“Temir yo‘l malikasi-2021” ko‘rik-tanlovi g‘olibi aniqlandi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati yetakchilar Kengashi tomonidan tizim tasarrufida faoliyat yuritib kelayotgan barcha xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni intellektual salohiyatini namoyon etish hamda ijtimoiy faolligini oshirish, kasbiy bilim va iqtidorlarini yuzaga chiqarish maqsadida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Temir yo‘l malikasi-2021” ko‘rik-tanlovining saralash va yakuniy bosqichlari ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. 

Mazkur ko‘rik-tanlovning saralash bosqichi tizim tasarrufidagi boshqarma, korxona, tashkilot va muassasalarda tashkil etilib, undan har tomonlama iqtidorli, zukko, pazanda, o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lgan 6 nafar qizlar saralab olinib, ularga yakuniy bosqichda ishtirok etishlari uchun yo‘llanmalar taqdim etildi. 
Mazkur ko‘rik-tanlov asosan, to‘rtta shartdan iborat bo‘lib, ular tanishtiruv, intellektual salohiyat, ya’ni savol-javob va amaliy mashg‘ulot, karving san’ati, erkin mavzularda bo‘lishi adolatli ta’minlandi. Qizlar bu shartlarning barchasida o‘z iqtidori va intellektual salohiyatini ko‘rsatish bilan bir qatorda karving san’ati hamda erkin mavzuda ham bor iste’dodini namoyon etdi. 

Ayniqsa, ishtirokchi qizlar intellektual salohiyat, ya’ni savol-javob va amaliy mashg‘ulot shartida 3 ta savolga aniq va to‘g‘ri javob berishga harakat qilishdi. Mazkur savollarning ikkitasi ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy va madaniy mavzularda bo‘lib, bittasi esa favqulodda holatlar sodir bo‘lganda birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalari bo‘yicha nazariy va amaliy jihatdan ko‘rsatib o‘tildi. Bu holatda har bir ishtirokchi qizlar hayoti davomida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalar ro‘y berganda birinchi tez tibbiy yordamga shayligini ko‘rsatib, hay’at a’zolarining eng yuqori 10 ball bilan baholashiga muyassar bo‘ldi.

Shuningdek, erkin mavzuda qizlar o‘zlarini she’riyatga oshno qalb egasi ekanligini namoyon etib, turli xil she’r hamda “Guli va Alisher” kabi monologini ifodali o‘qishi bilan birga milliy qo‘shiq va jozibali raqs ijro etib ishtirokchilar olqishiga sazovor bo‘ldi.

– Bu an’anaviy tashkil etib kelinayotgan “Temir yo‘l malikasi-2021” ko‘rik-tanlovi xotin-qizlar o‘rtasida ilm-ma’rifatni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, kasbiy bilim tafakkurini kengaytirish, ijtimoiy-huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarning debochasi, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati yetakchilar Kengashi raisi v.b. O.Sadriddinov. – Shu bilan birga bu xotin-qizlarni Ona Vatanga mehr-muhabbat, kelajakka ishonch, kasbiga bo‘lgan mehrini oshirish, yoshlar o‘rtasida do‘stlikni tarannum etish, ustozlarga ehtirom, ishga bo‘lgan burch va mas’uliyatini his ettirish, ularni muqaddas tariximiz, an’analarimiz, milliy urf-odatlarimizga hurmatini oshirish hamda o‘sib kelayotgan yoshlarning bo‘sh vaqtidan unumli foydalanish, ular orasida ijodiy tashabbuskorlik va sog‘lom raqobatni shakllantirishga yo‘naltirilganligi bilan ahamiyatlidir.

Tanlovning yakuniy bosqichda eng yuqori natijaga erishgan ishtirokchi qizlar o‘rtasida 1-, 2-, 3-o‘rin sohibalari saralab olinishi bilan bir qatorda “Temir yo‘l malikasi-2021” ko‘rik-tanlovi g‘olibasi ham bir ovozdan aniqlandi.

Hakamlar hay’ati a’zolarining adolat tarozisini teng pallada olib borganligi bois har bir ishtirokchini bilim tafakkuri, ijodiy qobiliyati, iste’dodi, jamoa ahilligi hamda sahna madaniyatiga to‘laqonli rioya etganligi natijasida birinchi o‘rinni “Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati Orolbo‘yi filiali operativ ishlar bo‘yicha dispetcheri Munisa Abdurahmonova qo‘lga kiritib, “Temir yo‘l malikasi-2021” ko‘rik-tanlovi g‘olibasiga aylandi. Ikkinchi o‘rinni “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi “Buxoro” lokomotiv deposi hisobchisi Ruxshona Nurmatovaga nasib etdi. Kuchli uchlikdan esa “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi Xovos signalizasiya va aloqa masofasi SSB elektromexanigi O‘g‘iloy Mamarizayeva joy egalladi.

Gʻoliblar “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Temir yo‘l malikasi-2021” ko‘rik-tanlovining I, II, III darajali diplomi va esdalik sovg‘alari bilan birga, 1-o‘rin sohibasi “Temir yo‘l malikasi-2021” yozuvli lenta, maxsus statuetka va ramziy toj bilan temir yo‘l rahbariyati tomonidan tantanali ravishda taqdirlanadi. Shuningdek, tanlov yakunida Toshkent temir yo‘l texnikumi o‘quvchisi Rayhon Saparbekova, “Quyuv mexanika zavodi” shoʻba korxonasi hisobchisi Iroda Irgasheva, Xovos birlashgan tarmoq shifoxonasi hamshirasi Kibriyobonu Mirkomilovalar ham turli nominasiyalar bo‘yicha rag‘batlantirildi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI