Temir yo‘l korxonalarida hafta davomida amalga oshirilgan ishlar haqida

Kitoblar yarmarkasi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan to‘rtinchi yo‘nalishi doirasida Toshkent temir yo‘l texnikumi pedagog xodimlari va o‘quvchi-yoshlari ishtirokida texnikum kutubxonasida “Kitoblar yarmarkasi” tashkil etildi. Unda texnikum direktori, pedagoglar, ishchi-xodimlar, o‘quvchi-yoshlar o‘zlari yoqtirgan yozuvchi va shoirlarning kitoblarini xarid qilishdi.

“Yoshlar bog‘i” yashil makonga aylanadi

“Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi boshlig‘i I.Farmonovning topshirig‘iga binoan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barcha korxonalarda yoshlar tomonidan “Yoshlar bog‘i” tashkil etilgan edi. Endilikda shu bog‘ uchun yoshlar tashabbusi bilan plakatlar o‘rnatilmoqda. Shunday plakatlardan biri Toshkent temir yo‘l masofasining 3405-kilometr to‘xtash punktida o‘rnatildi. U yerda daraxtlarni sug‘orish tizimi ham tashkil qilinib, yoshlar daraxtlarni nazorat qilishni ham o‘z zimmalariga olishdi.

Uzel rahbari yangi ishga qabul qilingan yoshlar bilan uchrashdi

“Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi boshlig‘i F.Giyazov “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi taʼlim muassasalarini tamomlab, ishga kirish uchun maxsus yo‘llanmalarni qo‘lga kiritgan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda uzel rahbari yosh mutaxassislarga ishga joylashganda “ustoz-shogird” anʼanasiga asosan ishga o‘rgatilishi, temir yo‘l xavfli ishlab chiqarish hududligi va shu bois ish boshlaganda avvalo, harakat xavfsizligi, mehnat muhofazasi hamda ichki mehnat tartib qoidalari bilan tanishib, ularga qatʼiy rioya etilishi zarurligini taʼkidlab o‘tdi.

“Qarshi” lokomotiv deposidagi sharoitlar o‘rganildi

“Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi rahbariyati tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilov tomonidan berilgan topshiriqlarning ijrosini hamda harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida “Qarshi” lokomotiv deposida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Ushbu ko‘rik davomida korxonada taʼmirlash sexlari, xo‘jalik, ish jarayonlari, shuningdek, xodimlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar o‘rganildi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan uzel boshlig‘i tomonidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Harakat xavfsizligini taʼminlash dolzarb masala

“Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi boshlig‘i F.Giyazov va tegishli mutaxassislar “Sherobod” stansiyasining 1-sonli temir yo‘l izida bajarilayotgan ishlarning texnologik jarayonlarga muvofiqligini ko‘rikdan o‘tkazishdi va texnik meʼyoriy hujjatlarni yuritilishini ko‘zdan kechirishdi. Ko‘rik davomida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli katta yo‘l ustalari va yo‘l ustalariga ko‘rsatmalar berildi.

Eng faol yosh mutaxassislar saralanmoqda

“Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasida elektr taʼminoti yo‘nalishida “Eng faol yosh mutaxassis” tanlovining saralash bosqichi o‘tkazildi. Ushbu tanlov temir yo‘l tizimining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan elektr taʼminoti masofasi sohasida faoliyat yuritayotgan zamonaviy bilimli, intellektual salohiyatli mutaxassislarni rag‘batlantirish, sohada istiqbolli yoshlarni ko‘paytirish hamda yosh rahbar kadrlar tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish maqsadida tashkil etildi. Qiziqarli va keskin kurashlarga boy o‘tgan tanlovda 1- va 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan temiryo‘lchilar Respublika bosqichiga yo‘llanma olishdi.

B.Arslonovga “veteran” jangchi-faxriy ko‘krak nishoni berildi

“Qarshi” lokomotiv deposiga “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasining Qashqadaryo viloyati birlashmasi raisi o‘rinbosari E.Jo‘rayev va Qarshi shahar “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi raisi Q.Rahmonqulovlar tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad “Qarshi” lokomotiv deposi bosh muhandisi B.Arslonov bilan uchrashish bo‘ldi. Uchrashuv vaqtida B.Arslonov yoshlik vaqtlarida mardonavor “Veteran” faxriy jangchi bo‘lib xizmat qilganligi, so‘ngra tinim bilmay mehnat qilib, korxona va tashkilotlar rivojiga hissa qo‘shib kelayotganligini taʼkidlab o‘tdi. Ushbu mazmunli va foydali umr uchun B.Arslonovga “Veteran” jangchi-faxriy ko‘krak nishoni berildi.

62 nafar temiryo‘lchi xonadoniga tashrif buyurishdi

“Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi Hududiy kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan 9 may – Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Hududiy kasaba uyushma qo‘mitasi tasarrufidagi korxona, tashkilot va muassasalarda ko‘p yil halol mehnat qilib, maʼlum bir sabablarga ko‘ra nafaqaga chiqmasdan turib vafot etgan 62 nafar ishchi-xodimlarning uylariga tashrif buyurib, oilalari xolidan xabar olindi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ
Axborot-taxliliy markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI