Jobir Boboqulov – uchinchi renessans davrining yaratuvchan yoshlaridan

Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kelajakda komil inson bo‘lib voyaga yetishida ko‘mak berish eng dolzarb masalaga aylangan.

Davlatimiz rahbari ham yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish masalasiga bejiz qayta-qayta to‘xtalayotgani yo‘q. Bugun yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularni biznes bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish, ayniqsa, zamon talabiga mos sohalarda ta’lim olib, yetuk kadr bo‘lib yetishishlari jamiyatimizning asosiy vazifasiga aylangan.

Bugungi kunda shiddat bilan rivojlanib borayotgan axborot texnologiyasi, global tarmoq hamda raqamlashtirish jarayonidagi IT dasturlash tizimiga bo‘lgan talab keskin ortib bormoqda.

Bu borda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida ham mana shunday iqtidorli, yuksak ma’naviyatli, bilimli, innovasion g‘oyalar yaratuvchi, kompyuter savodxonligi va IT dasturlash tizimini yaxshi o‘zlashtirgan yoshlar soni talaygina.
Ulardan biri Jobir Boboqulov bo‘lib, u va yosh temiryo‘lchilar jamoasi tomonidan tayyorlangan turli xildagi innovasion g‘oyalar takomillashtirilgan holda tizimga joriy etilib kelinmoqda.

Jobir Boboqulov tengqurlariga qaraganda erkin fikrli, izlanuvchan, o‘z ustida doimo ishlaydigan, kitobsevar, raqamlashtirish jarayonida IT dasturlash tizimini puxta o‘zlashtirgan iqtidorli yoshlardan biri. U 1996 yilning 16 aprel sanasida Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida tavallud topgan. Jobir ota-onasiga munosib farzand bo‘lib kamolotga yetishish yo‘lida o‘qib-izlandi.
Dono xalqimizning “bo‘ladigan bola boshidan ma’lum” degan hikmati bejiz aytilmagan ekan. Chunki Jobir ham bolaligidan tez anglash qobiliyatiga ega bo‘lgan bolalardan edi. U biror-bir matn yoki she’rni yod olish kerak bo‘lsa, qisqa fursat ichida hech qiynalmay o‘rganib olardi.
Ustozlariga “bir savol berib, o‘n javob kutadigan” talabchan Jobir Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi 20-sonli o‘rta umumta’lim maktabida o‘qib, bilim oldi. Maktabda o‘qib yurgan kezlarida matematika, fizika kabi tabiiy fanlarni, shu jumladan, xorij tillarini ham kuchli qiziqish bilan puxta o‘zlashtirdi. Shuningdek, tumanlararo va respublikada o‘tkazilgan olimpiadalarda ham faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. 2009 yildan boshlab 3-sonli Qorako‘l akademik liseyida ta’lim ola boshladi. Liseyda ta’lim olish jarayonida ustozlari Mavlon Shukurovdan dasturlash tizimini hamda Obid Shukurovdan esa matematika fanining sir-asrorlarini “ipidan-ignasi”gacha o‘rganishga harakat qildi.
Liseyni a’lo baholarga tamomlab, ilgarigi Toshkent temir yo‘l muhandislari institutiga o‘zining iqtidori, bilimi bilan davlat granti asosida o‘qishga kirdi. Temiryo‘lchi bo‘lish orzusi katta maqsadiga aylangan Jobir Boboqulov institutda ham soha sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirishga va Jamiyat uchun kerakli mutaxassis bo‘lib yetishishga intildi.

2018 yilda institutni muvaffaqiyatli yakunlab, “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasida yo‘llanma asosida ilk ish faoliyatini Axborot hisoblash bo‘limida muhandis lavozimidan boshladi. Ayni damda u uzelga qarashli Axborot xavfsizligini ta’minlash va rivojlantirish bo‘limida axborot xavfsizligi bo‘yicha yetakchi muhandis lavozimida samarali mehnat qilib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6079-sonli farmoni yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida barcha xodimlar bo‘limi faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, elektron platformasini ishga tushirish hamda elektron hujjat almashinuvini tartibga solish maqsadida “Exodim platformasi”ni takomillashtirilgan holda ishga tushirish topshirig‘i berilgandi. Mazkur dasturni takomillashtirish masalasi Jobir Boboqulovga topshirildi. Jobir ham ishonchni oqlagan holda ushbu dastur ustida kecha-yu, kunduz o‘z jamoasi bilan ishlashga kirishdi va qisqa fursat ichida uni butun respublika bo‘ylab temir yo‘l tizimidagi korxona va tashkilotlarga ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldi.

– Shu kunga qadar temir yo‘l sohasida nafaqat raqamlashtirish jarayonidagi o‘zgarishlar, shu jumladan, innovasion g‘oyalar, yangiliklar yaratilishida va uni joriy etilishida jamoamiz bilan birgalikda munosib hissa qo‘shib kelmoqdamiz, – deydi Jobir Boboqulov. – Birgina, “Exodim platformasi” esa “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati miqyosida yagona interaktiv tizim hisoblanib, tizimdagi barcha ishchi-xodimlarning ma’lumotlar bazasi saqlanib kelinadi. Bundan tashqari doimiy ravishda xodimlar uchun ajratilgan ish o‘rinlari, shtatdan tashqari ishchilar ro‘yxati uzluksiz yangilanib boradi. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur “E-xodim platformasi”da har bir ishchi-xodimning umumiy mehnat faoliyati doimiy ravishda tizimli tarzda yuritiladi.

Bugungi kunda IT dasturlash tizimini puxta o‘zlashtirgan buxorolik yoshlar jamoasi tomonidan mazkur “E-xodim platformasi”ni yanada takomillashtirish ustida qator ijobiy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yagona milliy mehnat tizimi dasturiga integrasiya qilish jarayonini takomillashtirgan holda bog‘lash hamda 1C dasturini ham unga moslashtirish ustida samarali ishlar olib borilmoqda.

Undan tashqari mazkur jamoa mutaxassislari tomonidan temir yo‘lda rels haroratini onlayn kuzatib turish hamda xodimlar bo‘limida ishchi-xodimlarning tibbiy ko‘rik, ta’til va mehnat xafsizligi bo‘yicha joriy imtihon tizimlarini raqamlashtirish jarayoni ham samarali ishga tushirildi.
– Eng katta boylik, bebaho hazina bu – insonning yuksak ma’naviy bilimi va yetuk tafakkuri mahsuli deb bilaman, – deydi suhbatimiz davomida Jobir Boboqulov. – Uchinchi Renessans davrini yaratishga kirishgan ekanmiz, 1- va 2-renessans davridagi buyuk ajdodlarimizning merosini saqlagan holda bilim olishni davom ettirmog‘imiz joizdir. Yaqin 2-3 yil ichidagi islohotlar natijasida IT dasturlash tizimiga bo‘lgan talab ham, taklif ham yuqori darajaga ko‘tarildi. Shu sohada kerakli kadrlarga bo‘lgan talab ham kuchaydi. Hozirgi kunda bo‘sh ish o‘rinlarini qidirish uchun ko‘chalarda e’lon axtarib, vaqtini behudaga sarflashga sira ham hojat yo‘q. Buning uchun maxsus tashkil qilingan saytlar orqali qisqa fursat ichida ish topish mumkin bo‘lmoqda. Shuningdek, mazkur saytda IT dasturlash tizimi sohasida mehnat qilmoqchi bo‘lgan kadrlar uchun talaygina ish o‘rinlari ham mavjud.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, “Zamon senga boqmasa ham, sen zamonga boq” zaylida unib-o‘sib kelayotgan qiziquvchan yoshlarni bu sohaga jalb qilish orqali, biz ham kuchli rivojlangan davlatlar qatoridan joy olib, raqamlashtirish jarayonida elektron tizimga o‘tgan holda barcha ishlarni masofadan turib, oson va qulay, qisqa fursatda amalga oshirishga erishamiz, degan umiddamiz.

Fursatdan foydalanib, Jobir Boboqulov va uning jamoadoshlarini bundan keyingi ishlariga omad va zafarlar tilab qolamiz! Iqtidorli yoshlarimiz safi yanada kengayaversin!

Feruza XUDOYQULOVA,

(Temiryo‘lchi gazetasining muxbiri )