Brifing: Temir yo‘l sohasida raqamlashtirish jarayoni

Bugun, 24.11.2021 yil, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida raqamlashtirish va ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etish hamda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ Logistikani rivojlantirish va raqamlashtirish Bosh boshqarmasi boshlig‘i v.b. Ibragimov Umidulla Nazrillayevich tegishli ma’lumotlar bilan ishtirok etdi.

Maʼruzada taʼkidlanganidek, bugungi kunda barcha sohalarda bo‘lgani kabi raqamli iqtisodiyotni ham faol rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur yo‘nalishda temir yo‘l transporti hamda uning rivojlanishi ham zamon bilan hamnafas bo‘lib, yo‘lovchi va yuk tashish hamda jamiyatning operatsion jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etmoqda.

Jumladan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida joriy yil 10 oy mobaynida xalqaro rivojlangan davlatlarning temir yo‘l kompaniyalarining tajribasi o‘rganilgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha doimiy ravishda qator ishlar olib borildi. Xususan, bugungi kunda Jamiyat faoliyatida joriy etilgan asosiy axborot tizimlari quyidagicha:

- Tashishlarni tezkor boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi (ASOUP);
- Tashish hujjatlarni qayta ishlash bo‘yicha yagona integratsiyalashgan tizimi (YEK IODV);
- Tezkor ishlarni nazorat qilish integratsiyalashgan tizimi (DISKOR);
- “Ekspress-3” joylarni elektron chiptalarni bron qilish va yo‘lovchilar tashishni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi.

Bulardan tashqari bir necha yordamchi axborot tizimlar mavjud: SCADA – elektrtaʼminot obyektlarini boshqarish tizimi, “Germes” – elektron hujjat almashinuvi tizimi, “ARM Kadri”, yaʼni personalni boshqarish axborot tizimi, qator avtomatlashtirilgan ish joylari  va boshqalar.

Magistral aloqa tarmog‘ini raqamlashtirish temir yo‘lning asosiy yo‘nalishlarda 60 foizgacha yetdi. Maʼlumotlar uzatish tezligini sekundiga 1,25 Gbitgacha oshirish uchun optik-tolali liniyalar asosida korporativ maʼlumotlar uzatish tarmog‘i yaratilgan.

Elektron chiptalarni xarid qilish axborot tizimining yangi versiyasi va mobil ilovalari 2019 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lsada o‘tgan davr mobaynida doimiy takomillashtirish ishlari olib borilmoqda. Yangi tizimning afzalligi shundaki, poyezdlarga elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tish, ishlatilmagan elektron chiptalarni onlayn tarzda qaytarish imkoniyati mavjudligi.
Hozirgi kunda elektron chiptalar ulushi 40% gacha yetdi. Buning sabablari – tizimning mijozlarga yaratilgan qulayliklar, chipta sotish jarayonining shaffofligi, byurokratik to‘siqlar bartaraf qilingaligi ҳамда elektron chiptalar qog‘oz shaklidagi chiptalardan 6 ming so‘mdan – 17 ming so‘mgacha arzonroqligidadir, xalqaro elektron to‘lov tizimlaridan foydalanish imkoniyati (Master Card, Visa, PayPal va boshqalar), xalqaro “strayp” tizimi bilan integratsiya qilinganligi va boshqa qulayliklardir.

Joriy yil sentyabr oyida yo‘lovchilar uchun yana bir qulaylik yaratildi, yaʼni ishlatilmagan elektron chipta tizimga onlayn tarzda qaytarilganida mijozlarga 100% mablag‘i plastik kartasiga qaytarilishi yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga bugungi kunda mutaxassislarimiz tomonidan, poyezdga hamrox bo‘lib chiqqan yo‘lovchilarning jinsi ko‘rsatiladigan moduli ishlab chiqish jarayonida.

Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining rasmiy veb-saytda quyidagi interaktiv xizmatlar mavjud:

- “Afrosiyob” onlayn reyslari. Bunda harakat jadvaliga muvofiqligi to‘g‘risida maʼlumot bilan tanishish mumkin;
- onlayn rejimda yo‘lovchi poyezdlarning harakat jadvali;
- vagon va konteynerlarni qidirish telegram-boti va h.k.

Xozirgi kunda “Yagona darcha” tamoyili asosida yuk egalariga yuk tashish xizmatlarini elektron tarzda taqdim etishga qaratilgan avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratilmoqda. 20 apreldan boshlab tizim foydalanishga topshirilgan bo‘lib, rasmiy veb saytning alohida sahifasida (https://e-nakl.railway.uz/) joylashtirilgan. Barcha temir yo‘l stansiyalarining boshliqlari, yuk g‘aznachisi va yuk qabul qiluvchi, reja tasdiqlaydigan bo‘lim xamda “O‘ztemiryo‘lhisob” UK mintaqaviy filiallarining mutaxassislari tizimga ulangan. Xozirgi kunda 2000 dan ortiq yirik korxonalar tizimdan foydalanmoqda. Tizim xukumat tarafidan tasdiqlangan tarmoq jadvalida o‘rnatilgan muddatlarda bajarilib kelmoqda.
 
Shu bilan birga jarayonlarni raqamlashtirish bo‘yicha quyidagi ishlar olib borilmoqda:
– Lokomotiv va maxsus avtomashinalarni harakatini GPS/GLONASS kabi sun’iy yo‘ldosh orqali monitoring axborot tizimi yaratildi. Mazkur tizim lokomotiv va avtomashinalarni ekspluatasiya qilish xarajatlarini kamaytirish, harakat xavfsizligini ta’minlash xamda temir yo‘lning operasion faoliyatining salohiyatini oshirishga qaratilgan. Shu bilan birga mavjud refrijerator seksiyalari axborot tizimiga ulanmoqda va ulardan tashiladigan yuklarni xarorat saqlash rejimi, sarflangan yoqilg‘i xamda vagonlar harakatlanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni markazdagi serverga uzatiladi. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda yetishtirilib va eksport qilinayotgan poliz mahsulotlarini yanada sifatli va o‘z vaqtida manzillariga yetkazishni ta’minlaydi;

– “Keles” xalqaro chegara punktidagi temir yo‘l stansiyasida vagonlar og‘irligini to‘xtatmasdan aniqlash sun’iy intellekt asosida jamiyatning dasturchilari tarafidan yaratilgan axborot tizimi o‘rnatilgan. Loyihaning asosiy maqsadi – poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash xamda xaddan tashqari yuk ortilishini oldini olish. Bir yil davomida O‘zbekiston Respublikasi xududiga 300,0 mingga yaqin import va tranzit yuk vagonlari kiradi. 2021 yilning o‘zida yuk hujjatida ko‘rsatilmagan ortiqcha ortilgan yuklar mavjudligi bir necha martta aniqlangan. Ushbu axborot tizimi Davlat bojxona qumitasi bilan birgalikda boshqa chegara bekatlariga o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib amalga oshirilmoqda;

– Yo‘lovchi poyezdlarda yo‘lovichlarga qo‘shimcha multimedia xizmatlar ko‘rsatish uchun maxsus Intranet portal yaratildi va 4-ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdlariga o‘rnatilmoqda. Mazkur portal qo‘shni davlatlarda va internet mavjud bo‘lmagan xududlarda yo‘lovchilarga musiqa, film, kliplar tinglash va ko‘rish, elektron kitoblar o‘qish, yangiliklardan xabardor bo‘lish, respublikaning turizm salohiyati bilan tanishish xamda poyezddagi vagon-restoranidan taomlarni tanlab va buyurtma berish kabi xizmat ko‘rsatishga imkoniyat yaratadi;
– Vokzallar va chiptaxonalarda bepul Wi-Fi hududlar tashkil qilindi;

– Vagon va konteyner raqamlarini aqlli videokuzatuv orqali aniqlashga mo‘ljallangan jamiyatning dasturchilari tarafidan yaratilgan intellektual axborot tizimi joriy qilindi. Ushbu loyiha yuk vagonlar temir yo‘l shaxobchalarida me’yoridan ortiq turib qolishini hisob-kitob qilinishini avtomatlashtirishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilning 5 oktyabrdagi PF-6079-son Farmoniga asosan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida 2020-2024 yillarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatini raqamli transformasiya qilishga qaratilgan 14 ta loyiha belgilangan. Bugungi kunda 14 ta loyixadan 8 tasi to‘liq bajarilgan bo‘lib, 6 tasi esa amalga oshirilish bosqichida.
Raqamlashtirish sohasidagi asosiy istiqbolli vazifalar xususida ham to‘xtalib o‘tsak. Ular quyidagicha:
– 2022 yil may oyiga qadar temir yo‘l poyezdlari lokomotivlari harakatini nazorat qilish va mashinistni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar haqida o‘z vaqtida xabardor qilish uchun sun’iy intellekt tizimini tajriba rejimida joriy etish;
– 2022 yilning dekabriga qadar poyezdlar harakatini monitoring qilishning onlayn tizimini yaratish;
– 2022 yil dekabrga qadar “Yagona darcha” tamoyili asosida yuklarni tashish bo‘yicha xizmatlarning axborot tizimining bosqichma-bosqich qo‘shimcha modullarini yaratish;
– Mavjud elektron chiptalarini sotish avtomatlashtirilgan tizimini yanada takomillashtirish;
– Data-markazni takomillashtirish yoki lizing asosida meynfreymlarni sotib olish masalasini xal qilish;
– Optik tolali aloqa liniyalarini qurish loyihalarini davom ettirish;
– Axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha jamiyat mutaxassislarining malakasini oshirish;
– 2022 yil oxiriga qadar 3 ta yangi loyihani amalga oshirish ya’ni:
•  sun’iy intellektdan foydalanilgan xolda me’yordan ortiq ortilgan yuk vagonlar aniqlash axborot tizimini barcha stansiyalarga joriy qilish;
•   “Avianavigasiya” tizimining analogiyasida [Reylvey navigeyshn] (“Railway Navigation”) yo‘lovchi poyezdlar harakatlanishi fuqarolar tomonidan onlayn kuzatish imkonini beruvchi axborot tizimini yaratish;
•  elektron chiptalar sotish axborot tizimining shahar atrofi poyezdlariga onlayn chipta sotish modulini yaratish.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI