Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

09:41:22 (GMT +5), juma, 19 aprel 2024

“Sharg‘unko‘mir” AJ: Ko‘mir qazib olish hajmi ortmoqda

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Sharg‘unko‘mir‘ aksiyadorlik jamiyatining ishga tushirilganiga ham 62 yil bo‘ldi. Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida joylashgan mazkur koxonadan 40-50° issiqlik quvvatiga ega, temirni ham eritishga qodir bo‘lgan 5200 dan 8100 kkal/kg miqdori va sifati jihatida o‘ta yuqori bo‘lgan ko‘mir mahsuloti qazib olinmoqda. Bugungi kunda birgina Sharg‘un konining o‘zida ko‘mirning balans zaxirasi 33 million tonnani tashkil etmoqda.

O‘zbekison Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 yanvardagi 2727-sonli “Aholining iqtisodiy farovonligini oshirish to‘g‘risida”gi qarori hamda “Loyihalashtirish quvvati 900 ming tonnani tashkil etuvchi “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilishda investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq yaqin uch yillikda korxonada katta qurilish va ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Barcha sexlar qayta rekonstruksiya qilinib, yangilari barpo etildi. Shunga muvofiq, “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish bo‘yicha mazkur yirik investitsiya loyihasining buyurtmachisi sifatida Xitoyning “China Railway Tunnel Group Co., Ltd.” va “China Coal Technology & Engineering Group Corp.” kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi. Loyihaning umumiy qiymati 105,5 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Shu jumladan 89,8 mln. AQSh dollari esa bevosita XXR “Eksimbank” hisobidan olindi. 

Xususan, yiliga 900 ming tonna ko‘mir ishlab chiqarish uchun “China Railway Tunnel Group Co., Ltd.” kompaniyasi bilan shartnoma imzolandi. Ushbu shartnoma asosida keltirilayotgan o‘lchov vositalari, sinov uskunalarini sertifikatlashtirish va sinov ishlarini amalga oshirish uchun Toshkent shahridagi institutlardan saralab olingan 7 nafar mutaxassis Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida xizmat safarida bo‘lib, sertifikatlashtirish va sinov ishlarini amalga oshirib qaytishdi. 

– Ajratilayotgan mablag‘lar hisobiga yuqori ish unumdorligiga ega zamonaviy uskunalarni joriy etgan holda korxonaning texnik va texnologik bazasini qayta yangilash hamda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, shu bilan bir qatorda ko‘mir qazib olishni yiliga 160 ming tonnadan 900 ming tonnagacha oshirish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan, – deydi “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi Sh.Surxonov. – Buning natijasi o‘laroq, ayni damda qazib olinayotgan har 1000 tonna ko‘mirga to‘kish hajmi va belgilangan harajatlar ulushini kamaytirish hisobiga ko‘mir qazib olishni tannarxini sezilarli darajada pasaytirish hamda zamonaviy texnika va texnologiyalarni jalb qilish hisobiga ko‘mirning operasion yo‘qotishlarini oldini olishga harakat qilinayapti. Shu bilan birga korxonada 413 nafardan 1015 nafargacha qo‘shimcha ish o‘rlarni yaratish masalasi ham qayta ko‘rib chiqilib, tajribali ishchi-xodimlar ishga qabul qilinmoqda va aholini bandligi ta'minlanmoqda.  

Sharg‘un konining yuklash punktiga qadar idoraviy magistral yo‘li mavjud bo‘lib, korxonaning jonkuyar ishchi-xodimlari hamda temir yo‘l xodimlari ko‘magi bilan yurtimizning barcha hududlariga va qo‘shni davlatlarga eksport yuklarni sifatli yetkazib berishda jonbozlik ko‘rsatishmoqda. Yuqori texnologik kompleksining joylashgan mintaqasi tog‘li hududga to‘g‘ri keladi va uning balandligi 1200-1700 metrni tashkil etadi. Mazkur yirik loyiha doirasida bir yil davomida 200 ming tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati va Xitoyning “China Railway Tunnel Group Co., Ltd.” va “China Coal Technology & Engineering Group Corp.” kompaniyalari zimmasiga yuklangan eng muhim vazifalardan biri bu – amalga oshirayotgan investitsiya loyihasini o‘z vaqtida muvaffaqiyatli yakunlashdir. Mazkur investitsiya mablag‘lari korxona faoliyatini tubdan takomillashtirishga, barcha ishlab chiqarish sexlarini rekonstruksiya qilishga, moddiy texnik bazasini yangilashga hamda ishchi-xodimlarni qo‘l mehnatini yengillashtirish hamda qulay ish sharoitlari yaratishga xizmat qilmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish