Maqsadi aniq, rejalari katta bo‘lgan yosh mutaxassis

Dono xalqimizda “bo‘ladigan bola boshidan ma’lum” degan naql ayni haqiqat. Negaki, bolani har qancha o‘qishga chorlamang yoki uni kasbhunarga o‘rgatmang o‘zida zarracha qiziqish bo‘lmasa, umr bo‘yi qilingan sa’y-harakatlarning barchasi befoyda. Ammo otaona farzandining iste’dodi hamda intilishi va qiziqishiga qarab, kasb-hunarga yo‘naltirar ekan albatta, kelajakda o‘zi ekkan daraxt mevasini tatishga musharraf bo‘ladi.

Bugungi qahramonimiz Zafar Anvarov ham bolalikdan ota kasbiga havas bilan ulg‘aydi. Otasi Abror Islomov butun umrini temir yo‘lga bag‘ishlagan insonlardan. O‘g‘lining ham o‘zi kabi temiryo‘lchi bo‘lishini dildan istagani bois tizimga qarashli korxona va zavodlarga tez-tez olib borar, sohaga oid barcha savollariga erinmasdan javob berardi. Chunki Zafarni bolaligidayoq temiryo‘lchilik kasbi zalvorini anglashga va kelajakda qoqilmasdan barcha yuzaga kelgan muammolarni mustaqil ravishda bartaraf etishga o‘rgatardi. Zafar ham otasining nasihatlariga quloq tutib kam bo‘lmadi. Yosh bo‘lishiga qaramay yaxshi yutuqlarni qo‘lga kiritdi.

U Toshkent shahridagi 244-sonli umumta’lim maktabini a’lo baholarga tamomlab, ilgarigi Toshkent temir yo‘l kasb-hunar kollejining Temir yo‘l transporti vositalaridan foydalanish va ta’mirlash bo‘limiga o‘z iqtidori bilan o‘qishga kirdi. Sohaga oid ta’lim olishi bilan birga kompyuter texnologiyalari va dasturlash tizimini ham katta qiziqish bilan o‘rgandi. Ushbu ta’lim muassasasini muvaffaqiyatli yakunlab, “O‘ztemiryo‘lmashta`mir” unitar korxonasida oddiygina chilangar vazifasiga ishga qabul qilindi. Kasbiga bo‘lgan mehri, tirishqoqligi va bilimga chanqoqligi qisqa fursat ichida namoyon bo‘ldi. Shu boisdan Zafar 2013 yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomondan grand asosida Rossiya Federasiyasining Moskva po‘lat va qorishmalar institutining Milliy texnologik tadqiqotlar universitetiga o‘qishga yuborildi. Bilimga chanqoq yigit Moskvadagi oliygohda o‘qib yurgan kezlarida ham bo‘sh vaqtidan unumli foydalangan holda Polsha, Chexiya, Shveysariya va Germaniya kabi rivojlangan davlatlarda temir yo‘l tizimi bo‘yicha malaka oshirib, bilim va tajribasini yanada boyitdi. Shu bilan birga u yerda ham qator muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi.

Bu orada Zafar O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi bo‘lgan hozirgi kunda esa “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari Akmal Kamalov bilan tanishadi va uning ko‘magi bilan Moskva shahrida “Millatlar kuni” deb nomlangan tantanali tadbirni o‘tkazishga muvafaq bo‘ldi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay yangi kelgan O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Bahrom Ashravxanov hozirda O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchisi yordami bilan “Metallurglar bahori”, “Millatlar kuni” kabi qator tadbirlarni va Navro‘z bayramini ham sermazmun tarzda milliy urf-odatlarimizni tarannum etgan holda o‘tkazishga erishdi.

Zafarning o‘z ustida muntazam ishlashi, odobi va namunali xulqi bois O‘zbekistondan kelgan barcha talabalarga yetakchi qilib tayinlashdi. Oradan 4 yil o‘tib, ya’ni 2017 yilda Moskva po‘lat va qorishmalar institutining Milliy texnologik tadqiqotlar universitetini muvaffaqiyatli tamomlab, yana “O‘ztemiryo‘lmashta`mir” unitar korxonasiga muhandis-texnolog lavozimida yetuk kadr sifatida ish boshladi va shu bilan birga Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashidagi xalqaro aloqalar bo‘limida ham ko‘ngillilar safida faoliyat yuritdi. Buning natijasida Zafar o‘z tengdoshlari bilan birinchi bo‘lib “Volontyorlar” guruhini tashkil etishga muvafaq bo‘ldi. Ya’ni 4 mingga yaqin yoshlardan iborat volontyorlar jamoasini to‘plashga erishdi.

Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, ya’ni 2018 yilda uni “Quyuv-mexanika zavodi” shoʻba korxonasiga muhandis-texnolog vazifasiga o‘tkazishdi. Zavodda ham o‘z kasbining mohir ustasi ekanini ko‘rsata bildi. Mehnatkashligi va tanlagan kasbiga sadoqati bilan rahbariyat e’tiborini qozona oldi. Ikki yildan so‘ng esa “O‘zbekiston” lokomotiv deposining “Afrosiyob” sexiga sex ustasi bo‘lib ishga o‘tkazildi. 

Zafar Anvarov 2021 yildan buyon esa “O‘zbekiston” lokomotiv deposida bosh muhandis o‘rinbosari lavozimida mehnat qilib kelmoqda.

– Shu kunga qadar erishgan yutuqlarim bo‘lsa, barchasi menga katta ishonch, kuch, g‘ayrat va shijoat hamda yangilikka intilib yashash ruhini beradi, – deydi Zafar Anvarov. – Rahbariyatning biz yoshlarga bildirayotgan ishonchini to‘laqonli oqlashga va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatini rivojlantirish yo‘lida munosib hissamizni qo‘shishga harakat qilmoqdamiz. Yana shuni aytishim joizki, bugungi kunda chilangarlarga to‘la-to‘kis shart-sharoit yaratish va ularning qo‘l mehnatini yangi texnologiyalar asosida yengillashtirish oliy maqsadimga aylangan. Buning isboti o‘laroq, “O‘zbekiston” lokomotiv deposi boshlig‘i Farhod Mahamatovning bizga bildirgan ishonchi hamda yordami bilan Axborot texnologiyalari bo‘limining ochilishiga muvafaq bo‘ldik va yangi g‘oyalar ustida ish boshladik. Shuningdek, boshlig‘imizning maslahat va yo‘l-yo‘riqlari orqasidan yangi g‘oya va katta loyihalar ustida ish boshladik. Natijada mazkur loyiha nomini “Smart depo” deb nomladik. Loyihaning asl maqsadi shundan iboratki, barcha syex va bo‘limlarni bir tizimga bog‘lashdan tortib, ishchilarga qulay mehnat sharoitini yaratish, ish samaradorligini oshirishga qaratilgan. Vaholanki, bu loyihada o‘nga yaqin dastur va raqamli texnologiyalar o‘rin olganligi bilan ahamiyatlidir. Men bu loyihani joriy etilishi borasida faqat bir o‘zim emas, balki butun jamoa bilan harakat qilmokdamiz va bu borada har bir xodimning o‘ziga yarasha xizmati bor, desam yanada to‘g‘ri bo‘ladi. Qarangki, mazkur loyiha yosh mutaxassislar o‘rtasida o‘tkazilgan “Innovasion g‘oyalar-2021” tanlovining “Axborot-kommunikasiya texnologiyalari” yo‘nalishida g‘olib deb topilgani va barcha lokomotiv depolarda joriy etilishiga tavsiya etilgani esa butun vujudimni faxr va iftixorga to‘ldirdi. Bu loyihaga “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilov, Jamiyatning bosh menejer-bosh muhandisi v.b. Z.Mahamatov, boshqaruv raisining o‘rinbosari v.b. U.Tursunkulov, Lokomotivlardan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i B.Baymanov hamda depo boshlig‘i F.Mahamatovlarning ko‘magi, moddiy va ma’naviy yordami tufayli amalga oshirishga erishdik. Fursatdan foydalanib, mazkur loyihani amalga oshirishga ko‘makdosh bo‘lgan barcha insonlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Lekin menga shu kunga qadar maslahatini ayamay, to‘g‘ri yo‘lga boshlab kelayotgan otamga ham boshim yerga tekkuncha ta’zimdaman. Otam menga bolalik chog‘larimdanoq, inson oldiga qo‘yiladigan maqsadini avvalo, to‘g‘ri tanlashi va davlat manfaatini o‘z manfaatlaridan-da, ustun qo‘yishni o‘rgatdi. Men tanlovda g‘olib bo‘lganimdan keyingina otamning bu maslahatlari naqadar to‘g‘ri ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Otam bilan uyda ham, ko‘chada ham temir yo‘l tizimi haqida ko‘p bora suhbatlashaman. Temir yo‘lga bo‘lgan mehrim ham otamdan o‘tgan va men bu yo‘ldan to‘xtamayman, balki faqat olg‘a qadam bosgan holda yangiliklar yaratishga hamda sohani bundan-da, rivojlantirishda o‘z hissamni qo‘shishda davom etaveraman.

Darhaqiqat, Zafar Anvarov kabi maqsadi aniq, rejalari esa bisyor bo‘lgan yosh mutaxassislarning ko‘payishi nafaqat sohani rivojlantirishda, balki mustaqil yurtimizning taraqqiyot sari odimlashiga hamda mamlakatimizda ham qisqa fursatda innovasiya va raqamli texnologiyalarning joriy etilishiga, shuningdek, qo‘l mehnatining tobora yengillashishiga olib keladi.

Axborot-tahliliy media markazi