Temir yo'l korxonalarida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan faol foydalanish boshlandi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati  elektr energiya samaradorligini oshirish maqsadida, hamda energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish,  mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarining energiya sarfini kamaytirish borasida ishlarni kompleks tashkil etish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘z faoliyatiga joriy etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020 yil 10 iyuldagi “Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilg‘i-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq 2022 yildan boshlab “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va tasarrufidagi korxonalarda, shahar, viloyat va tumanlarning chekka-chekka hududlardagi tarmoq maskanlarida ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish maqsadida quyosh panellarini o‘rnatib, elektr energiyasini olish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xususan, o‘tgan yilning o‘zida “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatiga 16 kVt, “Eyvalekmaxsustemirbeton” unitar korxonasiga 20 kVt, Miskin elektr ta’minoti masofasiga 7,5 kVt, “Quyuv-mexanika zavodi” shoʻba korxonasiga 2 kVt, Toshkent temir yo‘l texnikumiga 11 kVt, “Andijon mexanika zavodi” shoʻba korxonasiga 2 kVt hamda Samarqand temir yo‘l texnikumiga 5 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatildi.

Shuningdek, quyosh suv isitish moslamalaridan issiq suv olish maqsadida “O‘zbekiston” lokomotiv deposiga 3ta, “Termiz” lokomotiv deposiga 1 ta, Qarshi elektr ta’minoti masofasiga 1 ta,  “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” unitar  korxonasiga 4 ta, “Temiryo‘lyonilg‘i- ta’min” boshqarmasining yoqilg‘i  quyish va saqlash bo‘limlariga 7 ta, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyatiga 8 ta, Toshkent temir yo‘l texnikumiga 5 ta hamda Samarqand temir yo‘l texnikumiga 3 ta quyosh suv isitish moslamalari o‘rnatildi.

2023 yil rejasiga muvofiq qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish yuzasidan 2022 yil 16 oktyabrda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Ishlarni boshqarish direksiyasi tomonidan markaziy apparat ma’muriy binolariga quyosh panellarini o‘rnatish maqsadida elektron kooperasiya portali orqali 620 kVt quvvat uchun “Sun Hightech” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma tuzilgan edi. Unga ko‘ra hozirgi kungacha markaziy apparatning ma’muriy binolariga 620 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilib, ishga tushirildi.

Ayni paytda markaziy apparat binolarining tom qismida jami 13 dona invertor bo‘lib, ularning quvvatlari har xil – 10 kVt, 30 kVt, 40 kVt, 50 kVt va 60 kVtdan iborat. Ushbu quyosh panellaridan o‘tgan yili 150 ming kVt elektr energiyasi olingan bo‘lib, bu yil may oyida 78 ming kVt elektr energiyasi olindi.
 
O‘rnatilgan quyosh panellari orqali qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarilishi hisobiga elektr energiya xarajatlarining 30 foizga qisqarishi kutilmoqda.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI