ko'mir qazib olish va uni yetkazib berish, konlarning moddiy texnik bazasini mustahkamlash, bu tizimdagi barcha ishlar “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati tasarrufiga o'tgandan so'ng yangicha sur'at bilan rivojlanmoqda. Xususan, tarmoqda mustahkam tartib-intizom o'rnatildi, shu bilan birga mavjud konlarni modernizatsiya qilish, yangi xom-ashyo bazalarini izlab topish jarayonlari izchil davom ettirilmoqda.

“Sharg'unko'mir” aktsiyadorlik jamiyati tarkibidagi Sharg'un va Boysun toshko'mir konlari yuqori boy tabiiy zaxiraga ega. Jumladan, Sharg'un toshko'mir konidagi xom-ashyo hajmi, geologlar ma'lumotiga ko'ra, 33 million tonnadan ortiqni tashkil etadi. Boysun konining zaxirasi  mutaxassislar tomonidan 29 million tonnadan ortiq, deb baholangan. Ushbu konlardagi tabiiy boyliklarni o'z vaqtida sifatli qazib olish, ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish maqsadida bir qancha loyihalar amalga oshirilyapti. Xususan, avval xabar berganimizdek Sharg'un ko'mir konida Xitoyning China Railway Tunnel Group (CRTG) kompaniyasi bilan hamkorlikda modernizatsiyasi bo'yicha investitsion loyiha amalga oshirilmoqda. Bu borada dastlabki qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan. Ayni kunlarda Boysun konidagi toshko'mirni qazib olish bo'yicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Boysun toshko'mir koni tubdan modernizatsiya qilinadi. Ushbu maskanni to'liq quvvat bilan ishlashi uchun 2 ta loyiha ishlab chiqildi. Dastlabki loyiha qiymati 5 million AQSH dollarini tashkil etib, unga ko'ra konning janubiy qismida 300 metrlik yangi shaxta quriladi. Reja bo'yicha yiligi  50 ming tonna toshko'mir qazib olish ko'zda tutilmoqda. 


Shuningdek, qo'shimcha 200 ta yangi ish o'rinlari yaratiladi. Taxminlarga ko'ra, dastlabki bunyodkorlik ishlari natijasida yiliga 20 millard so'mlik ko'mir mahsuloti o'z egalariga yetkazib beriladi. Loyihaning birinchi bosqichi to'liq quvvatga chiqishi joriy yilning IV-choragida ko'zda tutilgan. 

Ikkinchi loyihada asosiy toshko'mir zaxiralari joylashgan “Markaziy”, “Sharqiy” uchastkalarining zaxiralarini o'zlashtirish boshlanadi. Yiliga 450 ming tonna toshko'mir qazib olish quvvatlari yaratiladi. Bu loyihaning qiymati 45 million AQSH dollariga teng. Uni amalga oshirish uchun xorijdan so'nggi rusumdagi, unumdorligi yuqori texnika va texnologiyalari olib kelish ko'zda tutilgan. Bu yerda toshko'mirni qazib olish ishlari to'liq avtomatlashtiriladi. Yangi shaxtalar bilan birga ma'muriy-maishiy binolar ham quriladi.


Mazkur bunyodkorlik ishlaridan so'ng boysunlik yoshlar, mutaxassislar uchun yana qo'shimcha 320 ta yangi ish o'rni yaratiladi. Boysun toshko'mir konining umumiy ishlab chiqarish quvvati 2020 yil oxiriga borib yiliga  500 ming tonnaga yetkaziladi. Qazib olinadigan toshko'mirning sifati yuqori bo'lgani sababli uni eksport qilish masalasi ham ko'rib chiqilmoqda. Amalga oshirilayotgan yangi loyihalar mamlakatimizning ko'mir  yoqilg'isiga bo'lgan ehtiyojini qondirib qolmasdan, eksport salohiyatini yuksaltirishga ham sharoit yaratadi.

Axborot xizmati

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko’rinish